Sinaydagi vaziyat bois Misr prezidenti safarini bekor qildi

Image copyright AFP

Misr Prezidenti Abdul Fattoh as-Sisi Efiopiyadagi Afrika Ittifoqi sammitidan vataniga qaytishga qaror qilgan, bunga Sinay yarim orolida kamida 26 Misr harbiysi halok bo‘lgani sabab bo‘lgan.

30 yanvar kuni Efiopiyada Afrika Ittifoqiga a‘zo mamlakatlar rahbarlari sammiti rejalangan, Prezidenti as-Sisi ma‘muriyati tarqatgan bayonotda aytilishicha, Misr rahbari sammit ochilish marosimidan so‘ng Qohiraga qaytishga qaror qilgan.

Misr shimolidagi Sinay yarim orolidagi qator nuqtalarga islomiy jangarilar hujum qilganlari oqibatida kamida 26 harbiy halok bo‘lgan.

Hujum uchun mas‘uliyatni "Islomiy Davlat" guruhiga bay‘at qilganini e‘lon etganidan keyin nomi "Ansor Baytul Maqdis" deb atalganini ma‘lum qilgan guruh o‘z zimmasiga olgan.

Misrning Isroil va G‘azo bo‘lgasiga chegaradosh Sinay yarim oroli Misr Prezidenti Muhammad Mursiy qudratdan ag‘darilgan 2013 yildan buyon zo‘ravonliklar o‘chog‘iga aylangan.

Sinayda o‘tgan yili 30 dan ortiq xavfsizlik xodimlari o‘ldirilganidan keyin komendantlik soati joriy qilingan edi.

29 yanvar kuni islomiy jangarilar birdaniga to‘rt joyga hujum boshlaganlar.

Viloyat markazi El-Arish shahrida politsiyachilar, harbiy baza va harbiylar yashayotgan mehmonxona raketalardan hujumga tutilgan.

Harbiy baza darvozasida avtomobil portlatilgan.

Shahardagi bir necha tekshirish nuqtasiga ham hujumlar uyushtirilgan.

Tibbiyot mulozimlariga ko‘ra, Misrning G‘azo bo‘lgasidagi Rafah chegara nuqtasiga hujumda bir zobit otib o‘ldirilgan, to‘rt askar yaralangan.

Payshanba kungi hujumlarda 50 dan ortiq kishi yaralangan.

Hokimiyatdan ag‘darilgan prezident Mursiyning "Musulmon Birodarlar" guruhi zo‘ravonliklarga aloqasi borligini rad etgan.

So‘nggi zo‘ravonliklar Misrda 2011 yilgi prezident Husni Muborak qudratdan ag‘darilgani sanasi nishonlanishi insonlar o‘limiga olib kelgan to‘qnashuvlar ortidan kuzatilmoqda.

So‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, shanba-yakshanba kungi to‘qnashuvlarda 30 ga yaqin inson halok bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer