Rossiya muftiysi: Musulmon qizlarning ro‘mol o‘rashiga ruxsat bering

Image copyright AP

Rossiya muftiysi Ravil Gaynuddin Prezident Putinga maktub yo‘llab, musulmon qizlarning maktab va boshqa jamoat joylarida ro‘mol o‘rab yurishlariga ruxsat etishni so‘ragan.

O‘z maktubida janob Gaynuddin ro‘mol bilan hijob yoki niqobning farqini tushuntirishga uringan va Rossiya musulmonlarining haq-huquqlarini himoya qilishga chaqirgan.

Prezident Putin avvalroq hijob o‘rashga qarshi chiqqan va bu Rossiya musulmonlarining madaniyatiga yot ekanini aytgan.

BBC Rossiya muftiysining o‘rinbosari Damir Hazrat Muhidinov bilan bog‘landi va muftiy hazratlarini bu kabi murojaat bilan chiqishga nima undadi, deb so‘radi.

Damir Hazrat Muhidinov: Birinchidan, biz oxirgi paytlarda g‘arbiy Ovro‘poda musulmonlarning huquqlari jiddiy ravishda poymol etilayotganiga guvoh bo‘layapmiz. O‘z navbatida Rossiya musulmonlari, birinchi navbatda Checheniston o‘laroq, diniy va an‘anaviy qadriyatlarning hurmat qilinishi uchun faol chiqishlar qilishdi. Buni, xususan, Frantsiyada Payg‘ambarimizning hajv qilinishlariga qarshi chiqishlarda ko‘rdik. Ravil hazrat o‘z murojaatida nafaqat bir muftiy, balki bir ota, katta bir oilaning boshlig‘i sifatida ham bir necha jihatlarga e‘tibor qaratgan. Qolaversa, biz so‘nggi paytlarda ayniqsa, Rossiya Federatsiyasining milliy jumhuriyatlarida ro‘mollar bilan bog‘liq qator muammolar kelib chiqayotganiga ham guvoh bo‘layapmiz. Masalan, Moskva Tibbiyot akademiyasida bo‘lgan holat. A‘lochi, iqtidorli toliba qizlarga faqatgina ro‘mol o‘raganlari uchun ola qarash va hatto ro‘molni taqiqlash hollari ham kuzatildi. Asrlar davomida onalarimiz, singillarimiz ro‘mol o‘rab kelishgan, bu bizning madaniyatimiz, yashash tarzimizning bir qismi.

BBC: Nega aynan ro‘mol, hijob emas?

Damir Hazrat Muhidinov: Biz bu yerda aynan ro‘molga urg‘u berayapmiz. Chunki juda ko‘p hollarda ro‘molni chodra, niqob va hijob bilan almashtirishadi. Yaqin sharq va arab davlatlaridan farqli o‘laroq, bizning mintaqamizga xos bo‘lgan bosh kiyimi, bu - ro‘moldir. Hatto sovet davridagi suratlarda ham qizlarimizning ro‘mol o‘rab, maktabga borganlarining misollarini ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, Chechenistonda qiz-ayollar hamisha o‘zlarining milliy qiyofalarini saqlashgan. Albatta, bu bizning an‘analarimiz bilan birga, diniy, islomiy kimligimiz bilan ham bog‘liq. Muftiy hazratlari prezident Putinga murojaatida shunga urg‘u berdilar. Ya‘ni, modomiki, biz ma‘naviyat haqida, ruhoniylik haqida gapirayotgan ekanmiz, ro‘molga ruxsat beraylik, degan ma‘noda. Bir tomondan, patiarx Kirill Rossiya dumasidan turib, maktablarda nasroniylik asoslarini o‘qitaylik, deb turgan paytda, ikkinchi tomondan, Rossiya Federatsiyasining ayrim sub‘ektlarida bo‘layotgani kabi, musulmonlarning qadriyatlarini taqiqlashni izohlash qiyin. Qaysidir maktab direktori yoki amaldor, muammoning dolzarbligini tushunmaydi. Vaholanki, musulmon qizning boshidan ro‘molini olishga majburlashning ham Islomni karikatura qilishdan farqi yo‘q. Bu uning haq-huquqlarini tahqirlashdir. Modomiki, Rossiya Federatsiyasi barcha diniy qadriyatlarni, qaysi din bo‘lishidan qat‘iy nazar, hurmat qilishga chaqirayotgan ekan, biz ham o‘z haqlarimizning ta‘minlanishida qat‘iyatli va davomli bo‘lishimiz kerak. Biz Prezident Putin muftiy hazratlarining maktubiga ijobiy javob berishiga ishonamiz.

Ayni paytda Rossiya muftiysi Ravil Gaynuddinov fikrlariga javoban Rossiya Maorif vazirligi maktab o‘quvchilarining kiyimini o‘zgartirish uchun asos yo‘qligi va maktab o‘quvchilarining formasi faqat dunyoviy bo‘lishini bildirgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz: 44 7858 860002