"Islomiy Davlat" endi qo‘shni "Afg‘onistonga kirmoqchi"

Image copyright BBC World Service

Shu kunlarda buning ilk yaqqol dalili paydo bo‘lgan:

Afg‘onistonning eng beqaror janubiy Helmand viloyatida sobiq Tolibon qo‘mondoni o‘zining "Islomiy Davlat"ga sodiqligini e‘lon qilgan.

Mulla Abdul Rauf o‘z jangarilari bilan allaqachon "Islomiy Davlat" bayrog‘i ostida Tolibonga qarshi jang ham olib borgan.

Bu haqda viloyatning Sangin tumani oqsoqoli Sayiduddin Sanginvol BBCga aytib bergan.

Oqsoqolning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, ikki guruh orasida kechgan jangda kamida 20 nafar jangari o‘lib, yaralangan.

Afg‘oniston janubida yangi guruh paydo bo‘lganini mamlakat harbiylari ham tasdiqlashgan.

Jumladan, general Mahmudning aytishicha, o‘tgan bir necha kun ichida bunga oid xabarlarni o‘zlari ham olishgan.

Unga ko‘ra, yangi guruh "Islomiy Davlat"ga yangi jangarilar yollash harakatida va "jangga hozirlik ko‘rmoqda".

Ayon bo‘lishicha, Mulla Abdul Rauf 2001 yilda Afg‘onistonda boshlangan harbiy amaliyotlar chog‘ida AQSh kuchlari tomonidan hibsga olingan.

Buning ortidan, umrining olti yilini Amerikaning Kubadagi "Guantanamo" harbiy bazasida tutqunlikda o‘tkazgan.

Xabarlarga ko‘ra, Mulla Abdul Rauf Afg‘oniston Tolibon harakati rahbari Mulla Muhammad Umar bilan urishib qolgan.

Uning Nimro‘z viloyati hokimi Amir Muhammadning uzoq qarindoshi ekani ham aytiladi.

Guantanamoga olib ketilmasidan avval esa, bitta oyog‘ini yo‘qotgan bo‘lgan.

"Hammasi o‘sha-o‘sha"

Hokim janoblarining aytishicha, "Islomiy Davlat" guruhi bundan avval janubiy-g‘arbiy Faroh viloyatidan ham o‘ziga tarafdorlar orttirishga urinib ko‘rgan.

Ammo bunga muvaffaq bo‘lmagan: mahalliy aholi politsiyaning ko‘magi bilan ularni viloyatdan quvib chiqargan.

"Bu odamlar vaqtida "al-Qoida", keyin Tolibon va endi esa, "Islomiy Davlat" nomi ostida jang qilishmoqda. O‘sha-o‘sha maqsaddagi o‘sha-o‘sha kishilar", - deydi hokim.

Image copyright BBC World Service

Xuddi shu manzarada Tolibon harakatining ichdan zil ketayotganining boshqa nishonalari ham paydo bo‘lgan.

Harakatning sobiq voizi yangi videomurojaat bilan chiqqan:

Hududda "Islomiy Davlat"ning bir qancha qo‘mondonlari faoliyat olib borishayotganini aytgan.

Pokiston Tolibon harakati hozirda guruh bilan ittifoqchilikka kirishganini iddao qilgan.

Sobiq voiz da‘volarini mustaqil manbalardan tasdiqlashning imkoni yo‘q.

Ammo u aks etgan videolavhada butun Afg‘oniston bo‘ylab o‘zlarining "Islomiy Davlat"ga sodiqliklarini bayon qilgan bir qancha qo‘mondonlarni ko‘rish mumkin bo‘lgan.

Image copyright BBC World Service

Unda yangragan iddaolardan ayon bo‘lishicha, bu qo‘mondonlar Mulla Muhammad Umardan voz kechib, "Islomiy Davlat" guruhi rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiyga bay‘at keltirishgan.

Bu esa, uzoq yillar badalida ilk bor Tolibon harakati rahbariyatining qudratiga jiddiy tahdid solishi mumkin bo‘lgan voqe‘likdir.

Afg‘oniston Tolibon harakati rahbari Mulla Muhammad Umar esa, 2001 yildan buyon o‘zining qorasini ko‘rsatmay keladi.

Ammo, lekin, biroq...

Ammo xalqaro ittifoq qo‘shinlari Afg‘onistonda o‘z jangovar amaliyotlarini yakunlashganiga qaramay, uning jangarilari hamon butun Afg‘oniston bo‘ylab o‘z hujumlarini davom ettirishmoqda.

Katta sonda talofatlarga uchrayotganiga qaramay, hozircha, Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari nazoratni qo‘ldan boy berib qo‘yishganicha yo‘q.

O‘tgan yilgi ommaviy safarbarlik ortidan, katta sondagi xorijiy qo‘shinlar janubiy Helmand viloyatini ham tark etib bo‘lishgan.

Afg‘onistonlik harbiylarning aytishlaricha, qish quruq va iliq kelgani bois, bu yilgi jang mavsumi uzoqqa cho‘zilgan.

Ularga ko‘ra, agar, "Islomiy Davlat" Afg‘onistonga sizib kirishga muvaffaq bo‘lsa, kechayotgan urushlarning tabiati ham o‘zgaradi.

