Sariog‘ochda qozoq va tojiklar o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi

Qozog‘istonning O‘zbekiston bilan chegaradosh Sariog‘och tumanida qozoq va tojik millatiga mansub odamlar o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lgan.

Bo‘stonliq qishlog‘ida yashovchi aholining ma‘lum qilishicha, qo‘shni qishloqdardan 100 ortiq odam temir tersak bilan qurollanib bostirib kelgan.

Tojik tilida saboq beruvchi ikki maktab, bir necha do‘kon va uylarning derezalarini sindirishgan ayrim uy va do‘konlarga o‘t qo‘yilgan. Yigirmaga yaqin avtomobilga zarar yetkazilgan.

To‘palonlar 5 fevral mahalliy vaqt bilan kechki soat 5:30 larda boshlangan. Qo‘llariga bolta va boshqa temir aslahalar ko‘tarib olgan g‘azabnok olomon asosan tojiklar istiqomat qiluvchi Bo‘standiq qishlog‘iga bostirib kelgan.

Bo‘standiq qishlog‘i Toshkent viloyati bilan chegaradosh hududda joylashgan.

Guvohlarning BBCga ma‘lum qilishicha, 100 dan oshiq yoshlar yo‘lida uchragan mashina va uylarning oynalarini sindirib o‘t qo‘ygan.

"Soat 5:30 da mana shu qishloqning qozoqlari, ular bilan birga yashaymiz, bu yoqdan 60 u yoqdan 80 ta bo‘lib o‘sha mahallaga qarab hammasi yugurdi. Tartibsizlik qilib, benzin otishib uylarni va mashinalarni yoqishdi. Oynalarni sindirishdi", - deydi ismi o‘zgartirilgan guvoh Nozimjon.

Guvohning ma‘lum qilishicha, bosqin vaqtida 20 ga yaqin mashinaga zarar yetkazilgan. Ularning ayrimlari yondirilgan, ayrimlari ag‘darib tashlangan. 8 ga yaqin uyning oynalari sindirilib, o‘t qo‘yishga harakat qilingan. 2 do‘kon yoqib yuborilgan.

Guvohlarga ko‘ra, bosqin uyushtirganlar qishloqdagi ikkita tojik maktabiga ham hujum qilishgan. Maktabning oynalarini sindirishgan. Partalarni boltalar yordamida chopishgan.

Hodisani o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlarning ma‘lum qilishicha, bosqin ikki yarim soatlar davom etgan. Hodisa joyiga yetib kelgan politsiya maxsus kuchlari olomonni o‘sha vaqtning o‘zida tarqatib yuborishga qurbi yetmagan.

"Shomga yaqin boshlangan bo‘lsa, xufton vaqtiga qadar hamma tomonning dabdalasini chiqarib yurdi. Oradan bir yarim soat o‘tgandan so‘ng militsiyalar keldi. Ammo ular hech qanday ish qilolmadi. Bosqinchilarni na ushladi va na qamadi. Qishloqdan 100 dan ortqi chiqib kelayotganini ko‘rdi. Ketinglar, ketinglar, deb aytdi xolos", - deydi savdo bilan shug‘ullanuvchi guvoh.

Guvohlarning aytishicha, politsiya maxsus kuchlarining ko‘z oldida tojik millatiga mansub masjid imomiga tosh otilgan va boshi yorilgan. Masjid imomi boshi yorilgach xufton nomozini o‘qishga kelgan odamlar qocha boshlashgan.

Janjalga sabab qilib qozoq millatiga mansub Baqitjan Artiqovning pichoqlangan holda o‘ldirilgani keltirilmoqda. Uning o‘limida tojik millatiga mansub Navmiddin Normetov gumon qilinmoqda.

Politsiya qotillik sabablarini maishiy xarakterda ekanligini aytmoqda.

Janubiy Qozog‘iston viloyat Ichki ishlar departamenti tarqatgan xabarda bir necha mashinaga o‘t qo‘yilgani va uylarga zarar yetkazilgani haqida aytilgan. Politsiyaga ko‘ra, jarohat olganlar va qurbonlar qayd etilmagan. Hodisa joyiga politsiyaning qo‘shimcha kuchlari yuborilgan.

Politsiyaning yetarli darajada harakat qilmagani borasidagi gaplarga oydinlik kiritish uchun matbuot xizmatiga bog‘lanishga harakat qildik. Biroq matbuot kotibini o‘z ish joyida topishning imkoni bo‘lmadi.

Bo‘stondiq qishlog‘idan biz bilan gaplashgan mahalliy aholi viloyatdan kelgan rasmiylar ishtirokida ikki tomonni yiqqan holda majlis bo‘lganini bildirdi.

Guvohlarga ko‘ra, hokimiyatdan kelgan rasmiylar bosqinni uyushtirganlar jazoga tortilishi haqida va‘da bermagan.

Politsiya idorasi vaziyat barqarorlashganini aytayotgan bo‘lsada, bosqin qurboni bo‘lgan aholi xavotirda yashayotganini bildirmoqda.

Sababi kecha tunda kelgan politsiya maxsus kuchlari qishloqni tark etgan. Odamlar ayollari va bolalarini xavfsizlik maqsadida boshqa yerlarga jo‘natgan.

"Bu yerda bir katta koloniya harbiylar bor edi. Hozir birorta ham mashina yo‘q. Hammasi ketib qoldi. Undan ham badtar bo‘lishi mumkin, degan xavotirimiz bor. Rasmiylar bunga jiddiy qaramayapti. Qo‘shimcha kuchlar yo‘q. Ko‘p odamlar Toshkentga qarab chiqib ketdi. Bola chaqasini ayrimlar Toshkent va Chimkentga yubordi", - deydi Nozimjon.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002