Tojikistonda qish: yana bir oila islanib, zaharlangan

Shimoliy Tojikistonning Konibodom tumanida yashaydigan yosh oila ko'mirdan islanib, zaharlangan. Bu fojia 21 yanvar tunida yuz bergan.

Ko'chkak qishlog'ida yashaydigan 24 yoshli Ahad Hojiboev islanish natijasida dunyodan o'tgan. Uning 20 yoshli xotini O'g'iloy og'ir ahvolda bemorxonaga yotqizilgan. Bu haqda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi Sug'd viloyati boshqarmasidan xabar berilgan.

Rasmiylarning bildirishlaricha bu Shimoliy Tojikistonda keyingi o'n kun orasida ro'y bergan va halokat bilan tugagan ikkinchi ko'mirdan islanish hodisasidir.

Oldinroq 22 yoshli Bahriddin Shoayubov va uning turmush o'rtog'i Mahliyo Jumaevalar ko'mirdan islanib, hayotdan erta ko'z yumishgan.

Hali joriy qish boshlanishi arafasidayoq to'satdan boshlangan sovuq natijasida uy isitmoqchi bo'lgan boshqa bir yosh oila ham dunyoni erta tark etgandi. 22 yoshli Umid Ho'jamastov va uning xotini Gita Mo'minovaning ko'mirdan islanib, zaharlanganliklari aniqlangan.

Rasmiylarga ko'ra joriy yil qish mavsumida birgina Sug'd viloyatida ko'mirdan islanib, halok bo'lganlar soni o'n nafardan ortgan. Ular orasida hali to'rt yoshga ham to'lmagan ikki nafar qizaloq ham bor. Tojikiston bo'yicha islanib, jon berganlar soni esa, ancha ko'pligi aytiladi.

Har yili qish mavsumi tojikistonliklar uchun katta qiyinchilik tug'diradi. Hatto bir yili mamlakat prezidentining o'zi odamlarni qishga tayyorgarlik ko'rishga, etarli o'tin va ko'mir g'amlab olishga chaqirgandi. Lekin aholisining qirq foizga yaqini kam ta'minlangan hisoblanadigan Tojikistonda minglab oilalarning ayniqsa qish paytida narxi oshib ketadigan ko'mir sotib olishga qurbi etmaydi. Natijada odamlar yaxshi tekshirilmagan, sifati past ko'mir sotib olishga yo o'sib turgan daraxtlarni kesishga majbur bo'lishadi.

Aynan kesilgan daraxtlar orasida tut ham bor. Tut daraxti o'tini yoqilganda esa, hatto sifatsiz ko'mirdan ham ko'proq zaharli is chiqarishi aniqlangan.

Qish arafasida Tojikistonda elektr vositasida ishlaydigan isitgichlar savdosi avj oladi. Lekin bu isitgichlardan faqatgina Dushanbe va viloyatlar markazlari aholisi muntazam foydalanish imkoniyatiga ega. Chunki bu shaharlarda elektr ta'minoti kecha-yu kunduz qilib belgilangan.

Dushanbe shahrida ayrim markaziy isitish tarmoqlari qayta ishga tushirilgan. Qolgan shaharlarda isitish tizimlari ishdan chiqqanicha yotibdi, deyishadi kuzatuvchilar.

Qo'shni O'zbekiston tabiiy gazni uzatishni to'xtatgani va bu yonilg'ining narxi ortib ketgani bois ko'plab aholi manzillarida gaz quvurlari kesib tashlangan, gaz pechlari keraksiz matohga aylanan.

Ayni shu sabablar va ustiga elektr ta'minotining cheklanganligi bois qishloqlar hamda mamlakatning boshqa shaharlari-yu tuman markazlarida odamlar pech va sandaldan foydalanishga majburdirlar.

Mutaxassislarning aytishlaricha o'tgan tunda yoqqan qor va boshlangan sovuq Tojikistondagi aksariyat aholi, ayniqsa oddiy odamlar uchraydigan muammolarni yanada ko'paytiradi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog'lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer