UzWebiston: 'Frantsiyadagi ishlar'ga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf javobi

Image copyright islom.uz

islom.uz veb-sayti O'zbekistondagi mushtariylari eng ko'p Internet sahifalardan biri hisoblanadi.

Sayt o'quvchilari Islom diniga bog'liq savollarini yo'llashadi, bu savollarga dunyoga tanilgan diniy ulamo, O'zbekistonning sobiq muftiysi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf javob beradilar.

Savollar va javoblar islom.uz veb-saytida muntazam e'lon qilib boriladi.

Shayx hazratlariga oxirgi savollardan biri Frantsiyadagi qonli hodisalarga bog'liq bo'lgan.

Veb-sayt mushtariysi Ulug'bek Mirkomilov o'z maktubiga "Frantsiyadagi ishlar" deb sarlavha qo'ygan.

Xat muallifi Muhammad alayhissalom frantsuz rassomlari tomonidan karikatura qilinishiga munosabat qanday bo'lishi haqida so'ragan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ushbu savolga o'ziga kelgan bir maktubdan parcha bilan javob qaytarishini ma'lum qilgan.

"Muhtaram Hazrat!", deb boshlanadi maktub.

"Fisqu-fujur xabarlarni masxaraomuz suratlar ko'rinishida chop qilishni o'ziga kasb etgan Sharli Ebdo jurnali ilgariroq Xara Kiri nomi ostida faoliyat yuritganida ham faqat kishilarni va hodisalarni masxara qilib kelgan. Ko'pincha karikatura deb nomlanuvchi bu masxara suratlar yalang'och kishilar, jinsiy a'zolar va yoki jinsiy yaqinlik ko'rinishida ifodalangan sonlari juda ko'p bo'lgan ekan. Xara Kiri nomi ostida ham bir badbaxtlik oshyoni sifatida, bu jurnal har bir hodisa talqiniga ko'pincha tirik yalang'och fotosuratlarni masxaraomuz va haqoratomuz shakllarda chop etgan. Misol uchun, episkoplarni qo'lida xoch tutgan va avratini ko'rsatib turgan ayoltabiat yigit ko'rinishida", deb yozilgan maktubda.

"Keyinchalik, Sharli Ebdo nomiga o'zgartirilgan bu jurnal, juda ko'p martalab insonga xos bo'lmagan ishlarni inson huquqlarini himoya qilish ishlari “cho'qqisiga chiqarilgan” bir yurtda amalga oshirib kelgan. Jumladan, yalang'och shaklda tasvirlangan ayol suratini muslimalarga nisbat berish, nasorolar aqiydasidagi “xudo-ota”, “xudo-o'g'il” va “ruh” larning inson shaklini chizib, ularni aytib bo'lmaydigan darajada fahshda mashg'ul ko'rinishida ham tasvirlagan. O'sha avvalgi suratlarning bir qanchasini hozirgi oxirgi chiqqan sondagi haqoratomuz masxara-karikaturaning muallifi ham chizgan."

“So'z erkinligi himoyasi” deyilayotgan bir cho'pchak-avrash ortida insonning eng muqaddas hissiyotlarini poymol qilishga aqli zaif bir qancha rahbarlar ham kirishib ketmoqda, buning oqibatida va shuning niqobi ostida Islomga qarshi katta harakat junbishga keltirilmoqda. Ketidan esa musulmonlarga bosh ko'tarishga ham imkon qoldirmaslik darajasida katta bir xurujga yo'l ochilishi tayin. Shuning uchun “so'z erkinligi” qurolini o'sha qurolni qo'llayotganlarga qarshi musulmonlar ham qo'llasa yaxshi bo'lar edi, degan fikr meni ushbu satrlarni yozishga undadi," deyiladi maktubda.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga maktub yo'llagan mushtariy so'nggi hodisalar munosabati bilan Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ko'proq tanitish amallariga qo'l urishni taklif etgan:

“Biz payg'ambarlarni ajratmaymiz, jumladan, Muso, Iyso, Muhammad alayhissalomlar insoniyatning bir joydan olingan gavharlaridir – bir makon va zamon Egasining rasullaridir” ma'nosidagi shior ostida Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ushbu oyda ko'proq tanitish, u kishining hayotlari to'g'risida imkon qadar qisqa va ixcham matnlarni yoyish, ayniqsa u kishi alayhissalomning o'z vaqtida boshqa din vakillariga nisbatan qo'llagan misli ko'rilmagan hukmlari va tasarruflarini ko'plab misol keltirish, yaxshi samara keltirishiga umid bo'lsa kerak."

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf etakchiligida o'nlab islomiy veb-saytlar faoliyati yo'lga qo'yilgan.

Bu veb-saytlarda Muhammad alayhissalom mazax qilingani qattiq qoralangan murojaatlar, maqolalar va munosabatlar e'lon qilingan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog'lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer