AQSh: O‘zbekiston fuqarosi terrorizmda ayblanmoqda

Image caption Fazliddin Qurbonov O‘zbekiston Islomiy Harakatini moliyaviy va g‘oyaviy quvvatlaganlikda ayblangan

O‘zbekiston fuqarosi Fazliddin Qurbonov AQShning Aydaxo shtatida mahkamaga yuz tutmoqda.

Kurbonovga terrorchilarga va xorijiy terrorchilik tashkiloti deb tan olingan O‘zbekiston Islomiy harakatiga moddiy ko‘mak berish uchun til biriktirish, portlovchi moddaga egalik qilish ayblovlari qo‘yilgan.

Fazliddin Qurbonov 2013 yilning 16 mayida Boyse shahridagi uyida hibsga olingan edi.

Ayblov tomoniga ko‘ra, Qurbonov 2012 yilning avgust oyidan 2013 yil mayiga qadar O‘zbekiston Islomiy Harakatini moliyaviy va g‘oyaviy quvvatlash uchun boshqalar bilan ongli ravishda til biriktirgan.

Aytilishicha, Qurbonov yashagan joyda tintuv o‘tkazilganda, u yerdan bomba yasashga mo‘ljallangan moddalar topilgan.

Image copyright AP

Yuta shtatining qidiruv xodimlari ta‘kidlashicha, 2013 yil yanvarida Qurbonov portlovchi modda yasashni o‘rgatgan va uni namoyish qilgan.

Bundan oldin, 2014 yilning dekabr oyida Aydaxo shtati prokurorlari federal hakamdan terrorizm bandlari bo‘yniga qo‘yilgan 31 yoshli o‘zbekistonlik Fazliddin Qurbonov mahkamasini ortga surishni so‘ragan edilar.

Uning ustidan ilk mahkama o‘tgan yil iyul oyida o‘tkazilgan, Fazliddin Qurbonov o‘ziga nisbatan ilgari surilgan uch bandli ayblovni tan olmagan.

Federal prokurorlar Qurbonov ustidan mahkamani bir yildan keyin boshlashni so‘rashgan, buning sababini jinoyat ishining "o‘ta chalkash" ekani bilan izohlashgan.

Hozirga kelib Fazliddin Qurbonovga nisbatan terrorizm bilan bog‘liq besh band bo‘yicha ayblov ilgari surilgan.

Fazliddin Qurbonovning 2013 yil yanvar oyida qanday qilib portlovchi modda yasash, kerakli ashyolarni qayerdan sotib olish bobida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgani, internetdan maxsus videolavhalarni topib, namoyish etgani aytilgan.

Aydaxo shtati Qochqinlar idorasiga ko‘ra, Fazliddin Qurbonov 2009 yil avgustida qochqin maqomini olganidan keyin Boyse shahrida o‘rnashgan.

Rasmiylar uning AQShda qonuniy yashaganini aytmoqdalar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002