Merkel va Olland Ukraina inqirozini Moskvada muhokama qiladi

Image copyright Reuters
Image caption Poroshenko Merkel xonim va Olland janoblari bilan uchrashuv otashkesimga umid uyg‘otishini aytgan

Frantsiya Prezidenti Fransua Olland va Olmoniya kantsleri Angela Merkel Ukraina sharqidagi inqirozga barham berishni muhokama qilish uchun Moskvaga tashrif buyuradi.

Ularning Prezident Putin bilan muzokaralarida yangi tinchlik rejasi taqdim etilishi kutilmoqda.

Payshanba kuni ikki davlat rahbarlarining Kiyevga shoshilinch tashriflari va Prezident Poroshenko bilan tinchlik rejasini muhokamasi qariyb besh soat davom etgan. Uchrashuv tafsilotlari hozircha ma‘lum emas.

Poroshenkoning aytishicha, Merkel xonim va Olland janoblari bilan uchrashuv "otashkesimga kelishga umid uyg‘otadi".

Kiyevdagi muzokaralardan oldin Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Putin ilgari surgan Ukraina inqiroziga barham berish rejasi inobatga olinishi kerakligini aytgan.

Biroq Ukraina tomoniga ko‘ra, yangi reja muzokaralar vakillari ishtirokida tuzilgan va Putinning hech qanday hujjatini ko‘zda tutmaydi.

Ukraina Prezidenti saytida chop etilgan xabarga binoan, "tomonlar Donetsk va Luganskdagi inqirozni tinch yo‘l bilan yechishni quvvatladilar, hamda reja Rossiyaga ma‘qul kelishidan umid bildirdilar".

Image copyright AFP

Kiyevda bo‘lgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining so‘zlariga ko‘ra, Vashington ham inqirozni diplomatik yo‘l bilan yechilish tarafdori, lekin Rossiya tajovuzkorligiga ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Moskva bo‘lginchilarni qurol bilan ta‘minlab qolmay, Donetsk va Lugantskdagi janglarda isyonchilar qatorida doimiy armiyasi ishtirok etayotgani haqida Ukraina bilan G‘arb ayblovlarini inkor etib keladi.

BMTga ko‘ra, Ukraina sharqida aprel oyidan buyon davom etayotgan qarama qarshiliklar natijasida qurbonlar soni 5400 dan oshgan.

Image copyright AFP

Oxirgi haftalarda janglar shiddati kuchayib ketgan.

AQSh vitse prezidenti Jo Bayden Bryusselda OI rahbarlari bilan uchrashgan. Vashington rossiyaparast bo‘lginchilarga qarshi kurashda Kiyevga qurol yetkazib berish lozim demoqda.

Shu bilan birga, NATOning Ukrainaga qadami qon to‘kishlarni oshirishi mumkinligini ham tan olgan.

Xavfsizlik kengashining Myunxenda ochiladigan yillik anjumanida Ukraina inqirozini hal etish bosh masala bo‘lishi kutilmoqda.

O‘t ochishni to‘xtatish umidi

Image copyright AFP

Prezident Olland iva Merkel juma kuni kechqurun Prezident Putin bilan uchrashib, tinchlik rejasini muhokama qiladi.

Kiyevdagi muzokaralardan oldin janob Olland o‘zi va Merkel Ukraina hududiy birligiga asoslangan va hamma uchun foydali bo‘lgan tinchlik rejasini ilgari surishlarini bildirgan.

Shu bilan birga u diplomatiya nihoyasiz davom etmasligidan ham ogohlantirgan.

Rossiya ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, yangi tinchlik rejasi Donetsk va Luganskdagi rossiyaparast bo‘lginchilarga bir qadar avtonomiya berish va ular talab qilayotgan o‘t ochishni to‘xtatish chegarasini belgilashni ko‘zda tutishi mumkin.

Kreml matbuot kotibi Peskov tafsilotlarini ochiqlamagan holda, janob Putin "Ukrainadagi fuqarolar urushiga chek qo‘yish"ni ovro‘polik hamkasblari bilan muhokama qilishini bildirdi.

2014 yil sentyabrida erishilgan Minsk kelishuvi o‘t ochishni to‘xtatish, og‘ir artilleriya qurollarini olib chiqish, asirlarni almashish hamda Ukraina va Rossiya chegarasida xalqaro kuzatuvni ta‘minlash shartlarini o‘z ichiga oladi.

BBCning Moskvadagi muxbiri Sara Raynsfordning xabar berishicha, Moskvaga o‘tgan yildan buyon ilk bor tashrif buyurayotgan Merkel xonim Putin bilan muzokaralarga umid bilan qarayotganini ko‘rsatadi.

Bu shuningdek, AQSh Kiyevga qurol yetkazib berar ekan, Moskva bo‘lginchilarga dastakni yanada ko‘paytirishi va Ovro‘poning qoq yuragida xavfli urushni alanga oldirishidan xavotirlarni anglatadi.

Payshanba kuni Kiyevda Ukraina Bosh vaziri bilan uchrashuvdan so‘ng matbuot anjumani bergan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Obama hamma variantlarni, jumladan Kiyevni bo‘lginchilarga qarshi mudofaa qurollari bilan ta‘minlash choralarini ko‘rib chiqayotganini eslatgan.

AQSh hozirda Ukraina armiyasiga zirhli kiyimlar va tunda ko‘rish vositalari yetkazib beradi.

O‘z navbatida Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi AQShning Ukrainaga qurol yetkazib berish harakatlari Rossiya- Amerika munosabatlariga ulkan zarar yetkazishini ta‘kidladi.

Shuningdek, bir qancha ovro‘polik mulozimlar Ukrainaga Amerika uchuvchi qurollarning yetkazilishi oqibatlaridan xavotir izhor etganlar.

Qrim anneksiyasidan so‘ng o‘tgan yilning aprel oyida Ukraina sharqida boshlangan bo‘hron orqasidan 1,2 millionga yaqin ukrainaliklar uylarini tashlab chiqqanlar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz: 44 7858 860002