Apple shirkati kuniga 30 mingdan iPhone 6 sotgan

Image copyright Reuters

Apple mahsulotlari savdosi shirkatga kvartalda 18 mlrd dollar daromad keltirgan. Bu Apple uchun mutlaq tarixiy rekord hisoblanadi.

Shirkat tahlilchilari fikricha, bunday natijaga iPhone 6 telefonlarini savdoga chiqarilishi bois erishilgan.

Image copyright Getty

2014 yilning oxirgi kvartalida dunyoda 74,5 mln bunday smartfonlar sotilgan. Bu kuniga 30 mingdan to‘g‘ri keladi deganidir.

iPhone 6 ga eng ko‘p talab Xitoyda kuzatilgan. Xitoyda 2013 yilga solishtirganda Apple mahsulotlari savdosi 70 foiz oshgan.

Image copyright XINHUA

Apple rahbari Tim Kukning aytishicha, smartfonlarga talab "butunlay olamshumuldir".

Ayni paytda, iPad lar savdosi o‘tgan yilga nisbatan 18 foizga tushgan.

Image copyright XINHUA

Moliyaviy hisobot e‘lon qilingach, AQSh yopiq birjalarida Apple aktsiyalari bahosi 5 foizga ko‘tarilgan.

Apple shirkati Xitoy bozorining ulkan imkoniyatlaridan to‘liq tarzda foydalanishga erishdi, deb ta‘kidlaydi Bi-bi-si tahlilchisi Richard Teylor.

Shuningdek, noutbuk bozorida narxlarning o‘sishi hamda qiziqarli modellarni Apple mahsulotlaridan ancha arzonga taklif etadigan ishlab chiqaruvchilar bilan kuchli raqobat planshetlar bilan bog‘liq muammolarni ko‘paytiradi.

Image copyright AP

Kuchli raqobat Appleni o‘ziga xos yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishga urg‘u berishga undaydi.

"Tishlangan olma" muxlislari sabrsizlik bilan aqlli soatlar- Apple Watchlar ishlab chiqarilishini kutishmoqda.

Image copyright Getty

Aqlli soatlar- Apple Watch lar aprelda savdoga chiqariladi, deydi Tim Kuk.

Hozircha bunday soatlar narxi 349 dollar turishi haqida ma‘lumot aniq xolos.

Tahlilchilarga ko‘ra, shirkatning ashaddiy muxlislari anchayin baland narxda bo‘lgan mahsulotni ikkilanmay sotib oladilar.

Soatning texnik imkoniyatlari oshkor etilmagan. Biroq fevralda chiqarilishi kerak bo‘lgan soat namoyishi aprelga qoldirilishi undagi ba‘zi texnik muammolar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, degan xabarlar tarqalgan.

Shirkat bu mish-mishlarga izoh bermagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002