"Islomiy Davlat" Yaponiya va Iordaniyaga bosim o‘tkazmoqda

Image copyright AFP

Yapon rasmiylariga ko‘ra, yaponiyalik Kenji Goto bilan e‘lon qilingan "Islomiy Davlat" guruhining so‘nggi videosi haqiqiy ekaniga ishonch hosil qilganlar, biroq islomiy guruhning oxirgi talabini qoralaganlar.

27 yanvar kuni "Islomiy Davlat" yangi video e‘lon qilgan, unda Iordaniya qamoqxonasida saqlanayotgan Sojida ar-Rishaviyni ozod qilish talab etilgan.

Aks holda yaponiyalik Kenji Gotoning "yashashga faqat 24 soati qolgani", iordaniyalik harbiy uchuvchi Muas al-Kasabahning "bundan ham kam vaqti" qolgani aytilgan.

Videodagi ovoz chindan ham yaponiyalik jurnalist va hujjatli film ijodkori Kenji Gotoniki, demoqdalar Yapon rasmiylari.

Bosh vazir Shinzo Abe Yaponiya hukumati o‘z fuqarosini ozod qilish ustida ishlayotgani haqida aytgan.

Dastlab "Islomiy Davlat" ikki yaponiyalik Xaruna Yukava hamda Kenji Goto aks etgan videoni e‘lon qilgan va ularni ozod qilish evaziga Yaponiya hukumatidan 72 soat ichida 200 million dollar garov puli talab etgan.

Bu Yaponiya hukumati "Islomiy Davlat"ga qarshi birlashgan xalqaro koalitsiya kuchlariga noharbiy ko‘mak sifatida berishga va‘da qilgan pul miqdoriga teng.

25 yanvar kuni esa "Islomiy Davlat" Xaruna Yukavani qatl etgani haqida e‘lon qildi.

Kenji Goto tilidan e‘lon qilingan yangi talabida "Islomiy Davlat" Iordaniya qamoqxonasida saqlanayotgan, poytaxt Ammondagi portlashga aloqador deb ayblanib o‘lim jazosiga hukm qilingan asli iroqlik ayol Sojida ar-Rishaviyni qo‘yib yuborish sharti ilgari surilgan.

2005 yilgi portlashda 60 inson halok bo‘lgan.

Seshanba kuni tushda e‘lon qilingan videoda esa iordaniyalik uchuvchi Muas al-Kasabahga ham tahdid qilingan.

Muas al-Kasabahning F16 harbiy uchog‘i o‘tgan yil oxirida Suriya shimolida jangarilar tomonidan urib tushirilgan, o‘zi esa qo‘lga olingan edi.

BBCning Tokiodagi muxbiri Rupert Vingfild-Xeyyesning yozishicha, "janob Abening Kenji Kotoni ozod qilish uchun barcha choralarni ko‘rish va‘dasiga qaramasdan, bu yerda asosiy gap Tokioda emas, Ammonda ekani aniq".

Iordaniyaning o‘zida qator namoyishlar tashkil qilingan, Iordan hukumatidan harbiy uchuvchisi Muas al-Kasabahni "Islomiy Davlat" qo‘lidan ozod qilish talablari yangragan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer