O‘zbekiston diniy idorasi Charlie Hebdo karikaturalarini qoraladi

O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi va Din ishlari qo‘mitasi Frantsiyadagi hujumlarga sabab bo‘lgan Charlie Hebdo satirik jurnalida Muhammad Payg‘ambarga nisbatan karikaturalar chop etilishini qoralab chiqqan.

O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi va diniy qo‘mitaning web-saytlarida "Sharli Ebdo" yoki shayton hiylasiga aldanganlar" nomli maqola chop etilgan.

Ikki diniy idoraning Charlie Hebdo jurnalining harakatlariga va Parijda yuz bergan hujumga munosabatlari Prezident Islom Karimovning bayonotidan keyin kuzatilmoqda.

7 yanvarda sodir etilgan hodisa va Sharli Ebdo karikaturalari xususida O‘zbekiston rasmiylari shu paytgacha sukut saqlagandilar.

22 yanvar kuni Oliy Majlis Senatining yangi saylangan deputatlari qarshisida gapirgan Islom Karimov Parijdagi voqealarga kutilmaganda munosabat bildirdi.

"Frantsiyadagi bu namoyishlar oladigan bo‘lsak, bu kabi o‘yinlarning barchasi xo‘jako‘rsinga, hammasi o‘ziga soxta obro‘ topish uchun bo‘layapti" dedi u.

Karimovga ko‘ra, "Diniy masalani o‘rtaga qo‘yish, diniy masalani siyosatlashtirish, din hisobidan obro‘ topishga urinish – bu birorta dinga yoqmaydi".

"Men sizlarga aytsam, bu "o‘yin"ning tomirida, negizida nimalar bo‘layotganini, kimlar buni tashabbuskori bo‘layotganini, buning orqasida qanday chuqur maqsadlar turgani... E‘tibor bering, dunyoda tinchlik yana mustahkamlanib borayotganida bitta shunaqa bemaza ish chiqib turadi", deb aytgan Karimov O‘zbekiston Senatining majlisida.

Islom Karimovning nazarida bu voqealar "populizm" va "o‘ziga obro‘ topish uchun, kerak bo‘lsa, o‘ziga saylovlarda ko‘proq ovoz olish uchun" tashkillashtirilgan.

Prezident Karimovning "nozik" masalada aytgan fikridan so‘ng diniy rasmiylar ham bu haqda o‘z munosabatlarini bildirishga nihoyat jur‘at qilganlar.

"Frantsiyada bo‘lib o‘tgan terrorchilik harakati oqibatida 17 kishi halok bo‘ldi. Biz shaytonning vasvasasiga uchib, bu jinoyatni amalga oshirganlarni mutlaqo qoralaymiz. Binobarin, islom ta‘limotlariga ko‘ra, begunoh insonlarning hayotiga tahdid soluvchi har qanday xatti-harakat qat‘iyan man qilinadi. Ma‘lumki, bu xunrezlikka dunyo aholisining 25 foizini tashkil etuvchi musulmonlar uchun suyukli bo‘lgan Payg‘ambar (s.a.v)ni mazax qiluvchi karikaturalarning "Charlie Hebdo" frantsuz nashri sahifalarida chop etilishi sabab bo‘ldi. Shubhasiz, dindorlarning tuyg‘ularini haqorat qilish, payg‘ambarlar shaxsini behurmat qiluvchi masxara rasmlarni nashr etish hech qanday qolipga sig‘maydigan, insoniylik me‘yorlariga butkul zid bo‘lgan ishdir. Ammo bu hech qachon qo‘lga qurol olib tinch aholini o‘qqa tutilishiga sabab bo‘lmasligi lozim. Zero, Qur‘oni karimda "Alloh yerda buzg‘unchilik qiluvchilarni yaxshi ko‘rmas" deb ta‘kidlanadi" deyiladi maqolada.

Maqolada biror-bir xatti-harakatni amalga oshirishdan oldin uning natijasida kelib chiqadigan oqibatlarga nazar tashlash lozim bo‘lishi uqtiriladi.

"Balki, g‘azabi aqlidan g‘olib kelgan ayrim musulmonlar Payg‘ambar (s.a.v)ni haqorat qilishdek ishga jur‘at qilgan "Sharli Ebdo"ga hujum uyushtirishni to‘g‘ri deb bilishar, lekin kuni kecha hech kimning nazarida bo‘lmagan mazkur satirik gazeta bugun dunyo hamjamiyatining e‘tiboriga tushib, adadi 60 ming nusxadan qariyb 7 million nusxaga oshirilgani, Muhammad alayhissalomga ishlangan karikaturalar o‘rin olgan yangi sonining tarqatilgani, Frantsiya musulmonlariga nisbatan bo‘layotgan turli tahdidlar, masjidlarning yoqib yuborilishi, islomofobik kayfiyatdagi namoyishlarning uyushtirilayotganiga nazar soladigan bo‘lsak mazkur jinoyat qanchalik qabih, islom va musulmonlarga zarar yetkazgan noto‘g‘ri ish bo‘lganini anglashimiz qiyin bo‘lmaydi".

"Zero, biz Payg‘ambar alayhissalomni yaxshi ko‘rishimizni da‘vo qilar ekanmiz, u zotni yaxshi ko‘rish sunnatlariga amal qilish va boshqalar ham yaxshi ko‘rishlari uchun harakat qilish ekanini unutmasligimiz darkor"-deyiladi shuningdek.

Ayni paytda qator musulmon davlatlarida Islom payg‘ambariga nisbatan karikaturalarga qarshi namoyishlar o‘tkazildi.

19 yanvarda Grozniy shahrida yig‘ilgan tadbirda Checheniston rasmiylariga ko‘ra, qariyb bir million inson ishtirok etgan.

23 yanvarda Qirg‘izistonning O‘sh shahrida ham "Biz Payg‘ambarni sevamiz!" nomli aktsiya uyushtirildi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002