Prezidentlikka nomzod Akmal Saidov Islom Karimovning "ishonchli vakilimi"?

O‘zbekistonda Prezidentlik saylovlariga start berilganiga bir hafta bo‘ldi.

Shu vaqt ichida partiyalar ko‘rsatgan nomzodlar saylovoldi targ‘ibotlarini boshlaganlar.

Boshqacha aytganda, joriy prezident Islom Karimovni "eng oqil rahbar", sifatida ta‘riflashga o‘tganlar.

Jumladan, "Milliy tiklanish" partiyasining rasmiy nashri "Milliy tiklanish" gazetasining 21 yanvar sonida prezidentlikka nomzod Akmal Saidovning "Saylovchilar ishonchini oqlash katta mas‘uliyat" sarlavhali maqolasi chop etilgan.

Maqola nomzodning saylovchilarga beradigan va‘dalaridan ko‘ra, prezident Islom Karimovni ulug‘lashga bag‘ishlangan deyish to‘g‘ri bo‘ladi.

Image caption Milliy davlatchiligimiz o‘z olis tarixi davomida ikkita tom ma‘noda mustaqil va haqiqiy Konstitutsiyaga ega bo‘lgan, bu "Temur tuzuklari" va O‘zbekiston Konstitutsiyasidir, deydi Saidov

Akmal Saidov Qashqadaryo viloyati Kasbi tuman saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan.

"Xalq vakili bo‘lib, besh yil davomida parlamentda ish olib borish, saylovchilar bildirgan yuksak ishonchnni oqlash katta baxt, katta mas‘uliyat" ekanini ta‘kidlagan Akmal Saidov senatga saylovlar "Prezident Islom Karimov aytganidek Konstitutsiya va qonunlar asosida, partiyalararo siyosiy raqobat va qizg‘in kurashlar ruhida bo‘lib o‘tgan"ini aytadi.

Akmal Saidov maqolada "saylovlar "xalqning o‘z yurtboshisi atrofida mustahkam jipsligi, istiqlol yillarida yurtimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarni qo‘llab-quvvatlashi va ertangi kunga komil ishonchining yorqin namoyishi bo‘ldi, deyish uchun to‘la asos bor" ligini ta‘kidlaydi.

Saidov janoblari parlamentga saylovlarning haqqoniy o‘tganini urg‘ularkan, Karimovning "Kimki asl demokratiyani ko‘rmoqchi bo‘lsa, O‘zbekistonga kelsin!"- degan so‘zlari saylov jarayonida o‘zining amaliy isbotini topdi", deydi.

"Men – huquqshunosman. Lekin na o‘zim, na yurtimizning boshqa yuristlari shu vaqtga qadar e‘tibor qaratmagan bir huquqiy haqiqatni Qashqadaryoda kashf etdim, desam xato bo‘lmaydi. Ya‘ni, viloyat ahli e‘tirof etganidek, ko‘p ming yillik milliy davlatchiligimiz o‘z olis tarixi davomida ikkita tom ma‘noda mustaqil va haqiqiy Konstitutsiyaga ega bo‘lgan", – deb yozadi Akmal Saidov.

"Bulardan biri – Sohibqiron Amir Temurning "Temur tuzuklari" bo‘lsa, ikkinchisi – Prezidentimiz rahbarligida ishlab chiqilgan amaldagi Konstitutsiyamizdir. Eng qizig‘i, viloyat ahli har ikkala Konstitutsiyaning "xamirturushi" bizning zamindan olingan, deb faxrlanishadi", deya Akmal Saidov Amir Temurning Shaxrisabzda tug‘ilgani va Islom Karimovni sobiq ittifoq davrida Qashqadaryo viloyatiga hokimlik qilganini eslatadi.

Image caption Akmal Saidov O‘zbekistonda inson haqlari himoya qilinishini aytadi

"Bir so‘z bilan aytganda, biz, yangi saylangan deputatlar O‘zbekistonning bugungi kuni hamda buyuk kelajagi yo‘lida bor bilim va malakamiz, ijodiy kuch-qudratimizni bag‘ishlash orqali ona Vatanimizning milliy manfaatlari uchun fidokorona xizmat qilishimiz talab etiladi. Bu yo‘lda, Prezidentimiz ta‘kidlaganidek, doimo o‘rganish, izlanish, yangilikka intilib yashash kerak", – deya ko‘tarinki ruhda yakunlaydi maqolasini janob Saidov.

Maqoladan Akmal Saidov O‘zbekiston prezidentligiga nomzod emas, balki Karimovning ishonchli vakillaridan biri bo‘lsa kerak, degan tasavvur uyg‘onadi.

Akmal Saidov 2007 yilgi saylovlarda ham prezidentlikka nomzodi qo‘yilib, Islom Karimov bilan "bellashgan", saylovchilarning 2,85 foiz ovozini qo‘lga kiritgan edi.

2015 yil 29 martda bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan prezident saylovlariga O‘zbekiston Liberal Demokratik Partiyasi tomonidan Islom Karimov, Xalq Demokratik Partiyasi Xotamjon Ketmonov, "Milliy tiklanish" partiyasi Akmal Saidov va Sotsial Demokratik partiyasidan Narimov Umarov nomzodlari qo‘yilgan.

Tahlilchilar bu galgi saylov ham oldingilari kabi spektakldan boshqa narsa emasligini aytishadi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 90 moddasiga binoan, bir shaxs ikki muddatdan ortiq prezidentlikka saylanishi mumkin emas.

O‘zbekistonning amaldagi prezidenti Islom Karimov mustaqillikdan keyin o‘tkazilgan 4 saylovda ham qatnashgan. Karimov mamlakatni 1989 yildan buyon boshqarib keladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002