Gulnora Karimova mashmashasi endi Norvegiyada

Image copyright BBC World Service

Gulnora Karimovaning nomi bilan bog‘liq mojaro Shveytsariya, Shvetsiya va Ovro‘poning boshqa mamlakatlaridan endilikda Norvegiyaga ham o‘tib u yerda tobora chuqurlashib bormoqda. Jahondagi eng shaffof mamlakatlardan biri sanalgan Norvegiya hukumati uchun bu mojaro katta boshog‘riq bo‘layotir, chunki bu mojaro markazidagi Telenor shirkatining aksariga Norvegiya hukumatining o‘zi egalik qiladi.

Norvegiya Savdo, sanoat va baliqchilik vazirligining voizi Liza Nordoyenning BBCga bildirishicha, vazirlik joriy yilning 7, 8 va 13 yanvarida noma‘lum shaxsdan xatlar olgan.

BBC bu maktublar egasi kimligini bilmaydi. Vazirlik bu shaxs yo shaxslarning kimligi borasida aniqlik kiritishdan bosh tortdi.

Mazkur anonim xatlarda O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi "Bilayn" mobil operatorining egasi bo‘lmish Vimpelkom shirkati olti yil davomida Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan shirkatlarga katta miqdorda pora berib kelgani iddao etiladi. Ma‘lumki, "Bilayn" brendi ostida faoliyat yuritayotgan uyali aloqa operatori hozir O‘zbekistonda 10 milliondan ortiq abonentga ega.

Avvalroq, Teliasonera ishida bo‘lgani kabi, bu safar ham porani qabul qilib olgan shirkat deb Gulnora Karimovaning yaqin do‘sti va yordamchisi bo‘lgan Gayane Avakyan qo‘li ostida bo‘lgan Takilant shirkati ko‘rsatilmoqda.

Xat muallifi iddaosiga ko‘ra, Vimpelkomning 33% hissalariga egalik qiluvchi Telenor bu to‘lovlardan xabardor bo‘lgan. Telenor esa buni rad qiladi.

Telenorning internet sahifasidagi raddiyasidan:

"Bu masala 2012 yilda ilk marta yuzaga kelishi, ya‘ni Teliasonera shirkati O‘zbekistonga kirish uchun o‘xshash noqonuniy amallarni qilishda ayblanganidan beri, Telenor bir necha bor o‘zining Vimpelkom direktorlar kengashidagi roli orqali Vimpelkomning O‘zbekistonga kirishi borasida savollarni ko‘tarib keldi".

Ya‘ni, Telenorning mavqei shuki, agar Vimpelkom Karimova xonimga tegishli shirkatga pora bergan taqdirda ham, Telenor bundan bexabar bo‘lgan. Telenor, shuningdek, o‘zi O‘zbekistonga hech qanday sarmoya kiritmaganini aytadi. Telenor bayonotidan:

"O‘tgan yil davomida matbuotda chiqqan maqolalar Telenor O‘zbekistonga sarmoya kiritgan degan tasavvurni uyg‘otdi. Bu noto‘g‘ri. Teliasoneraning Markaziy Osiyodagi sarmoyalari va Telenorning Vimpelkomdagi kichik hissadorligi orasida aniq farq bor. Teliasonera O‘zbekistonga bevosita sarmoya kiritgan, Telenor esa bunday qilmagan. Telenor O‘zbekistonda amal qilmaydi va uning mamlakatdagi rasmiylar yo boshqa shaxslarga aloqasi yo‘q".

Hozirda mazkur anonim xatlar Norvegiyaning Iqtisodiy va ekologik jinoyatlarni tergov qilish idorasiga yo‘llangan, biroq Telenor shirkati hech qanday jinoiy yo ma‘muriy javobgarlikka tortilmayapti.

Jurnalistik tergov

Image caption Norvegiyada Telenorning ijrochi direktori Jon Fredrik Baksaasning iste‘fosiga chaqiriqlar yangramoqda

Anonim xatlar aslida hikoyaning bir qismi, xolos. Undan avvalroq, o‘tgan yili Norvegiyada chop etiluvchi Klassekampen gazetasi Takilant, Telenor va Vimpelkom o‘rtasidagi aloqalar borasida o‘z jurnalistik tergovini olib bordi va qator maqolalar chop etdi.

Tergovning muallifi jurnalist Emili Ekebergning BBCga aytishicha, u qator hujjatlarni qo‘lga kiritgan va matbuotda chop qilgan.

"Biz bu ish bo‘yicha 2014 yil martidan beri ishlab kelayapmiz. O‘tgan yil noyabrida biz nihoyat Vimpelkomga tegishli shirkat Takilantga O‘zbekistonda telekom litsenziyasini sotib olish uchun pul o‘tkazganini tasdiqlovchi bank transaktsiyalari namoyon bo‘lgan hujjatlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldik. Biz so‘ngra jinoiy tergov olib borayotgan golland tergovchilari qo‘lga kiritgan ayni hujjatlarni mahkamadan olishga ham muvaffaq bo‘ldik. Bizdagi ikkita hujjatda British Virjin Aylands orollarida qayd qilingan (Vimpelkomga tegishli) Watertrail Industries 2007 va 2011 yillarda, umumiy hisobda, 55 million dollar o‘tkazganini namoyon bo‘ladi", - deydi u.

Klassekampen gazetasi rasmiy so‘rov orqali Gollandiyaning Bosh prokuraturasidan olgan hamda BBC bilan ulashgan xatida Gulnora Karimovaning nomi bir necha bor tilga olinadi:

"Hozirda Shveytsariya, Shvetsiya va Amerika hukumatlari tomonidan olib borilayotgan tergovlar namoyon qildiki, Gulnora Karimova aftidan Takilantning foyda ko‘ruvchi egasi. Shubhalarga ko‘ra, Gulnora Karimova ikki hukumat idorasi, xususan O‘zbekiston Havo to‘lqinlari davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Kommunikatsiya va axborotlashtirish agentligiga o‘zbek mobil bozoriga kirayotgan yangi shirkatlar uchun telekom litsenziyalari va ruxsatnomlarini berish bo‘yicha bosim o‘tkazishga qodir bo‘lgan".

Gollandiya Bosh prokuraturasi uzatgan va BBC qo‘liga tekkan hujjatda qayd qilinishicha, 2007 va 2011 yillarda Vimpelkom Takilantga 92,5 million dollar to‘lagan.

Ayni hujjatda Teliasonera shirkati Takilantga 2007 yilda 250 million dollar to‘lagani ham qayd etiladi.

Demak, tergovchilarga ko‘ra, Takilant ikki shirkatdan telekom litsenziyalari uchun 342,5 million dollar olgan.

Emili Ekebergga ko‘ra, Vimpelkom va Teliasonera to‘lovlari o‘rtasidagi farq shuki, Vimpelkom ancha vaqt o‘z to‘lovlarini omma ko‘zidan yashirib kelishga muvaffaq bo‘ldi. Bank to‘lovlariga qaralsa, aslida Vimpelkom Teliasoneradan ham avval Takilantga pul o‘tkazgan.

Vimpelkom jim

Image caption O‘zbekistonda "Bilayn" brendiga egalik qiluvchi Vimpelkom Takilantga to‘lovlar qilganini tan olgan

Vimpelkom o‘zining O‘zbekistondagi faoliyati borasida allaqachon Amerika, Shveytsariya va Gollandiya hukumatlari tomonidan tergov qilinmoqda.

O‘tgan yilning 12 martida Vimpelkom Ltd shirkati o‘zining o‘zbek biznes oldi-berdilari bo‘yicha AQShning Qimmatbaho qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi va Gollandiya hukumati tomonidan tergovga yuz tutayotganini e‘lon qildi. Olti kundan so‘ng Vimpelkom AQSh Adliya vazirligi ham ayni masalada unga tergov ochganini bildirdi.

Bosh qarorgohi Amsterdamda joylashgan, 14ta mamlakatda 220 million odamga mobil xizmatini ko‘rsatuvchi Vimpelkom Amerikaning Nasdaq birjasida qayd etilgani tufayli AQShning aksilkorruptsiya qonunchiligiga daxldordir.

Vimpelkomning o‘zi ayblovlarga ancha "kamtarona" munosabat bildirmoqda. O‘tgan yil martida chiqargan ikkita qisqa bayonotlarida Vimpelkom AQSh va Gollandiyada tergovlarga yuz tutayotgani va bu tergovlar o‘zining O‘zbekistondagi faoliyatiga tegishli bo‘lib ko‘rinayotganini aytgandi.

Vimpelkom Takilantga pul o‘tkazganini tan olgan, biroq uning Gulnora Karimovaga aloqador ekanini bilmaganini aytgan.

Lekin, ayni damda Vimpelkom o‘zining birorta yillik moliyaviy hisobotida o‘zbek telekom litsenziyasi uchun pul o‘tkazganini ko‘rsatmagan.

Anonim xatlar borasida esa, Vimpelkom Uoll Strit Jornal gazetasiga "shirkat hissadorlarimizga nisbatan anonim manbadan yangragan ayblovlarni sharhlamaydi", deb aytdi.

Latviya, Litva va Gulnora

Ovro‘po Ittifoqining a‘zosi sanalmish sobiq sovet respublikasi Latviya oxirgi vaqtlarda go‘yoki noqonuniy pullarni yuvish uchun ishlatilayotgan banklari tufayli matbuotda tez-tez tilga olinmoqda.

Nafaqat matbuotda, balki Gulnora Karimovaning o‘zi ham uy hibsiga olinguncha Twitterda Latviyani tilga olib, u yerda O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati rahbariyati o‘zlariga uylar qurishayotganini da‘vo qilgandi.

Karimova xonim bir necha bor Latviyani "SNB pullari" uchun boshpana deya tasvirlab, bu pullar manbai shubhali ekanini aytgandi.

Klassekampen gazetasi qo‘lga kiritgan hujjatlarda da‘vo qilinishicha, Karimova xonimning o‘zi uchun ham Latviya qulay joy bo‘lgan.

Mazkur moliyaviy hujjatlarda 2007 yilning 8 va 12 noyabrida Takilantning aynan Latviyadagi bank hisobiga 25 million dollar kelib tushgani ko‘rinadi.

Latviyaning qo‘shnisi Litva ham Gollandiya Bosh prokuraturasi uzatgan hujjatlarda namoyon bo‘ladi.

Image caption Ovro‘po va AQShdagi tergovlar ortidan ota va qizning o‘rtasiga sovuqlik tushgan

Bu hujjatga ko‘ra, 2008 yilning 8 avgusti va 16 sentyabrida Takilantning Litvadagi Parex Bank hisobiga Vimpelkomdan 2 million dollar, Teliasoneradan esa 9,2 million dollar kelib tushgan.

Latviya yo Litva rasmiylari bu xususda hech qanday izoh berishmagan.

BBC oxirgi ayblovlar va Norvegiyadagi mashmasha borasida Gulnora Karimovaning Londondagi so‘zchisi Loksli Rayanga murojaat qildi, biroq hech qanday javob olmadi.

Ammo, Gulnora Karimova barcha ayblovlarni rad qilib keladi. Janob Rayan esa Karimova xonimga mustaqil xalqaro mahkamada o‘zini himoya qilishga imkon berilishiga chaqirib kelmoqda.

"Bilayn"

Ayni damda "Bilayn" brendi O‘zbekistondagi eng yirik mobil operatorlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

2013 yil oktyabrida O‘zbekiston soliq idoralari uyali telefon operatorining Toshkentdagi bosh ofisida tekshiruv o‘tkazgan, lekin kompleks tekshiruvlar davomida jiddiy qonunbuzarlik topolmagani ma‘lum qilingandi

2013 yilning may oyida O‘zbekiston xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi taftish o‘tkazib, "Bilayn" O‘zbekiston telerobita bozorining 54 foizini, "Coscom"esa bu bozorning 41 foizini nazorat qilishini aniqlagan edi.

