'Yaponiya garovdagi shaxs qatli videosini o'rganmoqda'

Image copyright Reuters

Yaponiya rasmiylari aytishlaricha, "Islomiy Davlat" jangarilarining yaponiyalik Xaruna Yukavani qatl etganlari da'vo qilingan videoning haqiqiyligini tekshirmoqdalar.

Video tasvir e'lon qilingani munosabati bilan Yaponiya hukumati favqulodda yig'ilish o'tkazgan.

Majlis ortidan gapirgan Bosh vazir Shinzo Abe videoni "mantiqsiz va kechirib bo'lmas" deya qoralagan.

Janob Abe aytishicha, Yaponiya "terrorizmga yon bermaydi".

20 yanvar kuni "Islomiy Davlat" ikki yaponiyalik garovga olingan shaxs videosini e'lon qilgan edi.

Image copyright Reuters

Jangarilar Xaruna Yukava va Kenji Goto uchun Yaponiya hukumatidan 200 million dollar talab qilishgan, agar talab qilgan pullarini 72 soat ichida olmasalar, garovdagilarni qatl etish bilan tahdid qilgandilar.

200 million dollar Yaponiya hukumati "Islomiy Davlat"ga qarshi kurashayotgan xalqaro koalitsiyaga noharbiy yordam sifatida va'da qilgan mablag'dir.

Yaponiya hukumati rasmiysi Yoshixide Suga aytishicha, "o'ldirilgan yapon shaxs ko'rsatilgan video g'azablanarli va zo'ravonlikning kechirib bo'lmas amali"dir.

"Biz bu amalni keskin qoralaymiz. Biz qolgan shaxs Kenji Gotoni zudlik bilan biror bir shikast etkazmasdan ozod qilishni talab etamiz", deb aytgan yapon hukumati vakili.

Kenji Goto taniqli erkin jurnalist va hujjatli film ijodkori.

Xabar qilinishicha, Xaruna Yukava Suriyaga xususiy harbiy ko'mak ko'rsatadigan shirkatni yo'lga qo'yish maqsadida borgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog'lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer