30.01.15 - 06.02.15: Haftaning g‘aroyib hodisalari

BBC O‘zbek Xizmati bu ro‘yxatga, balki, bir hafta burun umuman sizning xayolingizga kelmagan 10 ta g‘aroyib xabarni kiritdi.

Ular bilan tanishib, o‘zingizni bir sinab boqing-chi! Siz shunday ekanini bilarmidingiz?:

Image copyright BBC World Service

Hindiston hukumati tabaqalararo nikohlarga ruhlantirish uchun o‘ziga xos tashabbus bilan chiqibdi. Agar siz Uttar Pradesh shtatida boshqa tabaqadagi inson bilan oila qursangiz, $810 dollarlik mukofot puli, medal va diplomlik bo‘lib qolasiz.

Image copyright BBC World Service

Daniyalik baliqchining "yuragiga balli", desa bo‘ladi. Baltika dengizida baliqqa, deb tashlagan to‘riga Ikkinchi Jahon urushidan qolgan xantalli haqiqiy bomba ilinib chiqsa...Baliqchining hushini boshidan uchirgan hodisaga so‘nggi nuqtani esa, zudlik bilan sohilga yetib kelgan bombani zararsizlantiruvchi maxsus guruh qo‘yibdi.

Xitoydagi antiqa bir e‘lon ham ko‘pchilikning e‘tiborini o‘ziga tortmay qolmabdi. E‘lon mazmunidan ayon bo‘lishicha, farzandsiz 68 yoshli shifokor 40 yasharlar atrofidagi "mehribon" bir ayolni o‘ziga qiz qilib olmoqchi. Agar, chiqishib ketishsa, hatto, uni o‘zining merosxo‘riga ham aylantirmoqchi.

Image copyright BBC World Service

Ismini "Superqahramon"ga aylantirmoqchi bo‘lgan daniyalikning hafsalasi rosa pir bo‘libdi. Mas‘ullar bunga izn berishmabdi. Rasmiy raddiya xatida ular buning sababini "Superqahramon" haqiqiy odam bo‘lmay, to‘qima qahramon ekani bilan izohlashibdi.

Image copyright BBC World Service

Xitoy Maorif vazirligi universitetlarga g‘arbona qadriyatlarni targ‘ib etuvchi qo‘llanmalardan qochish va mamlakatdagi siyosiy tuzumga til tekkizmaslikni maslahat beribdi.

Image copyright BBC World Service

Kuygan panjalari uchun "insonlarga xos" tibbiy muolajaga loyiq ko‘rilib, ijtimoiy muloqot tarmoqlarida rosa shov-shuvga sabab bo‘lgan koala bolasi yana yovvoyi tabiat qo‘yniga qaytdi. "Jeremi" shu oy boshida Avstraliyada yuz bergan o‘rmon yong‘inlarida jiddiy jarohat olgandi.

Image copyright BBC World Service

Britaniyalik olimlar odam tanasidagi biologik soatning qudratidan hayratda. Olimlarga ko‘ra, biologik soatga to‘g‘ri quloq tutilsa, u sizni Olimpiya chempioni ham qilishi mumkin ekan.

Floridada avtohalokatga uchrab, "o‘ldi" gumoni bilan ko‘milgan mushuk besh kundan keyin qabridan tirik qaytibdi. Mushukning hozir kasalxonada ekani, shifokorlar uning singan jag‘i va lat yegan ko‘zini davolash harakatida ekanliklari aytiladi.

"Hizb ut-Tahrir" firqasining a‘zosi va taniqli ulamoning o‘zingizni ko‘z-ko‘z qilmang, bu - "takabburlik" va "o‘z-o‘ziga mahliyo bo‘lish", degan so‘zlari Indoneziyada anchagina noroziliklarga sabab bo‘libdi. Ulamoning tanqidlariga qarshi 12.000dan ortiq indoneziyalik o‘z suratlarini ijtimoiy muloqot tarmoqlariga joylashtirishibdi.

Avstraliyalik dehqonlar esa, Birinchi Jahon Urushi qurbonlari xotirasiga makkajo‘xorizorda o‘ziga xos "yodgorlik" o‘rnatishibdi: Ular makkalardan ulkan lolaqizg‘aldoq yasashibdi...

O‘tayotgan hafta nazarga tutilganda, siz bu ro‘yxatga yana qanday g‘aroyib faktlarni qo‘shgan bo‘lardingiz?

Fikrlaringizni bizga yo‘llashni unutmang.

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002