Portugaliya afsonasi FIFA prezidenti bo‘lmoqchi

Image copyright BBC World Service

42 yoshli Luish Figu Zepp Blatter o‘rniga ko‘z tikayotgan navbatdagi kutilmagan nomzod bo‘lgan.

FIFA prezidentligiga saylovlar shu yilning may oyida bo‘lib o‘tadi.

Portugaliya futboli yulduzidan tashqari prezident bo‘laman, deganlar orasida yana bir futbolchi bor.

Kuni-kecha Frantsiya milliy terma jamoasining sobiq a‘zosi David Jinola ham xuddi shunday istakda ekanini oshkora bayon qilgandi.

Bu yil FIFA prezidentligiga saylovlar juda qizg‘in kechadigan ko‘rinadi.

Image copyright AP

Chunki Zepp Blatterdan tashqari bu yil ushbu maqom uchun yana Iordaniya shahzodasi Ali bir Al-Husayn, FIFA sobiq Bosh kotibi Jerom Shampan va Gollandiya Qirollik Futbol Uyushmasi rahbari Mixael van Praaglar ham bellashishadi.

Agar, yana kimdir FIFA prezidenti bo‘lmoqchi bo‘lsa, qayerda yashashiga qarab, buning uchun ixtiyorida sanoqli soatlar qolgan bo‘lishi mumkin.

Chunki 29 yanvar kuni bu jarayon rasman o‘z nihoyasiga yetadi.

FIFA prezidentligiga saylovlar esa, shu yilning 29 may kuniga rejalangan.

1998 yildan buyon FIFAga prezidentlik qilib kelayotgan Zepp Blatter bu yilgisi bilan beshinchi bor saylovlarda bellashmoqchi.

FIFA Saylov qo‘mitasi tartib-qoidalariga muvofiq, barcha qayddan o‘tgan nomzodlarning korruptsiyaga qarshi sinovdan o‘tishlari shart bo‘ladi.

Image copyright BBC World Service

Luish Figo jahon futbolida ham o‘z o‘rni va nomiga ega.

Portugaliya futboli yulduzi o‘z karerasi davomida dunyoning eng nomdor jamoalari:

"Real"(Madrid), "Barselona" va "Inter"(Milan)da ham to‘p surgan.

"Real" bilan birga 2002 yilda Ovro‘po Chempionlari chempioni bo‘lgan.

Milliy terma jamoasi safida 127 marotaba kattayu kichik maydonlarda Portugaliya sha‘nini himoya qilgan.

"Oltin to‘p" sohibi, FIFA tasnifida "Jahonning eng zo‘r futbolchisi" bo‘lishga ham ulgurgan.

Image copyright BBC World Service

Luish Figuning turli ommaviy-axborot vositalariga bergan suhbati tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, agar, prezident etib saylanib qolsa, FIFAning obro‘yini yaxshilashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002