Rossiya: diniy karikaturalarni chop qilganlik uchun jazolanadi

Image copyright Getty

Rossiyaning aloqa, axborot texnologiyalar va ommaviy axborot vositalarini nazorat qilish federal xizmati diniy karikaturalarni chop etishga qarshi ilk bor ogohlantirish bergan.

Roskomnadzorning bunday ogohlantirishi Charlie Hebdo jurnalining muqovasini chop etgan qozog‘istonliklar auditoriyasiga mo‘ljallangan "Respublika" axborot-tahliliy portaliga nisbatan berilgan.

Nazorat qo‘mitasi vakili Vadim Ampelonskiyga ko‘ra, bu kabi suratlar irqiy, milliy, ijtimoiy va diniy nizolarni qo‘zg‘atadi, deb qaraladi. Shu boisdan nashrga rasmiy ogohlantirish ma‘lum qilingan.

Bunday holat takrorlangan sharoitda, mahkama orqali axborot vositasining lizentsiyasi olib qo‘yilishi mumkin.

Ayni paytda nashrning muharriri Irina Petrushova "Facebook" da bunday ogohlantirish olinmaganini va Roskomnadzorning tezkorligidan taajubini bayon qiladi.

"16 yanvarda bunday tushuntirish chiqyapti va 19 da bizga nisbatan berilyapti, bu juda g‘alati", - deydi u.

"Respublika" portali qarashli bo‘lgan "Media-Konsalt" shirkati boshlig‘i Aleksandr Petrushov ham rahbariyat bunday ogohlantirishdan hayratda ekanini bildiradi.

Yanvar oyi boshida Frantsiyaning Charlie Hebdo jurnaliga hujumdan so‘ng Roskomnadzor Rossiyaning ommaviy axborot vositalaridan diniy tuyg‘ularga daxl qiladigan karikaturalar va boshqa materiallarni bosishdan saqlanishga chaqirgandi.

"Bunday mazmundagi materiallar bir joyda yashab kelayotgan turli din va millat vakillarining ma‘naviy-axloqiy me‘yorlariga ziddir" deyiladi tashkilotning videoxabarida.

Roskomnadzor shu o‘rinda 2006 yilda butun dunyoda ommaviy noroziliklarni keltirib chiqargan "Jyllands-Posten" gazetasining Muhammad Payg‘ambar karikaturasini ko‘chirib bosgan "Russkiy Newsweek" jurnaliga ogohlantirish berilganini eslatib o‘tgan. "Russkiy Newsweek" jurnali 2010 yil yopilgan edi.

"Charlie Hebdo" dagi karikaturalar qator musulmon davlatlarida ommaviy namoyishlarga sabab bo‘ldi.

Jumladan, 19 yanvar kuni Chechenistonda ham ko‘p ming kishilik norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002