Tashabbus guruhi: "Islom Karimovga ovoz bermang!"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Toshkentdagi Mustaqil inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi o‘zbekistonliklarni 29 martdagi prezidentlik saylovlarida Islom Karimovga ovoz bermaslik yoki saylovlarni boykot qilishga chaqirgan.

Guruh tarqatgan bayonotda aytilishicha, sobiq kommunist rahbar bo‘lgan Islom Karimov mustaqillikning ilk yillaridayoq siyosiy muxolifatni yo‘q qilgan va 26 yildan buyon qudratni o‘z qo‘lida ushlab turibdi.

"Hukumatning layoqatsizligi bois fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va maishiy turmush darajasi chidab bo‘lmas darajada yomonlashdi", deyiladi bayonotda.

Tashkilot mamlakatda korruptsiya va poraxo‘rlikning avj olgani, kuch tizimlari va amaldorlar o‘z vakolatlarini sui‘iste‘mol qilayotgani, mamlakatga foyda keltirishi mumkin bo‘lgan siyosiy faollar, huquq himoyachilari, jurnalistlar va tadbirkorlarning nohaq qamoqqa tashlanganini ta‘kidlaydi.

"2005 yil 13 mayida Andijonda bir necha yuz fuqarolarning otib o‘ldirilishi uchun mas‘ul bo‘lgan shaxs qanday qilib davlatni boshqarishi mumkin?"

"8 milliondan ortiq fuqarolar ish yo‘qligidan Rossiya, Qozog‘iston va boshqa MDH mamlakatlarida sarson-sargardon yurgani uchun kim aybdor?" deya xitob qiladi o‘z murojaatida mustaqil inson haqlari guruhi.

Tashkilot o‘zbekistonliklarni o‘z yaqinlariga saylovlarni boykot qilish huquqlari borligini tushuntirish, tahdid va bosimlardan qo‘rqmaslikka chaqirgan.

"Unutmang, siz mustaqil O‘zbekistonning haqiqiy egasisiz" deyiladi bayonotda.

O‘tgan oy O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi joriy Prezident Islom Karimov nomzodini yana bir muddatga ilgari surgan.

Partiya fuqarolarning murojaatlaridan kelib chiqib, shunday qarorga kelganini aytgan.

Ammo na O‘zLIDEP va na Islom Karimov nomzodini ro‘yxatga olgan Markaziy Saylov Komissiyasi navbatdagi muddatning qonuniyligi borasida izoh bermagan.

Rasmiylar O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq, janob Karimovning bundan avvalgi muddatlari hisobga olinmasligini aytishgan.

Ammo Konstitutsiyaning 90-moddasi bir shaxsning ketma-ket ikki muddat prezidentlikka saylanishini taqiqlaydi.

BBC Mustaqil inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromovdan nima uchun bu kabi siyosiy chaqiriq bilan chiqqanini so‘ragan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002