"Xuroson" ham jim o‘tirgani yo‘q

Image copyright BBC World Service

Ayrim xabarlarga ko‘ra, Yaqin Sharqda jang olib borayotgan bu guruh ham Afg‘onistonning Vardak viloyatidan yangi jangarilar yollash harakatida.

Qadimda Afg‘onistonning o‘zi ham Xuroson, deb yuritilgan.

Ba‘zi bir musulmonlar esa, Qiyomat qo‘pishidan oldin Xuroson o‘zra qora bayroqlar hilpiraydi, degan aqidaga ham ishonishadi.

"Xuroson" guruhi haqida ilk bor o‘tgan yil sentyabr oyida xabarlar o‘rtaga chiqqandi.

AQSh harbiylari guruhning Halab shahri yaqinidagi bazasini havodan hujumga tutishgani haqida aytishgandi.

"Xuroson" ham so‘nggi yillarda Iroq va Suriyada jang olib borayotgan "Islomiy Davlat"ga sodiqligini e‘lon qilgan.

Afg‘onistondan yangi jangarilar yollash masalasida ham ikkovlonning bahamijihat ish olib borishayotgani yoki yo‘qligi, hozircha, noma‘lum.

Ammo bularning barchasi afg‘on mojarosi o‘zining yangi va beqaror bosqichiga kirib borayotganini anglatadi.

So‘nggi oylarda butun Afg‘oniston bo‘ylab bevosita oddiy fuqarolarni nishonga olgan xudkushlik hujumlarining soni ortgan.

O‘tmishda Tolibon bu kabi hujumlarga deyarli qo‘l urmagan.

Image copyright BBC World Service

Agar, Mulla Muhammad Umarning qudrati zaiflashib, "Islomiy Davlat" qo‘shni Afg‘onistonga sizib kirgan bo‘lsa, prezident Ashraf G‘ani hukumati juda mushkul muammo qarshisida qoladi.

Ustiga ustak, Afg‘onistonning yangi milliy birdamlik hukumati iqtidorga kelganidan to‘rt oycha o‘tib, faqat kuni-kechagina o‘zining yangi a‘zolari nomini e‘lon qilgan.

"Islomiy Davlat"

O‘tgan bir necha oyning o‘zida Iroq va Suriyadagi kattagina hududlarni bosib olib, o‘z islomiy xalifaligini e‘lon qilgan “Islomiy Davlat” esa, joriy paytda barcha jangari guruhlar orasidan “eng boyi” va qudratlisi sifatida e‘tirof etilmoqda.

Joriy paytda bu mutaassib jihodiy guruh a‘zolarining soni 30 mingdan ortishi va ular saflarida dunyoning deyarli har burchagidan jang qilish uchun kelayotgan insonlarning borliklari aytiladi.

Mahalliy faollarga ko‘ra, "Islomiy Davlat" o‘tgan yarim yil ichida birgina Suriyaning o‘zida ikki mingga yaqin kishini otib tashlagan, boshini tanasidan judo qilgan va toshbo‘ron qilib o‘ldirgan.

Diniy va milliy ozchiliklarga qarshi shafqatsiz qatag‘onlarga qo‘l urgan.

Image copyright AFP

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, bundan keyin ham butun dunyodan jihodchilarning Iroqqa yig‘ilish tendentsiyasi borgan sari kuchayib boradi va yaqin yillar ichida asosiy kurash nuqtasi ham ana shu Iroq bo‘ladi.

Ularning aytishlaricha, “Islomiy Davlat” e‘lon qilgan jihod, guruhning global Islomiy xalifat barpo etish g‘oyasi, G‘arbga qarshi mavqei va bu yo‘lda erishayotgan yutuqlari radikal qarashdagi insonlarni o‘ziga jalb etishda davom etadi.

Ayrim mintaqa davlatlari esa, xuddi shu manzarada allaqachon o‘z fuqarolarining “Islomiy Davlat” nazorati ostidagi hududlarga safar qilishlarining oldini olish yo‘lida qator chora-tadbirlarga ham qo‘l ura boshlashgan.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston Islomiy Harakati butun MDH davlatlari orasidan birinchilardan bo‘lib “Islomiy Davlat”ni dastaklashini oshkora bayon etgan jangari guruhlardan biri bo‘ladi.

Boshqa tomondan, ayrim tahlilchilarga ko‘ra, agar, mintaqadagi boshqa isyonchi guruhlar va qo‘mondonlar ham "Islomiy Davlat” guruhini tanlaydigan bo‘lishsa, bu – O‘zbekistonning shundoqqina biqinidagi Afg‘oniston va Pokistonga eng avvalo shafqatsiz jang usullarining kirib kelishiga zamin yaratadi.

Yaqinda Rossiya va O‘zbekiston oliymaqom muzokaralari yakunida Prezident Putin bilan matbuot brifingida gapirgan Prezident Karimov "Islomiy Davlat" guruhi allaqachon Afg‘onistonga sizib kirayotgani va mavjud vaziyat tegishli choralar ko‘rishni taqazo etishini bayon qilgandi.

So‘nggi oylarda janob Karimov G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining ommaviy safarbarligi ortidan, qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat Iroqdagisi kabi tus olib ketishidan oshkora xavotir bildira boshlagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002