Siz bildirgan fikr: "O‘zbekistonga Karimovdek rahbar bo‘lmasa bo‘lmaydi"

BBC o‘zining Facebookdagi sahifasida "Prezident Islom Karimovning navbatdagi muddati qonuniy bo‘ladimi?" deya savol berib mushtariylarini bahsga taklif etdi. Ikki hafta avval O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi 29 mart kuni o‘tadigan prezidentlik saylovlarida joriy Prezident Islom Karimov nomzodini yana bir muddatga ilgari surdi. O‘zbekiston Konstitutsiyasining 90-moddasi bir shaxsning ikki muddatdan ortiq prezidentlikka saylanishini taqiqlaydi. Ammo, rasmiylar Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilgani bois Islom Karimovning avvalgi muddatlari hisobga olinmasligini aytadilar.

77 yoshni qarshilayotgan Islom Karimov hozirga qadar bir marta 5 yillik, ikki marta 7 yillik muddatga saylangan va bir marta referendum orqali uning muddati 5 yilga uzaytirilgan. 29 mart kuni o‘tadigan saylovlarda uning yana 5 yillik muddatga saylanishi kutilmoqda. Biz mushtariylarimizdan "Sizningcha, Prezident Islom Karimov nechanchi muddatga saylanmoqda?" deb so‘radik. Juda ko‘p fikrlar bildirildi. Karimovning yana bir muddatga saylanishining tarafdorlari uni "otamiz", "bobomiz" yo "dodamiz" deya tilga olishgan va Islom Karimovni tinchlikning kafolati deya taqdim qilishgan.

Solomon Wolfkhan: "25 yildan beri tinchlik, bizga boshqa hech narsa kerak emas, och qornim, tinch qulog‘im!", - deb yozadi.

Nargiz Niyazova ham: "Umrining oxirigacha saylansin, tinchlik kerak", - deb munosabat bildirgan.

Azizbek Niyazov esa bu bahs asosida qandaydir fitna yotganiga ishonadi. U qoldirgan sharh quyidagicha: "Mazkur so‘rovlarning maqsadi bitta - O‘zbekiston xalqining ichida o‘zaro kelishmovchilik va nizolar kelib chikarish (Ukraina kabi), chunki ular bizning tinchligimizni va iqtisodiy taraqqiyotimizni ko‘ra olmaydi! Gap mardikolrar hakida ketsa - bizning yurtdoshlarimiz o‘zga davlatlarga borib ish o‘rganib va tajriba orttirib, o‘z qishloq yoki shahrida bilimini amalda ishlatmoqdalar (Koreya, Turkiya iqtisodiyoti shu tufayli ko‘tarilgan). Masalan, Rossiya imperatori Petr 1 qoloq iqtisodiyotini rivojlantirish maqsadida yoshlarni Yevropaga ishga yuborgan! MEN HAM I.A.KARIMOVGA OVOZ BERAMAN!!!"

Hamidov Abdulatif fikrida, "O‘zbekistonga Karimovdek rahbar bo‘lmasa bo‘lmaydi. Men tanigan barcha odamlarga Karimovga ovoz beringlar deyman", - deydi u.

Jamshid Ziyaev ham Karimov uchun ovoz bermoqchi, lekin kelajakdan xavotirda ekan. "I.A. Karimov judayam kuchli siyosatchi, buni dunyo tan olgan. Lekin DODAMIZA keksa yoshga borib qoldilar, o‘zbek millatini dunyoga tanitaman deb. Albata u inson bizlarga va respublikamizga katta o‘zgarishlar va kelajak uchun mustahkam hamda kuchli davlat yaratib berdilar. Agarda I.A. Karimov 40-45 yoshlik siyosatchi bo‘lganlarida albatta o‘zbek xalqi ularni qayta saylagan bo‘lardi. Lekin bizga shu insonga o‘xshagan siyosatchi, zamonaviy, vatanparvar prezident kelishini kim kafolat beradi? Tepada yozib o‘tilgan nomzodlar kim? Nega biz O‘zbekiston siyosatida boshqa yosh, kuchli insonlarni ko‘rmayapmiz? DODAMIZNI umrlari uzoq bo‘lsin, men faqat shu insonga ovoz beraman. Lekin hammamizani bog‘lab berilmagan, yana besh yil o‘tib kimni saylaymiz? Hech-kimni tanimaymiz, masalan xalk tanigan yosh o‘zbek siyosatchilari va davlat xizmatini olib borayotgan insonlar bu lavozimga loyiq emas", - deb yozgan u.

Umar Khayitov fikrida O‘zbekistonga yosh prezident kerak. "Men yurtboshimizni hech xam yomon demayman. Karimov juda katta aql egasi, lekin u inson endi qaridi. O‘zbekistonda hozirgi paytda juda aqlli va jismoniy tomonlama yosh rahbar kerak. Bizda hozir korruptsiya juda yuqori darajada. Har yarim yilda xalk bilan mulovot olib borish shart. Har kuni deputatlarni yoki katta rahbarlarni jamlab ular bilan muloqot olib borish kerak. Karimov esa xozir buni eplay olmaydi. O‘zbekisonga yosh iqtisodchi prezident kerak", - deya fikr bildirgan bu mushtariy.

Zeynep Can saylanish jarayonidan uncha xabari yo‘q ekan. "Mening ota-onam va mahallamdagilar, masalan hech kimni ko‘rmaganman saylovga borganini. Qanaqa qilib saylanarkin-a? Xabarim yo‘q. O‘zlaridan o‘zlari saylanib qo‘yisharkan-da", - deya ajablanadi u.

Yastrib Aziyatning yozishicha, "o‘zbek xalki hamma taraflama, madaniyat, ilm-fan, iqtisod, xullas barcha sohalarda orqada qolib ketdi va O‘zbekiston butun dunyoga mardikor yetishtirib beradigan xom ashyo bazasiga aylandi".

Fuzayl Istamov yozgan fikr ancha tahliliy: "Men 12.05.14 (o‘tgan yil 12 mayida)da bo‘lib o‘tgan majlisdayoq bilgandim Karimov prezidentlikda qolishini. Negaki u qaysidir ma‘noda 2015 yilni "o‘zining yili" deb e‘lon qildi, ya‘ni ''keksalarni e‘zozlash" yili. Shu vaqtgacha keksa rahbarlarni sovetcha siyosat yuritishda ayblab kelgan Karimov birdan keksalarni donishmand va ko‘pni ko‘rgan olimga chiqardi, bu hol hayratlanarli va juda kulgilidir men uchun! Ha, aytgancha, Karimovning lavozimida qolishi shu vaqtgacha ham qonuniy bo‘lmagan, va bundan keyin ham bo‘lmaydi", - deb yozadi u.

Doniyor Pulatov esa Karimov tinchlik garanti degan fikrni savol ostiga oladi. "Xaloyiq, savolni o‘qidinglarmi o‘zi? Kimni saylaysan, deb so‘ramayapti, Karimov nomzodi qo‘yilishi qonuniymi yo‘qmi, deb so‘rayapti. Noqonuniy ekanini, Konstitutsiyaning 90-moddasi faqat shu odam uchun o‘zgartirilganini hammamiz yaxshi bilamiz. Bilamiz, lekin tan olgimiz kelmaydi, odatdagidek o‘zimizni o‘zimiz aldaymiz. Odamlar, bizga falonchi pismadonchi emas, eng birinchi navbatda ADOLAT kerak. Tinchlik kerak, tinchlik kerak, deb yozayapsizlar, nima adolat kerak emasmi??? Hayvonga ham yashashi uchun tinchlik kerak, bizga tinchlikdan boshqa hech narsa kerak bo‘lmasa, hayvondan nima farqimiz bor??? Yo‘o‘o‘o‘o‘q, bizga faqat tinchlik kerak, gaz ham, svet ham kerakmas, porasizlik kerakmas, qonunlar kerakmas, faqat tinchlik kerak. Xuddi butun dunyoda urush, faqat bizda tinchlik. Hoy olomon, dunyoda 200ta davlat bor, shundan to‘rttasida urush, qolganida tinchlik.

Ibrohim Po‘latov esa bir ma‘noda O‘zbekistonda saylovlarga bo‘layotgan munosabatni aks ettiradi. U qoldirgan sharh: "Sizlarga nima?"

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002