Pokistondagi dron hujumida "ikki o‘zbek o‘ldirilgan"

Image caption Vaziristonda yuzlab o‘zbek jangarilari amal qilishi aytiladi

Pokiston rasmiylariga ko‘ra, Afg‘oniston bilan chegarada AQShning dron hujumi ikki nafar o‘zbek jangarilari doxil, besh kishini o‘ldirgan.

Frans-Press agentligining xavfsizlik mulozimlariga tayanib xabar berishicha, hujumda Tolibonning Janubiy Vaziristondagi qarorgohi nishonga olingan.

"Ikki o‘zbek va uch nafar mahalliy jangarilar dron hujumida o‘lgan", deya iqtibos keltiradi agentlik.

Mintaqa Pokistonning Afg‘oniston chegarasidagi yettita yarim muxtor hududlaridan biri hisoblanadi.

Janubiy, shuningdek, Shimoliy Vaziriston 2000-yillar boshidan buyon Al-Qoidagi aloqador jangari guruhlar, jumladan, O‘zbekiston Islomiy Harakatining istehkomi bo‘lib kelgan.

Pokiston armiyasi o‘tgan yil yozida Janubiy Vaziristonda yirik amaliyotlarni boshlagan va shundan buyon 1700 nafar xorijiy jangarilar o‘ldirilganini aytgan.

Amaliyotlarda Pokiston hukumat kuchlarining 120 dan ortiq askarlari halok bo‘lgani xabar qilingan.

O‘tgan oy O‘zbekiston Islomiy Harakati 140 dan ortiq inson halok bo‘lgan Pokistonning Peshovar shahridagi maktabga hujum uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olgan.

Pokiston rasmiylari Afg‘oniston bilan chegaradagi qabila hududlarida "yuzlab" o‘zbek jangarilarining amal qilishini aytib keladilar.

2009 yilning avgustida O‘IH rahbari Tohir Yo‘ldosh AQShning Vaziristonda amalga oshirgan dron hujumida halok bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002