"Oyko‘l" chegara maskanidagi otishma yopiq muhokama etiladi"

19 yanvarda Qirg‘iziston parlamentining Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi o‘tgan hafta oxirida Botken viloyatidaning "Oykul" chegara postida ruy bergan otishmani yopiq ravishda muhokama etishga qaror qilgan.

Qo‘mita raisi Almazbek Botirbekov mazkur voqea tafsilotlarini jurnalistlarsiz qarab chiqish to‘g‘ri bo‘lishini aytgan.

Oldinroq Qirg‘iziston Qurolli kuchlari Bosh qarorgohi qirg‘iz-tojik chegarasida sodir etilgan mojaroni o‘rganishni o‘z nazoratiga olayotganligini e‘lon qilgandi.

Tergov amaliyotlarini Botken garnizoniga qarashli harbiy prokuratura va viloyatning Ichki ishlar boshqarmasi birgalikda yuritmoqda.

Qirg‘iziston Chegara xizmatining ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limiga binoan, tergov mobaynida ushbu mojaroga chegara maskani xodimi bevosita aloqasi bor ekanligi aniqlangan va u o‘q otadigan qurol qo‘llaganligini tan olgan.

Rasmiy ma‘lumotga muvofiq, hamkasblariga qarata o‘q uzgan harbiy so‘roq bermoqda va yana aloqasi borligi taxmin qilingan boshqa xodimlarning ham harakati o‘rganilmoqda.

Mulozimlar bildirishlaricha, 17 yanvar tunida Botken viloyatining Laylak chegara kismiga karashli "Oykul" postiga kurolli hujum qilingan. Natijada maskan boshlig‘i halok bo‘lgan va yana ikki chegarachi jarohatlangan.

Oldinroq, Qirg‘iziston xukumatining chegara masalalari bo‘yicha mas‘uli Qurbonboy Iskandarov bu hodisaga "Tojikiston tomonidan biror shaxs yoki idoralarning aloqasi bor" degan taxminlarni kat‘iy rad etgan va "bu faqat davlatning ichki ishlariga bog‘liq jihat", ekanligini ta‘kidlagan.

So‘nggi bir kun davomida qirg‘iz-o‘zbek chegara chizig‘ining Jalol-Obod viloyatidagi Ola-Buqa tumanida ham otishma sodir etilgan va oqibatda O‘zbekiston fuqarosi yaralangan.

Qirg‘iziston Chegara davlat xizmati rasmiylariga ko‘ra, "Kuk-Serek" chegara maskaniga yaqin hududda otishma yuz bergan. Qirg‘iz-o‘zbek chegarasining shu hududdagi kismini qo‘riqlayotgan Qirg‘iziston chegarachilari Ajek nomli joyda O‘zbekiston tomonidan chegarani noqonuniy kesib o‘tgan uchta kurolli shaxslarga duch kelganlar. Noma‘lum kishilar ovchilik miltiqlarini tashlash haqida chegarachilar talabiga buysunmagan va shu bilan birga ularga karata o‘q uzganlar.

Rasmiy xabarda ta‘kidlanishicha, Qirg‘iziston chegarachilari javoban o‘t ochganda, ovchilar deya taxmin qilinganlardan biri jarohat olgan. Yana ikki shaxs esa ortga karab qochgan payti ularni O‘zbekiston chegarachilari o‘z hududida qo‘lga tushirganlar.

Mulozimlarga ko‘ra, jarohatlangan o‘zbek fuqarosiga qirg‘iz tomonida tibbiy yordam ko‘rsatilgan va u mojaro joyida olingan uchta miltiq bilan birga o‘zbek chegarachilariga topshirilgan.

Ayni paytda mazkur xodisalar sodir etilgan xududlarda chegarachilar faoliyati kuchaytirilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002