Litvinenko o‘limi oldidan musulmonlikni qabul qilgan

Image copyright Getty

London Oliy mahkamasida Rossiya maxsus xizmat sobiq zobiti Aleksandr Litvinenkoning bundan to‘qqiz yil oldin sodir etilgan o‘limi yuzasidan ko‘rsatmalarni eshitish davom etmoqda.

Britaniya politsiyasi Litvinenko hayotining oxirgi daqiqalarida olingan qimmatli ma‘lumotlarni mahkamaga topshirgan.

Seshanba kuni Litvinenkoning bevasi va o‘g‘li ham so‘roq qilingan.

2006 yil 17-20 noyabr kunlarida kasalxonada og‘ir ahvolda yotgan Litvinenko politsiyaning savollariga javob bergan.

23 noyabrda Litvinenko vafot etgan, o‘limidan sal oldin u poloniy-210 radioaktiv moddasidan zaharlangani aniqlangan.

Image copyright AP

Seshanba kungi eshitish jarayonida Marina Litvinenko erining Islomni qabul qilganini birinchi marta batafsil tasvirlab bergan.

"Sasha Islomga o‘tdi. Bunday qarorga u kasallik boshlanganidan bir necha kun o‘tib kelgandi. U juda dindor bo‘lmasa ham, cho‘qintirilgan inson edi. U zaharlanib yotganida, Ahmat Zakayev ko‘rgani keldi. Sasha undan sen o‘zingning Xudoing bilan qanday gaplashasan, deb so‘radi. Ahmat tushuntirdi, Sasha qaytardi. Shunda Ahmat hazillashib, "Ana endi musulmon bo‘lding", dedi. ikki haftadan keyin u hammani chaqirdi va o‘zini Ahmat kabi chechen qabristoniga ko‘milishini xohlashini aytdi. Biroq u musulmon bo‘lmagani uchun bu mumkin emas edi", deb hikoya qiladi Marina Litvinenko.

"Shundan keyin palataga imomni olib kelishdi va u marosimni o‘tkazdi".

Marinaning ta‘kidlashicha, u paytda Litvinenko gapira olmay qolgan edi.

21 noyabrda Litvinenkoning oldiga otasi Valter keladi.

"Ota, nima deysan, men endi musulmonman", deb uning so‘zlarini qaytaradi Marina qaynotasiga. Bu muhim emas, muhimi kommunist emassan, deb javob beradi Valter.

22 noyabrda Litvinenkoning ahvoli og‘irlashadi. Uning oxirgi so‘zlari "Men seni juda sevaman" bo‘ldi,- deydi ko‘zlari yoshlanib Marina.

Ertasi kuni u hushini yo‘qotdi va kechga borib joni uzildi.

Shifokorlar Marinaga erining jasadi oldida qolishga va hatto uni o‘pishga ruxsat berishadi. Hech kim bu xavfli ekanini aytmaydi.

Tunda esa uning uyiga politsiya kelib, o‘zi va o‘g‘lini tezda olib ketishlari kerakligini bildiradi.

"Ular meni Sasha poloniy bilan zaharlanganini yangiliklardan bilishimni istashmagan. Ularning aytishicha, bunday hodisa ularning tajribasida shu paytgacha bo‘lmagan. Bizga uyda qolishimiz o‘ta xavfliligini aytib, evakuatsiya uchun yarim soat vaqt berishdi".

Birinchi kun Marina o‘g‘li bilan Ahmat Zakiyevning uyida qoladi. So‘ngra bir yil Boris Berezovskiyga tegishli uyda yashashadi.

Tergovchi Robin Tam so‘roq nihoyasida Marinadan erining o‘limiga sabab bo‘lgan uch faraz haqida so‘raydi: ehtiyotsizlik natijasida o‘lim, o‘z joniga suiqasd va uchinchi shaxs tomonidan qotillik.

Marina dastlabki ikki taxminni qat‘iy rad qilgan va eri hech qachon radioaktiv modda bilan aloqasi bo‘lmaganini, shuningdek hech qachon o‘zini o‘ldirish fikri xayoliga kelmaganini aytgan.

"Eng boshidan men ob‘ektiv bo‘lishga, duch kelgan odamni ayblamaslikka harakat qilganman. Politsiya menga Lugovoy va Kovtunga qarshi ma‘lumotlar borligi, ular gumonlanayotganini aytganda, men ularning fikriga qo‘shildim", deydi Marina.

Image copyright AP

Litvinenkoning o‘g‘li Anatoliy birinchi bor guvohlik bergan. U Rossiyadagi hayotini va Britaniyaga dastlab kelganlari vaqtini deyarli eslay olmasligini aytgan. Shuningdek, boshqa jihatlarda onasi Marinaning gaplarini tasdiqlagan.

"Iliq, bemaza choy"

Robin Tam Litvinenkoning bevasi Marinadan eri hayotining oxirgi oylari haqida, Lugovoy bilan tanishgani va 1 noyabrda poloniy bilan zaharlanganidan keyingi kunlari haqida so‘ragan.

