Misr "Al-Jazira" jurnalistini ozod qilgan

Image copyright EPA

Misrning davlat axborot agentligi va politsiyasining xabar berishicha, "Al Jazira" telekanalining jurnalisti avstraliyalik Piter Greste ozod etilgan va tez orada deportatsiya qilinadi.

"Piter Gresteni Avstraliyaga deportatsiya qilinishi haqida prezidentning rasmiy qarori bor",- deb aytgan hukumat vakili Frans-pressga.

Greste ikki hamkasbi bilan birgalikda 2013 yilning dekabr oyida hibsga olingan.

Jurnalistlar terrorizmni quvvatlash va "Musulmon Birodarlar" tashkilotiga yordam berganlikda ayblanganlar. Piter Greste o‘tgan yilning iyun oyida yetti yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Al Jaziraning uch muxbiri bir yildan buyon Misr turmasida saqlanayotgan edilar.

Image copyright AP

Oldinroq, Misr Oliy mahkamasi Qatarning "Al Jazira" telekanali uch muxbiri Muhammad Fahmiy, Bahir Muhammad va Piter Greste ishini qayta ko‘rib chiqishga jo‘natgan.

Image copyright Reuters

Misr Prezidentining Al Jazira jurnalistini ozod qilish farmoni Xalqaro Amnesti tashkilotining Misrdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat abgor ekanligi haqidagi hisoboti orqasidan kuzatilmoqda.

Xalqaro Amnesti Prezident Sisi hukumati o‘tgan oyda Husni Muborak qudratdan ag‘darilgani munosabati bilan yig‘ilgan namoyishda 27 kishi o‘limiga mas‘ullar jazosiz qolayotganini qoralagan.

Huquq faollari xavfsizlik xodimlari namoyishchilarga nisbatan o‘ta shafqatsiz yo‘l tutgani va hukumat politsiya harakatiga qarshi chora ko‘rmaganini aytganlar.

Misr rasmiylariga ko‘ra, norozilik namoyishida "Musulmon Birodarlar"ning 500 tarafdori ushlangan.

Advokatlar hibsdagilarning bir qanchasini himoya qilish o‘zlariga taqiqlanganini bildirganlar.

Sisi qudratga kelar ekan, Misrning demokratik yo‘l bilan saylangan birinchi va sobiq prezidenti Muhammad Mursiyning minglab tarafdorlari hibsga olingan, ularning aksariyati o‘limga va umrbod qamoq jazosiga hukm qilinganlar. Xususan, ag‘darilgan prezident Muhammad Mursiyga ham vatanga xiyonat, qotillikka aloqadorlik doxil qator og‘ir ayblovlar qo‘yilgan.

O‘tgan hafta Sinayda o‘nlab harbiylarning islomiy jangarilar tomonidan o‘ldirilganidan keyin janob Sisi jihodchilarga qarshi uzoq va murakkab urushni bashorat qildi.

Biroq huquq faollari Misr hukumatining islomiylarga o‘ta qattiqqo‘lligi vaziyatni yanada beqaror qilishi mumkinligidan xavotirdalar.

Amnesty xalqaro hamjamiyatni Misrdagi inson huquqlari buzilishiga qarshi jiddiy chora ko‘rishga chaqiradi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002