Hindiston politsiya idorasida o‘nlab inson jasadi qoldiqlari topilgan

Image copyright Rohit Ghosh

Hindistonning Uttar-Pradesh shtatidagi politsiya idorasining foydalanilmay yotgan bir xonasida o‘nlab skeletlar va chirib yotgan inson jasadlari qoldiqlari topilgan.

Uttar-Pradesh shtatining Unnao tumani markazi bo‘lgan Unnao shaharchasidagi politsiya idorasi xodimlari xonalardan birida ko‘plab qoplarni topib olganlar.

Politsiya skeletlar va jasadlar qoldiqlari nega qoplarga solinib qo‘yib qo‘yilgani sababini tushuntirib berolmagan, biroq bu xona 2008 yilgacha politsiya morgi sifatida foydalanilganini aytganlar.

Rasmiylar insonlar jasadlari qoldiqlari bo‘yicha DNK tekshiruvlarini o‘tkazishga va nega jasadlar dafn etilmagani yoxud yoqib yuborilmagani sababini aniqlashga va‘da berganlar.

Unnao politsiya idorasi rahbari Maxendra Pal Singxning The Times of India ro‘znomasiga aytishicha, politsiya idorasining hujjatlarida 100 jasad qayd etilgan.

Bu jasadlar politsiya idorasiga tergov ishi doirasida keltirilgan bo‘lgan.

Image copyright THINKSTOCK

Tahlilchilar fikricha, aftidan bu yerda o‘lim sababini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan jasadlarni yorib ko‘rilganidan keyingi tartib-qoidani buzish haqida so‘z ketmoqda.

Autopsiya jarayonidan keyin jasad qoldiqlarini yo‘q qilish ko‘zda tutilgan, lekin ko‘rinishicha, Unnao politsiyachilari zimmalaridagi bu vazifani bajarish o‘rniga jasadlarni qoplarga solib, xonaning bir burchagiga yig‘ib qo‘yaverganlar.

Ayni paytda Unnao rasmiylari Ganga daryosida oxirgi paytlarda tutilgan 100 dan ortiq inson jasadlari bo‘yicha ham tekshirish ishlarini davom ettirmoqdalar.

Aftidan, bu jasadlar qashshoq oilalar vakillariniki.

Hindistonda vafot etganidan keyin inson jasadi yoqib yuboriladi.

Vafot etgan qarindoshi jasadini yoqish uchun ma‘lum miqdorda mablag‘ talab qilinadi.

Ammo ayrim oilalar shu darajada qashshoqki, qarindoshi jasadini yoqish uchun yetarli mablag‘ga ham ega emaslar.

Shu bois bunday oilalar o‘lgan yaqinining jasadini tunda yashirincha daryoga oqizib yuborayaptilar, deb taxmin qilinadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002