"Afg‘onistonda o‘zbekistonlik uch ayol qo‘lga olindi"

Image copyright AP

Rasmiylarga ko‘ra, uchovlon Afg‘onistonning Turkmaniston bilan chegaradosh shimoliy Faryob viloyatida shu payshanba kuni hibsga olinishgan.

Viloyatdagi muxbirimizga ko‘ra, ular Tolibon qurollilari bilan hamkorlik qilishda gumon etilishmoqda.

Ammo, hozircha, o‘zbekistonlik ekanliklari aytilayotgan bu uch ayol o‘zlarining qay bir qurolli guruh a‘zolari ekanliklari ma‘lum emas.

Faryob viloyati rasmiylari dastlabki xabarlarda ularning faqat "isyonchi ayol" ekanliklarini aytish bilan cheklanishgan, xolos.

Viloyat hokimi Muhammad Batoshning BBC O‘zbek Xizmatiga bildirishicha, joriy paytda uchovlon ustidan tergov ishlari olib borilmoqda.

Hokim janoblariga ko‘ra, faqat tekshiruv ishlari ortidangina, o‘zbekistonlik ayollarning shaxslari, yoshi va qay bir isyonchi guruh a‘zolari ekani ma‘lum bo‘ladi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, mahalliy xavfsizlik kuchlari tomonidan hibsga olingan uchovlon hozir viloyatning mahbusalar uchun mo‘ljallangan maxsus hibsxonasida tutib turilibdi.

Bu haqda O‘zbekiston tomoniga xabar berish viloyat hokimligi vakolatlari doirasiga kirmaydi, lozim deb topsa, bu ish bilan tez orada markaziy hukumat shug‘ullanadi, deydi u.

Qisqacha tafsilot o‘rnida

Image copyright AP

Mas‘ullarning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, o‘zbekistonlik ayollar viloyatning eng beqaror Qaysor tumanidan markaziy Maymana shahriga kelayotgan paytlarida xavfsizlik nazorat nuqtasida qo‘lga olinishgan.

Jumladan, viloyat hokimi Muhammad Batosh janoblarining aytishicha, ular avvaldan mahalliy xavfsizlik kuchlarining ko‘z ostlarida bo‘lishgan.

Viloyat xavfsizlik idoralari hibsga olingan uchovlonni Maymana shahriga josuslik ma‘lumotlari yig‘ish uchun kelayotganlikda gumon etishgan, deydi suhbatdoshimiz.

Hokim janoblariga ko‘ra, joriy paytda viloyat hududida 30 nafar o‘zbekistonlik isyonchining borligi ma‘lum.

Suhbatdoshimiz ularning 18 nafari jangari ekani, qolganlari mina yasash bilan shug‘ullanishlariga oid ishonchli ma‘lumotlarga ega ekanini ham aytadi.

Faryob viloyati hokimiga ko‘ra, bu isyonchilar toliblar bilan hamkorlikda faoliyat yuritishadi. Bu yo‘lda o‘z ayollaridan ham foydalanishadi.

Tarixcha o‘rnida

Muhammad Batosh janoblarining aytishicha, o‘zbekistonlik jangarilar bundan 2-3 oycha burun Faryob hududida paydo bo‘lishgan.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, armiyaning bir necha oylik keng ko‘lamli harbiy amaliyotlari sabab, ular Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh qavmlar yashovchi yarim muxtor Vaziriston mintaqasidan kochib kelgan bo‘lishlari mumkin.

AQSh boshchiligidagi ittifoq kuchlarining 2001 yilgi harbiy amaliyotlari ortidan, o‘tgan 13 yil davomida Vaziriston mintaqasi Tolibon, O‘zbekiston Islomiy Harakati va "Al-Qoida" tarmog‘i kabi qator jangari guruhlar a‘zolari uchun xavfsiz boshpana vazifasini o‘tab kelgan.

Viloyat hokimi o‘zbekistonlik o‘nlab isyonchining bir joydan qo‘nim topmay, xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatga qarab, hududma-hudud ko‘chib yurishlarini ham aytadi.

Muhammad Batosh janoblariga ko‘ra, Turkmaniston bilan bevosita chegaradosh ekanini nazarda tutib, bu isyonchilar aynan Faryob viloyatiga kelgan bo‘lishlari mumkin.

"Bizningcha, ularning maqsadi chegaradagi vaziyatni notinch qilish bo‘lgan", - deydi suhbatdoshimiz.

Image copyright BBC World Service

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Faryob qo‘shni Afg‘oniston bilan 365 chaqirimga uzangan chegaraga ega.

O‘tgan yil turkmanistonlik chegarachilar bir necha bor o‘z hududlarida afg‘onistonlik qurolli shaxslarning hujumlariga uchrashgan, natijada bir necha turkman qo‘riqchisining qurbon bo‘lgani ham xabar berilgandi.

Buning ortidan, Turkmaniston so‘nggi oylarda Afg‘oniston bilan o‘zaro chegarasini mustahkamlash uchun "mislsiz choralar"ga qo‘l urishga kirishgan.

Faryob viloyati hokimiga ko‘ra esa, shu kunlarda viloyatning eng beqaror tumanlarida isyonchilarga qarshi yirik harbiy amaliyot yo‘lga qo‘yilgan.

Viloyatdan olingan so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Qaysor tumanida allaqachon 14 isyonchi o‘ldirilgan. Ulardan ikki nafarining ham o‘zbekistonlik ekani aytilmoqda.

Harbiy amaliyotlar natijasida o‘ldirilgan bu ikkovlondan birining Tolibon qo‘mondoni sifatida faoliyat yuritgani ham xabar beriladi.

Faryob

Faryob - Afg‘onistonning so‘nggi yillarda vaziyati jiddiy izdan chiqib borayotgan shimoliy viloyatlaridan bittasi sanaladi.

Bu yerda toliblardan tashqari, O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilarining ham faollashishganiga oid xabarlar bor.

Aynan Faryob viloyatining xavfsizligi Afg‘oniston parlamentida ham bir necha bor muhokama etilgan, afg‘on hukumati orada mintaqaga o‘zining maxsus hay‘atini ham yuborishga majbur bo‘lgandi.

So‘nggi oylarda Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhining Afg‘onistonning qator janubiy, janubiy-sharqiy va shimoliy viloyatlari qatorida Faryobga ham sizib kirishga urinayotganiga oid xabarlar bor.

Bundan bir necha oy burun Afg‘onistonning shimoliy Saripul viloyati rasmiylari ham hududlarida o‘zbekistonlik ayollar paydo bo‘lishgani haqida xabar berishgandi.

Ular o‘zbekistonlik o‘n nafar ayol viloyatning olis Ko‘histon tumanida mina yasash va odamlarni urushga targ‘ib etish bilan shug‘ullanishayotganini aytishgandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002