O‘zbekiston: qora bozorda dollar keskin ko‘tarildi

Image caption Markaziy Bank ikkinchi hafta ketma-ket dollarning rasmiy kursini ko‘targan

Xabarlarga ko‘ra, 1 fevral kuni Toshkent qora bozorlarida 1 AQSh dollarining narxi 4 ming so‘mdan oshib ketgan.

Poytaxtning "Chorsu" bozoridagi savdogarlardan birining BBCga aytishicha, bugun dollar 3850-3900 so‘mdan sotilmoqda.

O‘tgan hafta boshida 1 dollarning qora bozordagi qiymati 3720-3750 edi.

Dollar qiymatining keskin ko‘tarilishiga nimalar sabab bo‘lgani noma‘lum.

Ayni paytda O‘zbekiston Markaziy Banki ikkinchi hafta ketma-ket dollarning rasmiy kursini qariyb 6 so‘mga ko‘tarib, 2442 so‘m 13 tiyin qilib belgilagan.

Dollar narxining keskin ko‘tarilishi Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz va rus rublining qadrsizlanishi manzarasida yuz bermoqda.

Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekiston qora bozorlarida asosan, AQSh dollari bilan muomala qilinsa-da, Rossiya bilan savdo hajmining kattaligi bois rubl qadrsizlanishining salbiy oqibatlari so‘mga ta‘sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.

Ammo iqtisodchilarga ko‘ra, Rossiyadagi iqtisodiy inqirozning O‘zbekistonga birinchi ta‘siri pul o‘tkazmalarinining kamayishidir.

Rossiya matbuotining yozishicha, o‘tgan yil oxiriga kelib, Rossiyadagi o‘rtacha mehnat muhojiri vataniga yuborayotgan pul mablag‘lari teng yarmiga qisqargan.

"Bu esa O‘zbekiston valyuta bozorida taqchillikni yuzaga keltirgan va talab oshishi bilan narx ham o‘z-o‘zidan ko‘tarilgan", - deydi qozog‘istonlik iqtisodchi Saparboy Jubayev.

Uning aytishicha, O‘zbekistonda dollarning narxini "bozorning o‘zi ko‘tarmoqda".

"Rossiya rubli ikki baravarga qadrsizlandi. Shuning uchun mintaqadagi boshqa milliy valyutalarning ham qadrsizlanishi tabiiy", deydi iqtisodchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda qozoq tangasining AQSh dollariga nisbatan qiymatini qayta ko‘rib chiqish masalasi muhokama qilinmoqda.

"Qozog‘iston milliy valyutaning qiymatini mustahkamlash maqsadiga mamlakat barqarorlik fondidan 10-15 milliard dollar sarflashni rejalagan", deydi iqtisodchi.

Uning aytishicha, O‘zbekistonda bunday jamg‘arma yo‘q va Markaziy Bank valyuta bozoriga mudoxala qilishini kutish qiyin".

So‘nggi o‘n yilda Rossiyadan mehnat muhojirlari yuborgan pul-mablag‘lar o‘zbek so‘mini butunlay barbod bo‘lishdan asrab qolgani aytiladi.

Saparboy Jubayevga ko‘ra, agar Rossiyadagi iqtisodiy vaziyat o‘nglanmasa, O‘zbekiston qora bozorlarida dollar narxi ko‘tarilishda davom etadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz: 44 7858 860002