Parij hujumchilaridan yana biri dafn qilindi

Image copyright
Image caption Said (chapda)va Sharif Quashiy

Charlie Hebdo satirik jurnali tahririyatiga hujum qilganlardan biri Sharif Quashiy Parij chetidagi bo‘lgada noma‘lum qabrga qo‘yilgan.

Gennevilliyers mavzei rasmiylaridan biriga ko‘ra, dafn xavfsizlik choralari kuchaytirilgan vaziyatda o‘tgan.

Rasmiyning matbuotga bildirishicha, Sharif Quashiyni tuproqqa topshirishda biron bir qarindoshi ishtirok etmagan.

Hujumlarda unga sheriklik qilgan ukasi Said juma kuni sharqda joylashgan Reyms shahrida ko‘milgandi.

Reyms meri dafnga qarshilik ko‘rsatgan, ammo qonun nuqtai nazaridan qarorni qabul qilishga majbur bo‘lgan.

Himoyachiga ko‘ra, Said Quashiyning bevasi jurnalistlar ortidan ergashishi va shu taxlit qabr oshkor bo‘lib qolishidan qo‘rqib o‘z erini ko‘mishga ishtirok eta olmagan.

Aka-ukalar 7 yanvar kuni "Sharli Ebdo" jurnali tahririyatiga hujum qilarkan, 12 inson hayotdan ko‘z yumgan.

Hujumchilarning o‘zlari esa, keyin Parij shimolida o‘tkazilgan politsiya amaliyotlari payti o‘ldirilgandi.

Islomiy aqidaparastlar uchun ziyoratgohga aylanmasligi uchun har ikki hujumchi ko‘milgan qabrga hech bir belgi qo‘yilmagan.

9 yanvar kuni aka-uka Quashiylarga birdamlik bildirish ma‘nosida Parijdagi yahudiylar supermarketida odamlarni garovga olgan, so‘ngra o‘zi politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan Amedi Kulibalini tuproqqa topshirish rejalari hali e‘lon qilinmagan.

Hujumlar amalga oshirilganidan beri Frantsiya bo‘ylab xavfsizlikni ta‘minlash uchun 15, 000 qo‘shimcha politsiya kuchlari safarbar qilingan.

Qo‘shni Belgiyada ham ko‘chalarda askarlar joylashtirilgan.

"Sharli Ebdo"ni tarqatuvchilar shanba kuni misli ko‘rilmagan darajada talab bo‘lgani va jurnalning so‘nggi soni 7 million nusxada nashr qilishini mumkinligini aytishgan.

Jurnal hujumlardan oldin 60 ming nusxada chop qilingan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002