AQSh Ukrainaga mudofaa qurollarini yetkazib berishi mumkin

Image copyright Getty

Oq Uy ma‘muriyati rossiyaparast bo‘lginchilarga qarshi janglarda Ukraina hukumat kuchlariga ko‘maklashish uchun qurol yetkazib berishni boshlashi mumkin.

Bu haqda Amerikaning bir qancha ommaviy axborot vositalari xabar tarqatgan.

Image copyright Getty

Ularga ko‘ra, Vashington Kiyevni mudofaa maqsadidagi qurollar bilan ta‘minlashni rejalamoqda.

Prezident huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi vakili Bernadett Mienning aytishicha, hozircha bu haqda aniq bir qarorga kelinmagan, lekin bu masala rasmiylar orasida muhokama qilinmoqda.

"Albatta biz mojaro diplomatik yo‘l bilan yechilishi tarafdorimiz, lekin shu bilan birga, har doim vaziyatga qarab boshqa yo‘llarini ham nazardan qochirmaymiz", degan janob Mien.

Image copyright Getty

Vashingtondan BBC muxbiri Jon Sopelning xabar berishicha, Prezident Barak Obama mojaro AQSh va Rossiya o‘rtasida davom etishi xavotirida Kiyevga qurol yetkazilishiga dastlab qat‘iy qarshi bo‘lgan.

Hozircha AQSh Ukrainaga uchmaydigan harbiy yordam turi - bronojiletlar, tunda ko‘rish vositalari, muhandislik asboblari, radarlar va boshqa qo‘shimcha yordam jihojlari yetkazib kelmoqda.

New York Times gazetining dushanba kungi xabari bo‘yicha, Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanktsiyalar Moskvani Ukraina nisbatan siyosatini o‘zgartirishga majburlamas ekan, Vashington o‘zining bu boradagi siyosatini qayta ko‘rib chiqib, Kiyevga mudofaa qurollarini berishni ko‘rib chiqishga qaytishi ehtimoli katta.

CNNga kura, bunday qurollar sirasiga tankka qarshi vositalar va raqibning o‘q otish nuqtalarini yakson qilish tizimlarini o‘z ichiga oladi.

AQShning ismi oshkor etilmagan yuqori lavozimli rasmiysining Reyterga aytishicha, Kiyevga uchuvchi qurol turlarini yetkazib berish g‘oyasi tobora dolzarblik kasb etmoqda.

Ushbu haftada AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Prezident Poroshenko bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Kiyevga boradi.

Ayni paytda Olmoniya kantsleri Angela Merkel o‘zining Vengriyaga safarida mamlakati Ukrainaga harbiy yordam bermasligini, mojaro tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozimligini ta‘kidladi.

Image copyright EPA

Bir kun oldin Ukraina sharqidagi rossiyaparast bo‘lginchilar rahbari Aleksandr Zaxarchenko 100 ming kishilik qo‘shin to‘plash rejasini e‘lon qilgan edi.

Isyonchilar ukrain hukumat kuchlarini sharqiy Donetsk va Lugansk mintaqalaridan siqib chiqarish va strategik ahamiyatga ega Debaltsevo shahrini zabt etishga harakat qilishmoqda.

O‘zini Donetsk Xalq Respublikasi rahbari deb e‘lon qilgan janob Zaxarchenko safarbarlik "shoshilinch" ekani va 11 kundan so‘ng boshlanishini aytgan.

"Bu biz yana 100 ming kishini olamiz, degan ma‘noga kelmaydi, ammo Donetsk va Lugansk Xalq Respbulikalarining birgalikdagi qo‘shinlari soni 100 ming bo‘lishi kerak", deb aytgan u.

Image copyright AP

Ammo isyonchilarning bu kabi yirik sondagi qo‘shin to‘plash imkonlari qanchalik, ma‘lum emas.

Zaxarchenkoga ko‘ra, yangi askarlar bir oylik tayyorgarlikdan o‘tkazilganidan so‘ng kamida beshta qo‘shimcha bo‘linmalar tashkil etiladi: uchta motoo‘qchi, bir to‘pchi hamda bir tankchi brigada.

"Bu zahira bizga har qanday hujumni qaytarish va muvaffaqiyatli bo‘lgani taqdirda, qarshi hujum boshlash kafolatini beradi", deb aytgan u.

Vashington Moskvani Ukraina sharqidagi bo‘lginchilarni harbiy dastaklab kelayotganlikda ayblaydi.

Ukraina ham 9 mingga yaqin Rossiya harbiylari isyonchilarga yordam berayotganini aytgan, ammo Moskva buni rad etadi.

Ukraina hukumati ham joriy yilda qo‘shinlar sonini 200 mingga chiqarish rejasi bilan ommaviy safarbarlik e‘lon qilgan.

Yakshanba kuni qattiq janglar ketayotgan Debaltsevoga mudofaani mustahkamlash uchun og‘ir harbiy texnika yo‘llangan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002