O‘zbekistonlik iqtisodchi Shuhrat Boboxo‘jayev bilan suhbat

Image copyright none

Iqtisodchi olim Shuhrat Boboxo‘jayev 1958 yilning 27 noyabrida Samarkand viloyati Nurota tumani Nurota kishlog‘ida tug‘ilgan.

1976 yilgacha Samarqand shahridagi o‘rta maktabda tahsil olgan.

1985 yilgacha Sankt-Peterburg davlat politexnika universiteti, so‘ng 1993 yilgacha G.V. Plexanov nomli Rossiya davlat iqtisodiyot akademiyasida o‘qigan.

Shuhrat Boboxo‘jayev ATB "Agrobank", "Toshkent" Respublika Fond Birjasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Toshkent moliya instituti, O‘R bank-moliya akademiyalarida faoliyat olib borgan.

Hozirgi paytda ta‘lim sohasida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shuhrat Boboxo‘jayev o‘z faoliyati davomida iqtisodga oid ilmiy izlanishlar olib borgan. U 150dan ortiq maqolalar muallifidir.

Suhbat

BBC: Bu galgi BBC mehmoni O‘zbekistondan iqtisodchi olim Shuhrat Boboxo‘jayev bo‘ladilar. Assalomu alaykum Shuhrat aka, dasturimizga xush kelibsiz!

Shuhrat Boboxo‘jayev: Vaalaykum assalom. Rahmat.

BBC: Ne‘matullah Muhammadiy ismli tinglovchimiz BBC O‘zbek Xizmati Facebookdagi sahifasiga: "To‘g‘ri iqtisod qanday bo‘ladi?" deb savol qoldirganlar. Marhamat.

Shuhrat Boboxo‘jayev: Iqtisodiyotning asosiy vazifasi har bir jamiyatda cheklangan zahiralardan inson ehtiyojlarini qondirishga yordam berishdir. Lekin, buning qanchalar to‘g‘ri amalga oshirilishi jamiyatning o‘ziga bog‘liq.

BBC: Yangi bir tinglovchimiz Firuz Allayev: Nima deb o‘ylaysiz, iqtisodimizning oyog‘iga bolta urayotgan monopoliyaga qarshi kurashish uchun nimalar qilish kerak? Bizda hamma sohaning o‘z monopollari bor va boshqalarga ishlagani berishmaydi. Bir qator sohalarda davlat yoki biror xususiy kompaniya monopolligini to‘xtatib, tadbirkorlarga va xorijiy investorlarga imkon berish vaqti kelmadimikan?" deb so‘raganlar.

Shuhrat Boboxo‘jayev: Fikringizga qo‘shilaman. Haqiqitan ham, bizda muammolar bor. Monopoliya rostdan ham iqtisodiy rivojlantirishga to‘sqinliq qiladi. Lekin, 16 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Vazirlar Mahkamasi majlisida chiqish qilib, ayni masalaga oid vaziyatga aniq ta‘rif berdi. Va men unga to‘laqonli qo‘shilaman. Gap shundaki, bugun ko‘plab sohalarni moliyalash davlat hisobiga to‘g‘ri keladi. Prezident aynan shu jihatga e‘tibor qaratdi. Ya‘ni, asosiy monopolistlar qatoriga davlat tashkilotlari kirishi va ularning ta‘sirini kamaytirish uchun iqtisodiyotimizdagi davlatning ishtiroki hamda korxona, tashkilotlarda ulushini qisqartirish zarurligini aytdi. O‘ylaymanki, agar Prezidentning ko‘rsatmalari amalga tadbiq qilinsa, bu natija beradi va monopoliya bilan bog‘liq muammolar kamayadi. Masalan, bugungi kunda 2015 yilning 1 yanvardagi ma‘lumotga qaraydigan bo‘lsak, bizda 1088 aktsiyadorlik jamiyati amal qiladi. Va 12,7 trillion so‘mlik qimmatli qog‘ozlar ro‘yxatga olingan. Shulardan 7,1 trillion so‘mi yoki 55,9% davlatga tegishli. Bu albatta, katta ulush.

BBC: Yana bir tinglovchimiz Mexmet Chelebey: "Hozirgi iqtisodiy rivojlanishni to‘g‘ri deb o‘ylaysizmi? To‘g‘ri bo‘lsa, nimasi bilan nimasi bilan?" so‘raganlar.

Shuhrat Boboxo‘jayev: Bu savolga shunday javob bergan bo‘lardim. Har qanday mamlakatning iqtisodiy taraqqiyoti qanchalar to‘g‘riligini aholi turmush kechirish darajasi, xalqning farovonligiga qarab aytish mumkin. Bizdagi taraqqiyot qanchalar tez sur‘atlarda borayotgani xususida aytadigan bo‘lsam, haqiqatda ham so‘nggi yillarda rivojlanish bo‘ldi, mustaqillikning 23 yili davomida juda ko‘p yutuqlarga erishildi. Ammo, ayni paytda foydalanilmagan imkoniyatlar ham bo‘ldi. Bundan-da ko‘proq islohotlar qilish va taraqqiyotga erishish mumkin edi. Bunday yutuqlar haqida yana O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov yanvar oyidagi chiqishida gapirib o‘tdi. Mustaqillik yillarida bizda ko‘p o‘zgarishlar yuz bergani va xalqimiz rivojlanish tomon anchayin oldinga qadam tashlaganini qayd etdi. Misol uchun, bugungi kunda aholi turli turdagi texnologiyalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Yuqori texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar mamlakatga kirib keldi. Eng muhimi, ushbu mahsulotlarning aksariyatini mamlakatimiz korxonalarida o‘zimiz ishlab chiqarilmoqda. Albatta, bu ham turmush kechirish darajasi qandayligini ko‘rsatadi. Lekin, boshqa tomonidan ayrim aholi yashaydigan joylarga tabiiy gaz, elektroenergiyasi, ichimlik suvni doimiy yetkazib berishi og‘irlashmoqda va ta‘minlashni mas‘ul korxonalar tez-tez bajarilmayapti. Bundan tashqari, jiddiy masalalarga inflyatsiya darajasi, narxlar o‘sishi, konvertatsiya masalasi, korruptsiya va boshqalar kiradi.

BBC: Bunday muammolar ortidagi asosiy sabablarni nimalarda ko‘rasiz va ularni hal etish uchun hukumat qanday yo‘l tutishi kerak, sizningcha?

Shuhrat Boboxo‘jayev: Mening o‘ylashimcha, muammo birtomonlama emas, turli jihatlari bor. Masalan, elektrenergiya sektoridagi muammolar jihozlar yetishmasligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, shaharlar kengaymoqda, ishlab chiqarish ko‘paymoqda, albatta, barchasiga elektr quvvati zarur yoki, deylik, tabiiy gazga ehtiyoj o‘smoqda va hokazo. Xullas, talabning o‘sishi muammolarni keltirib chiqarishi tayin.

BBC: Londondan Shohrux "Prezident Islom Karimov Vazirlar Mahkamasining yil yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan majlisida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 2014 yilda o‘tgan yilga nisbatan 8,1 foizga o‘sgani haqida" ham ma‘lum qilganini yozadi. Bu raqam qanchalar ishonchli? Shaxsan men bunga ishonmayman, O‘zbekiston hukumati nima uchun bunday soxta hisobotlar taqdim qiladi? Bundan nima manfaat bor?" deya savol qo‘yadi Shohrux.

Shuhrat Boboxo‘jayev: Menimcha, Shohrux yanglishmasligi, shu bilan birga bu raqamlarga shubha qilmasligi lozim. Men bu raqamlar haqiqatga yaqin, deb o‘ylayman. Buni xalqaro moliyaviy tashkilotlar ham, bizda ishlayotgan tashkilotlar ham tasdiqlashadi. Ular ham o‘z hisobotlarida qariyb shunday raqamlarni ko‘rsatishadi. Oxirgi yillarda respublika davlat organlari va xalqaro moliya tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan respublika asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar kam farqlanadi. Xalqaro moliya tashkilotlariga ushbu ko‘rsatkichlarni ko‘tarish yoki pasaytirishning keragi yo‘q.

BBC: Shunday bo‘ladigan bo‘lsa, O‘zbekistonda ishsizlik darajasining yuqoriligi, ming-minglab odamlar ish topish ilinjida Rossiya, Qozog‘iston yoki boshqa chet davlatlariga chiqib ketayotgani bilan bog‘liq vaziyatni qanday izohlash mumkin?

Shuhrat Boboxo‘jayev: Agar gapni shundan boshlash kerak bo‘lsa, aytishim mumkinki, men 1990 yillardagi hujjatlar bilan tanishib chiqqanman. Prezident ham qayd etgan, biz mustaqillikka erishgan paytimizda bu muammolar bor edi. O‘sha paytda ham kattagina ishsizlik mavjud bo‘lgan. Bu muammo bizga Sovet davridan qolgan. Muammo bugun ham bor va uni inkor qilib bo‘lmaydi. Va bizga ma‘lumki, hukumat bu masalalar ustida ishlamoqda.

BBC: Ishsizlik sovet davridan beri mavjud deyapsiz, dekin Sovet davri tugab ketganiga bir yil, ikki yil yoki besh yil emas, 20 yildan ortiqroq vaqt o‘tdi. Nima uchun bu muammolar hozirga qadar hal etilmay qolyapti, deb o‘ylaysiz?

Shuhrat Boboxo‘jayev: Aholi soni bizda juda tez sur‘atda o‘smoqda. Ularni barchasini ta‘minlash lozim. Yoshlar aholining katta qismini tashkil qiladi. O‘z vaqti bilan bu muammo albatta hal qilinadi. Shunday deb o‘ylaman, umid qilaman va shunday bo‘ladi. Bunga vaqt kerak. Mana qarang, bu muammo faqat bizda emas, rivojlangan davlatlarda ham bor. Masalan, Ovro‘poni oling, ular ham kurash olib borishyapti. Hal qilindimi, yo‘q. Ishsizlik qaysidir yilda o‘sadi, qaysidir yilda kamayadi. Bu bozor iqtisodining xususiyatlaridan biri, deb hisoblayman

BBC: Istanbuldan Abdullo: "O‘zbekistondagi ishsizlik darajasini kamaytirish, ish izlab Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya kabi davlatlarga ming-minglab odamlar ish ilinjida bosh olib ketishini oldini olish uchun nima qilish kerak? Buning uchun iqtisodning qaysi tarmoqlariga e‘tibor qaratish zarur?" deya savol yo‘llagan.

Shuhrat Boboxo‘jayev: Aslida bizda xizmat ko‘rsatish sohasida juda katta imkoniyatlar bor. Sayyohlik sohasini yaxshilash uchun juda ko‘p ish qilinishi mumkin. Sayyohlar borishni istaydigan joylarimiz ham talaygina. Agar shu sohani taraqqiy toptirsak, ancha-muncha muammolarni, jumladan ishsizlik muammosini ham hal qilsak bo‘ladi.

BBC: Toshkentdan xat yozgan Doniyor: "Nega oyliklar juda past. Adam oliy malumotli, “O‘zneftegaz”da ishlaydi, maoshi 650.000 ming so‘m. Oilada 5 farzandmiz. Bu oylik bilan yashab bo‘ladimi? Hammamiz o‘qiymiz. Faqat adam ishlaydi. Aholi xarid quvvatini oshirish uchun oylikni ko‘tarish kerak emasmi?" deya savol berganlar.

Shuhrat Boboxo‘jayev: Har yil maoshlarimiz kamida ikki barobarga oshadi. Ammo oylikni o‘zini oshirish bilan ish bitmaydi. Mahsulot ishlab chiqarishi ham ortishi kerak. Mahsulot bilan pulni quvvatlantirmasa, u qadrsizlanadi, bundan foyda yo‘q. Shuning uchun ham, biz maoshni ko‘tarish bilan barobarida mahsulot ishlab chiqarishni ham taraqqiy ettirishimiz kerak bo‘ladi. Narxlarning ko‘tarilishi esa... bilasizmi, bizning iqtisod tobora globallashib bormoqda, shunday bo‘lganidan keyin jahon narxlari bizga ta‘sir qilmasdan qolmaydi, albatta... Shuning uchun biz ichki narxlarni jahon narxlariga moslashtirishimiz kerak bo‘ladi.

BBC: Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda maosh miqdori ishlovchining ehtiyojlarini qoplaydigan darajada deyish mumkinmi?

Shuhrat Boboxo‘jayev: Oyliklar... bunga qanday qarashga bog‘liq. Menimcha, bugungi kunda... bu savol ancha og‘ir savol, bunga bilasizmi...

BBC: Rossiyadan Olimjon: "Nima uchun O‘zbekistonda boshqa Markaziy Osiyoda bo‘lgani kabi aholi uchun erkin valyuta ayrboshlash va xorijiy shirkatlar uchun konvertatsiya yo‘lga qo‘yilmagan?" deya so‘rayaptilar.

Shuhrat Boboxo‘jayev: Konvertatsiyaga bog‘liq muammolar eksportdan keladigan valyuta tushumiga bog‘liq. Darhaqiqat, milliy valyutaning xorijiy valyutalarga erkin ayrboshlash masalasida ayrim muammolari mavjud. Konvertatsiya cheklovi tushum hajmi yetarli bo‘lmagani sababidan paydo bo‘ladi. Bugungi kunda, birinchi o‘rinda konvertatsiya bilan ishlab chiqarish sanoat korxonalari ta‘minlanadi. Chunki, ular o‘zlariga zarur uskuna va jihozlar sotib olishi kerak va men buni to‘g‘ri deb hisoblayman. Keyin eksport hajmi oshishi kerak.

BBC: Toshkentdan Xayrullaning maktubini o‘qib bersam: "Assalomu alaykum Shuhrat aka. Sizga shunday savolim bor. Aytingchi, Rossiyada yuz berayotgan iqtisodiy inqiroz bizga qanchalik ta‘sir qilishi mumkin? Umuman, Rossiya bunday vaziyatda O‘zbekistonga nisbatan ilgarigidek hukmronlik qilish pozitsiyasini ushlab turaveradimi yoki biroz yon berishi mumkinmi? Javob uchun oldindan katta rahmat!"

Shuhrat Boboxo‘jayev: Bizning Rossiya bilan aloqalarimiz juda yaxshi, do‘stona va tarixiy asoslarga egadir. Mamlakatlarimiz juda ko‘p tomondan bir-biri bilan bog‘liq. 2013 yilda o‘zaro savdo aloqalarimiz 4 milliard AQSh dollaridan ortib ketdi. Bu juda salmoqli son. Albatta, Rossiyadagi iqdisodiy muammolar bizning iqtisodda ham akslanadi. Chunki, Rossiya bizning mahsulotlarimizni sotib olishda muammolarga duch keladi. Talab ozayadi. Bu o‘zaro bog‘liq bir jarayondir. Agar vaziyat u yerda yaxshilansa, bizdagi iqtisod ham ancha tiklanadi. O‘tgan yil bizning rahbarlarimiz uchrashishdi va o‘zaro kelishib olishdi. O‘zbekiston Rossiyaga eksport qiladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini oshiradigan bo‘ldi. Bu juda yaxshi bir mujdadir.

BBC: Rossiyada ming-minglab o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari faoliyat qilishadi. Bugungi inqiroz ularning ish faoliyatiga, vatanlariga yuborayotgan pul o‘tkazmalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta‘sirlari haqida nima deya olasiz?

Shuhrat Boboxo‘jayev: Bilasizmi, albatta, rus rublining tushib ketishi o‘zbekistonlik muhojirlarning maoshlariga ta‘sir qiladi. Vatandoshlarimiz uchun bu yaxshi emas. U yerdan jo‘natiladigan mablag‘lar ozayadi. Lekin... ikki mamlakat o‘rtasida aloqalar va yoki fuqarolarimizning Rossiyaga safarlari, ishlashlariga biror to‘siq yo‘q, menimcha...

BBC: Shuhrat aka, suhbat uchun rahmat! BBC tinglovchilariga tilaklaringiz bo‘lsa, marhamat.

Shuhrat Boboxo‘jayev: Joriy yilda barchaga katta muvaffaqiyatlar tilayman. Har bir uyda tinchlik-xotirjamlik, farovonlik bo‘lsin. Tinch va baxtiyor dunyoda yashaylik.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer