"G‘arb Putinni ag‘darishni ko‘zlayapti"

Image copyright Reuters
Image caption "G‘arb Ukrainadagi mojaro tomonlari orqali Putinni xalqaro siyosatda yakkalab, uni ag‘darmoqchi"

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning bildirishicha, Ukraina inqirozi manzarasida G‘arb davlatlari Rossiyani iqtisodiy siquvga olish va shu tariqa Putinni qudratdan ketkazish tarafdori.

"G‘arb Ukrainadagi mojaro tomonlari orqali Putinni xalqaro siyosatda yakkalab, Rossiyani iqtisodiy bo‘g‘ishni ko‘zlayapti, Putinni ag‘darishga erishmoqchi, shu bilan birga undan qo‘shni mamlakatdagi inqirozni hal qilishni ham talab qilyapti", deydi Peskov muxbirlarga.

Moskvadagi Amerika Savdo palatasi a‘zolari qarshisida chiqqan AQSh elchisi Jon Teffning so‘zlariga qaraganda, Qo‘shma Shtatlarning harakati sanktsiyalar kiritish orqali Rossiya hukumatini Ukrainaga nisbatan tutgan mavqeini o‘zgartirishdir, xolos.

"Rossiyaning Ukrainaga nisbatan noqonuniy buzg‘unchilik harakatiga qat‘iy javob bizning ba‘zi manfaatlarimiz uchun qimmatga tushsa ham, uni berishimiz lozim. Biz Rossiya hukumatida almashishni emas, uning siyosatida o‘zgarish qilishni xohlaymiz", degan so‘zlarni aytgan janob Teff.

Tahlilchi Mixail Globachyovga ko‘ra, Putinni ag‘darish G‘arbni qiziqtirmaydi, maqsad uni xalqaro me‘yorlar doirasida o‘zini tutishga o‘rgatish.

Image copyright AFP

Uning fikricha, Rossiya Prezidenti Ukraina sharqidagi bo‘lginchilarni dastaklashda davom etar ekan, G‘arb bilan munosabatlar yomonlashib boraveradi, lekin AQSh va OI Rossiyaning parchalanishini xohlamaydi, "ular bu masalada juda hushyordirlar".

"Niqoblar yechildi"

Image copyright AFP
Image caption "Ukraina inqirozisiz, Qrimsiz ham G‘arb Rossiya bilan munosabatlarni murakkablashtirish va buzish uchun bahona albatta topgan bo‘lardi"

Peskovga ko‘ra, Ukrainadagi voqealar "xalqaro diplomatiyaning va munosabatlarning ko‘p niqoblarini yechib tashladi".

Kreml so‘zchisi Putinning katta yettilik sammitiga taklifni kutmayotgani va bu yig‘ilishning tuzilishi ham aslida savol uyg‘otishini qayd etdi.

Olmoniya kantsleri Angela Merkel Yettilik yig‘ilishida Putinning ishtiroki ko‘rilmayotganini aytgandi.

"Ukraina inqirozisiz, Qrimsiz ham G‘arb Rossiya bilan munosabatlarni murakkablashtirish va buzish uchun bahona albatta topgan bo‘lardi", deb hisoblaydi Peskov.

Oldinroq AQSh Prezidenti Barak Obama Kongressga yillik murojaatida Oq Uyning tashqi siyosatda yutuqlarini ta‘kidlab, Qrim anneksiyasi va bo‘lginchilarni quvvatlagani tufayli Rossiyaning izolyatsiyada qolganini misol keltirgandi.

"Biz katta davlatlar kichiklarni qo‘rqita olmasligi fikrida sobitmiz, biz Rossiya agressiyasiga qarshi turamiz, Ukraina demokratiyasi va NATO a‘zolarini quvvatlaymiz", deydi janob Obama o‘z chiqishida.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham AQSh va G‘arbni Rossiyani yakkalab qo‘yishga urinishda aybladi va Rossiya hech qachon sinmasligini ta‘kidladi.

Shu bilan birga, janob Lavrov Ukrainadagi mojarolarni hal qilish uchun Rossiya qo‘lidan kelgan imkoniyatlarni ishga solishini aytdi.

Image copyright AFP
Image caption Donetsk og‘ir artilleriya o‘qi ostida qolgan

Oxirgi ikki kunda Donetskda janglar kuchaygan. Ukraina armiyasi va bo‘lginchilar bir-birlarini o‘t otmaslik kelishuvini buzishda ayblaydilar.

Ukraina sharqida o‘tgan yilning aprelidan buyon tinch fuqarolar doxil 400 dan ortiq inson halok bo‘lgan.

Ovro‘po Ittifoqi a‘zolari Ukrainadagi vaziyat o‘zgarmas ekan, Rossiyaga nisbatan sanktsiyalar o‘z kuchida qolaverishi eslatdilar.

Bundan ilgari OIning Rossiyaga qarshi sanktsiyalar yengillashtirilishi mumkinligi xabarlari ortidan, Britaniya, Polsha va Boltiq bo‘yi davlatlari vakillari talabi bilan sanktsiyalarni yumshatish masalasi kun tartibidan olingan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002