AQSh elchisi: "O‘zbekiston mintaqadagi eng ahamiyatli davlat"

Image caption Pamela Spratlen Rossiyaning mintaqadagi rolini tanqid qilgan

Qo‘shma Shtatlarning yangi tayinlangan elchisi Pamela Spratlen O‘zbekiston "mintaqadagi eng ahamiyatli davlat" ekanini aytgan.

O‘zining Toshkentda o‘tgan birinchi matbuot anjumanida Spratlen xonim AQSh Toshkent bilan bundan keyin ham "mustahkam ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish" istagida ekanini ta‘kidlagan.

"O‘zbekistonning ahamiyati uning sarhadlari bilan cheklanib qolmagan. Respublika o‘zining tarixiy va madaniy salohiyatidan tashqari Afg‘onistondagi barqarorlikni mustahkamlash ishiga katta hissa qo‘shmoqda", deya elchining so‘zlaridan iqtibos keltiradi Regnum xabar agentligi.

Vashingtonning O‘zbekistondagi yuqori martabali diplomati Toshkent bilan munosabatlarda siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik sohasidagi aloqalar bilan birga, inson huquqlarining ham ustivor yo‘nalish ekanini aytgan.

"Biz dunyoga biroz boshqacha qaraymiz, ammo bu bizning mintaqada barqarorlik va tinchlikni ta‘minlash yo‘lida mushtarak yondashuvlarni topishimizga xalaqit bermaydi", deb aytgan Spartlen xonim.

60 yoshli Spratlen xonim AQShning O‘zbekistondagi elchiligiga o‘tgan yil noyabrida tasdiqlangan.

Bungacha Qo‘shma Shtatlarning Qirg‘izistondagi elchisi bo‘lgan Pamela Spratlen o‘tgan yili Qirg‘izistonning Rossiya bilan kuchayib borayotgan aloqalari mamlakatdagi demokratiyani xavf ostiga qo‘yishini aytgan edi.

AQSh diplomati Qirg‘iziston Rossiyaning bosimi ostida AQSh harbiylarini mamlakatdan chiqarib yuborgani, Rossiya yetakchiligidagi Ovrosiyo Ittifoqiga a‘zo bo‘layotgani hamda Ukrainadagi voqealar yuzasidan Rossiyaning ohangini qabul qilgani haqida yozgan.

Qirg‘iziston va Rossiya matbuoti AQSh elchisini "sovuq urush ohangini qayta jonlantirish"da ayblagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz: 44 7858 860002