Marina Litvinenko aytishicha, eri Lugovoyni 1994 yildan beri bilgan, o‘zi esa 2006 yilda tanishgan. Ikki marta uchrashgan- bir marta Boris Berezovskiyning tug‘ilgan kunida, bir marta Lugovoy xotinini olib uylariga kelganda.

"Lugovoy Londondan uy sotib olmoqchi bo‘ldi, men unga yordam berishni va‘da qildim", deydi Marina.

Image copyright AP

Marina taxmin qilishicha, Lugovoy Londonda Boris Berezovskiyga ishlagan va uning hamkori Badri Patarkatsishvili bilan yaqin bo‘lgan.

"Sasha menga Lugovoy Viktor Ivanov ustidan ma‘lumot to‘plaganini, lekin buni juda yomon, juda qisqa qilganini aytgandi", deydi Marina.

Uning so‘zlashicha, Litvinenko kasalxonada zaharlanib yotganida Lugovoy bilan telefonda Ispaniyaga rejalangan 10 noyabrdagi safarni muhokama qilgan.

Himoyachi Ben Emmersonning o‘sha paytda Litvinenko Lugovoydan shubhalanganmidi, degan savoliga Marina javob berishga qiynaladi.

Marina Litvinenko 1 noyabrda erining Mario Skaramello va Lugovoy bilan uchrashuvi bo‘lgani, kechqurun Ahmat Zakayevning oldiga kirgani, biroq o‘sha paytda hech narsadan shikoyat qilmaganini aytgan.

1 noyabrda Litvinenko oilasi bilan Britaniyaga borgan kunini nishonlagan, yarim tunda o‘zini yomon sezgan.

Tunda Litvinenko qattiq o‘qchiydi. Ertalab, butunlay kuchdan qoladi, doimiy ko‘ngli ayniydi, biroq tez yordamni chaqirishni xohlamaydi.

3 noyabr kechqurundagigina tez yordamga murojaat qilishadi.

"Ular bu shunchaki shamollash deyishdi va ko‘proq suv ichishni maslahat berishdi va uni uyda qoldirishdi", deb eslaydi Marina.

Yana bir kundan so‘ng u erini kasalxonaga olib borishga vrachlarni ko‘ndiradi, kasalxonada darhol unga antibiotik berishadi.

13 noyabrda Litvinenkoning ahvoli keskin yomonlashadi, tomog‘i qattiq og‘riydi va deyarli bir paytda hamma sochlari to‘kiladi.

Marina o‘sha paytda u vrachlar bilan juda qattiq gapirishiga to‘g‘ri kelgani, ulardan eriga nima qilganini tushuntirishni talab qilganini so‘zlaydi. Vrachlar bu dorining aks ta‘siri, deyishadi unga.

Seshanba kungi eshitishda Litvinenko bilan oxirgi suhbatning ayrim tafsilotlari ham ochiqlangan.

"Bizda hozir zaharlashda gumon qilingan uch kishi bor, deydi Litvinenko bir joyda, 1 noyabrda poloniy bilan zaharlangani haqida gapirar ekan.

Ularning birinchisi italiyalik Mario Skaramello bo‘lib, Litvinenko xotini Mariyani bu haqda xabardor qilgan.

Image copyright RIA Novosti
Image caption Litvinenko 1 noyabrda o‘zi uchrashgan Dmitriy Kovtun ismini tilga olmay, Lugovoy bilan birga Vladimir yoki Volodya degan odam bor edi, deydi

Boshqa ikki gumondor - Andrey Lugovoy va uning do‘sti, Litvinenko uning ismini aniq eslay olmaydi, Vadim yoki Volodya edi, deydi.

Tergovchi Xayatt bilan suhbatda Litvinenko bir necha marta bu o‘ta mahfiy uchrashuv bo‘lgani va hech kim bilmasligi kerakligini ta‘kidlaydi. Shu bilan birga "Payn" baridagi uchrashuvni tasvirlarkan, Dmitriy Kovtun ismini tilga olmaydi. Surishtiruv xodimlariga ko‘ra, Litvinenko 1 noyabrda Lugovoy va Kovtun bilan birga o‘tirgan.

"Menga uzunligi 15 sm bo‘lgan kulrang metall stakanda choy berishdi. Men choyni ichdim, choy issiq emas, iliq va bemaza edi", deydi Litvinenko.

Suhbatda Litvinenkoning ba‘zi so‘zlari umuman tushunarsiz bo‘lgani, zo‘rg‘a gapirgani, Hayyat ba‘zida uni umuman tushunmagani aytiladi.

Chorshanba, 4 fevral kuni prokuror Litvinenkoning do‘sti Aleksandr Goldfarbni so‘roq qiladi, unda guvoh maxfiy ma‘lumotlarni ochiqlashi bois, matbuot va boshqa odamlar zalga qo‘yilmaydi.

O‘tkazilayotgan surishtiruvdan maqsad- Aleksandr Litvinenko o‘limi vaziyatiga oydinlik kiritish. Xususan, hakam Ouen jarayon nihoyasida Rossiya hukumatining qotillikka aloqasi borligi masalasi haqida gapirishi kutilmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz: 44 7858 860002