Grozniyda Muhammad Payg‘ambar karikaturalariga qarshi yurish o‘tkazildi

Image copyright Reuters

Checheniston poytaxtida dushanba kuni Muhammad payg‘ambarga nisbatan chop etilgan karikaturalarga qarshi ommaviy aktsiya bo‘lib o‘tgan. Checheniston hukumatiga ko‘ra, tadbirda qariyb bir million inson ishtirok etgan.

BBC muxbiri xabar berishicha, ertalab 10.00 ga mo‘ljallangan yurishga katta hozirlik ko‘rilgan, namoyishga ko‘rinishidan 200-300 ming kishi chiqqan.

Image copyright AFP

"Grozniy markazida to‘planadigan xalq butun dunyoga Islom bilan hazillashishga, musulmonlarning tuyg‘ularini haqorat qilishga yo‘l qo‘ymasliklarini ko‘rsatishadi", deydi Checheniston rahbari Ramzan Qodirov.

O‘tgan haftada u "Sharli Hebdo jurnalining huquqlarini quvvatlash 1,5 mlrd musulmonlarning diniy tuyg‘ularini haqorat qilish" ekanini aytib, bundaylarini o‘z shaxsiy dushmani deb atadi.

Bundan oldin Qodirov butun dunyodagi jurnalistlarni Parijdagi hujumlarga qarshilik ma‘nosida Muhammad Payg‘ambar karikaturalarini bosib chiqarishga chaqirgan YuKOSning sobiq rahbari Mixail Xodorkovskiyni ham "musulmonlarning dushmani" degandi.

Image copyright AP

Ramzan Qodirovning tadbirda qilgan chiqishi bir necha marta yig‘ilganlarning "Allohu akbar" so‘zlari bilan bo‘lingan.

Ommaviy yurish Grozniydagi Ahmad hoji Qodirov nomidagi asosiy maydonda boshlanib, jamoa namozi bilan yakunlangan.

Grozniy shahridagi osmono‘par binoda "Biz payg‘ambar Muhammadni sevamiz" degan yozuvlar paydo bo‘lgan.

"Islom terrorizmga qarshi" nomli namoyishlar shanba kuni Ingushetiyada ham bo‘lib o‘tgan. Ma‘lumotlarga qaraganda, unda 20 mingga yaqin kishi qatnashgan.

Shuningdek, Islom payg‘ambariga nisbatan karikaturalarga qarshi harakatlar Afrikaning qator mamlakatlari, jumladan, Mavritaniya, Jazoir, Mali, Senegalda o‘tkazilgan. Nigeriyadagi namoyishlar chog‘ida nasroniylarning yetti cherkoviga o‘t qo‘yilgan.

Parijdagi hodisalardan bir hafta o‘tib Rim Papasi Frantsisk o‘zining Osiyo safari chog‘ida muxbirlarga "dinlarni tahqirlash masalasiga kelganda, so‘z erkinligida me‘yor bo‘lishi kerak" ligini ta‘kidlagandi.

"National Catholic Reporter"ning xabar berishicha, bu kabi so‘zlarni Rim Papasi din va so‘z erkinligiga oid o‘ziga berilgan umumiy bir savolga javob tariqasida bayon qilgan.

"Vashington Post”ga ko‘ra, bu savolni bergan muxbirning frantsuz ekanini bilgan Rim Papasi javobi aynan o‘tgan hafta uyushtirilgan hujumni ko‘zda tutganiga ham ishora etgan.

"Yuring, Parijga boraylik. Keling bu haqda ochiq so‘zlaylik", - degan Rim Papasi Frantsisk.

Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron esa, demokratik jamiyatda matbuotning so‘z erkinligi ustun bo‘lib qolishi va karikaturalarni bosib chiqarish shu erkinlikning ko‘rinishi ekanligini ta‘kidlagan.

Ogohlantiruv

7 yanvarda Parijda Charlie Hebdo jurnali ofisiga hujum sodir etilgan. Qurollangan shaxslar 12 kishini otib, voqea joyidan yashiringanlar. Bir necha kunlik to‘xtovsiz amaliyotlar natijasida uch kishi politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan.

O‘tgan yakshanbada Frantsiyaning Parij va boshqa shaharlarida hujumlarni qoralab o‘tkazilgan birdamlik yurishiga uch milliondan ortiq kishi qatnashgan.

Yuz bergan fojeaga qaramasdan jurnal tahririyati bosh sahifasida yana Muhammad payg‘ambarga karikaturani chop etgan yangi sonini chiqarganlar.

Roskomnadzor Rossiya ommaviy axborot vositalarini diniy tuyg‘ularni haqorat qiladigan suratlarni bosishdan tiyilishga chaqirgan.

Frantsiya jurnalining nomini eslatmasada, Roskomnadzor bu kabi karikaturalar etnik va axloqiy me‘yorlarga qarshi ekanidan ogohlantirgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002