Ukraina sharqidagi janglarda o‘nlab insonlar halok bo‘lgan

Image copyright BBC World Service

Ukraina sharqida hukumat kuchlari va bo‘lginchilar o‘rtasidagi janglarda tinch aholi doxil 40 inson qurbon bo‘lgan. ATA shtabi rahbari Andrey Lisenko 15 ukrainalik askar halok bo‘lgani, 33 tasi yaralanganini aytgan.

Image copyright Getty

Tomonlar bir-birlarini o‘q otishni to‘xtatmayotganlikda ayblayapti.

Bo‘lginchilar rahbarlaridan biri Eduard Basurin oxirgi sutkada tinch aholi yashaydigan hududlar hukumat kuchlari tomonidan o‘qqa tutilishi natijasida 13 kishi o‘ldirilganini bildirgan.

Ukraina sharqidagi janglar mojaroni hal etish bo‘yicha Minskda o‘tgan uchtomonlama muzokaralar manzarasida ro‘y bergan.

Image copyright UNIAN

Minskda tomonlar o‘t ochishni zudlikda to‘xtatish, og‘ir artilleriya qurollarini olib chiqish va asirlar bilan almashishni muhokama qilishni rejalashtirgan, biroq muzokaralar natijasiz tugagan.

Shiddatli janglar ketayotgan hududdagi Debaltsevo shahri aholisi o‘qqa tutilishidan qo‘rqib, shaharni tark etishdan xavotirdalar.

Donetsk viloyat Ichki Ishlar boshqarmasi rahbari Vyacheslav Abroskinga ko‘ra, shaharda 10 kundan beri suv, elektr energiya, issiqlik yo‘q, mobil aloqa xizmatida uzilishilar ko‘p. Ko‘pchilik yosh bolalari bilan yerto‘lalarda yashamoqda.

Militsiya xodimlari va ko‘ngillilar tinch fuqarolarni shahardan olib chiqishni tashkil qilmoqdalar.

Image copyright Reuters

31 yanvardagi evakuatsiya bo‘lginchilar tomonidan o‘qqa tutilgani aytiladi. Odamlar o‘qqa duch kelishdan qo‘rqib, shahardan chiqib ketolmayaptilar, deb aytgan hukumat rasmiysi.

Oxirgi uch kunda jang ketayotgan hududlardan mingga yaqin inson xavfsiz joylarga ko‘chirilgan.

Image copyright AFP

Huquq faollari bildirishicha, isyonchilar va Ukraina qo‘shinlari o‘rtasidagi otashkesim barbod bo‘lishi ortidan janglar keskinlashgan va kasalxonalar ham hujumga tutilmoqda. O‘tgan kuni Donetskdagi morg o‘q yomg‘iri ostida qolgan.

O‘zlarini "Donetsk va Lugansk xalq respublikalari" deb ataydigan guruh vakillari Ukraina Prezidenti Pyotr Poroshenkodan otashkesim haqida rasman farmon berishni talab qilganlar. Minskdagi muzokaralar chog‘ida shunday talabni ilgari surgan bo‘lginchilarga ko‘ra, otashkesim to‘g‘risida farmon hukumatning rasmiy web saytida e‘lon qilinishi lozim.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002