Rossiyaning Vimpelkom shirkati 2006 yilda O‘zbekistondagi mahalliy mobil operatori "Yunitel"ning 100% aktsiyalarini sotib olib, o‘zbek mobil bozoriga kirgandi.

Vimpelkomning 2013 yil mart oyida chiqqan yillik hisobotida Takilant 2007 va 2009 yillar orasida Vimpelkomning o‘zbek bo‘limining kichik hissadori bo‘lgani aytilgan.

Gulnora Karimovaga yaqin doiralarga katta miqdorda pora berganlikda ayblangan Teliasonera shirkatiga nisbatan Shvetsiyada tergov hali ham davom etmoqda.

Image caption Takilantning qog‘ozdagi egasi Gayane Avakyan hozirda O‘zbekistonda qamoq muddatini o‘tamoqda

Teliasonera Takilantga pul to‘laganini o‘z bo‘yniga olgan, biroq buning pora yoki jinoyat ekanini rad etgan.

Teliasoneraning ijrochi diretori Lars Nayberg o‘tgan yili o‘z hissadorlari va tergovchilar bosimi ostida iste‘foga chiqdi.

Ovro‘podagi korruptsiya tergovlari bir vaqtlar otasining me‘rosxo‘ri deb ko‘rilgan Gulnora Karimovaning obro‘siga katta putur yetkazdi.

Jinoiy ish?

Norvegiya poytaxti Osloda nashr etiluvchi E24 Næringsliv gazetasining bosh muharriri Per Vallebrokning BBCga aytishicha, Norvegiyada Telenorga qarshi jinoiy ish ochilishining ehtimoli yo‘q emas.

"Agar Telenor rahbariyati korruptsiya holatlari yuz berayotganini bilgani yoki bilgan bo‘lishi kerakligi aniqlansa, Telenorga qarshi jinoiy ish ochilishini men istisno qilmayman. Hozircha esa, Telenor, bir tomondan, nimalar bo‘lganini aniqlashga urinayapti va tish-tirnog‘i bilan Vimpelkomdan va boshqa manbalardan imkonqadar ko‘p ma‘lumot olishga urinayapti. Ikkinchi tomondan esa, Telenor Vimpelkomdan chiqib ketish yo‘llarini, ya‘ni Vimpelkomdagi hissalarini sotish yo‘llarini qidirayapti. Chunki, bu korruptsiya mojarosi yuzaga kelishidan avval ham, ko‘p yillar davomida Vimpelkom Telenor uchun katta boshog‘riq bo‘lib keldi. Telenor Vimpelkomning boshqa yirik egasi bo‘lmish Alfa Grup bilan kim aksariyat hissalarga ega bo‘lishi kerakligi borasida qator mahkama ishlarida tortishdi", - deydi u.

Norvegiyada bu mashmasha O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan korruptsiyaga, ayniqsa telekommunikatsiyalar biznesida go‘yoki yuz berayotgan noqonuniy to‘lovlar va Gulnora Karimovaning mojarolariga e‘tiborni jalb qildi.

Hozirda Norvegiya matbuotida bildirilayotgan fikrlar shundayki, agar biron korruptsion mamlakat bozoriga kirsang va u yerdagi korruptsiyaga aralashmaslik yo‘lida o‘zing faol chora ko‘rmasang, demak sen ham korruptsiyaga aralashgan bo‘lasan.

Emili Ekebergning ham aytishicha, Telenorning nimalardan xabardor bo‘lganini bilish muhim.

"Hozirda parlament qo‘mitasi kelgusi qadamlarni muhokama qilmoqda. Qo‘mita Telenor O‘zbekistondagi korruptsiyaga qanday hissa qo‘shganini bilishni xohlashini aytdi. Hozirda mavjud bo‘lgan savol shuki, Telenor va Telenorning Vimpelkom direktorlari kengashida bo‘lgan ijrochi direktori bu to‘lovlar haqida nimalarni bilgan va korruptsiyaga yo‘l qo‘yilmasligi uchun qanday choralar ko‘rgan?" - deydi u.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002