Bi-bi-siga aytaman: Karimov ketsa, O‘zbekistonda urushlar boshlanib ketadimi?

Image copyright EPA

O‘zbekistonda Karimovdan keyin hokimiyatni o‘rindoshiga qoldirish mexanizmi shu paytgacha yaratilmadi.

Aslida bu murakkab yuridik masala va tegishli qonunlarni tayyorlash, konsitutsiyaga qo‘shimchalar kiritish uchun ancha vaqt va malakali mutaxassislar mehnati zarur bo‘ladi.

Ammo Karimovga "sizdan keyin saltanat kimga qay tarzda va qay shartlar bilan topshiriladi?"- deb so‘raydigan mard uning yon atrofida yo‘q.

Bu narsa Karimovga kerak emas. Chunki undan keyin butun mamlakat hokimiyat uchun talashadigan siyosiy arboblar, siyosiy kuchlar to‘qnashuvi bois qonli to‘qnashuvlar maydoniga aylanadigan bo‘lsa, Karimov murod- maqsadiga erishadi. Shuning uchun bu asnoda biror harakat qilayotgani yo‘q.

Uning maqsadini men quyidagicha tushunaman. "Johil Karimov yurtimizda qattiq qo‘llik, repressiyalar vositasida bo‘lsada, tinchlik, barqarorlikni ta‘minlab kelgandi", deyishiga, va oxir oqibat uning barcha jinoyatlarini, uning buyrug‘i bilan amalga oshirilgan Andijon qatliomini xalq unutishiga u umid bog‘laydi.

Vaziyat keskinlashib, qonli tus olishiga quyidagi omillar turtki berishi mumkin.

1.O‘zbekistonda MXX xodimlarning amaldagi soni, iste‘foga chiqib faol ehtiyot ro‘yxatida turganlardan tashqari, 100 mingdan oshadi.

Bundan tashqari har qadamda militsiya xodimlarini uchratish mumkin. Ular tarkibining haqiqiy soni xususida aniq ma‘lumot yo‘q. Mening taxminimcha O‘zbekistondagi militsiya xodimlaring soni butun Yevropa Ittifoqidagi politsiyachilar sonidan ko‘proq bo‘lsa kerak. Bu raqam yaqin kelajakda aniqlanadi.

Mana shunchalik ko‘p sonli kuch ishlatuvchi armiya asosan bir odamning — Karimovning xavfsizligini ta‘minlash va u yaratgan mustabid rejimni saqlab qolishga xizmat qiladi.

Mening fikrimcha, Karimovning o‘rindoshi kim bo‘lishidan qat‘iy nazar, kuch ishlatar organlar sonini kamida 4—5 marta, davlat tizimida bolalab ketgan amaldorlar sonini 3—4 marta qisqartirishga majbur bo‘ladi. Aks holda iqtisodiy taraqqiyotni, ijtimoiy himoyani ta‘minlash mushkul.

Shu paytgacha katta vazifa ortidan, korruptsiya va boshqa jinoyatlar, birovlarning biznesini tortib olish vositasida boylik orttirgan amaldorlar, vazifadan musavo bo‘lgach, qachon qamalishi va boyliklari musodara bo‘lishini kutib o‘tirarmidi?

2.Har bir yangi hukumat albatta, zinhor yalpi audit o‘tkazib mamlakatning real iqtisodiy va moliyaviy ahvolini oshkor etishga mahkum. Uning natijasi har qanday odamni esankiratib, shok holatga tushirishiga men aminman. Chunki faqat elektr energiyasi sohasidagi statistik ma‘lumotlar kamida ikki marta bo‘rttirib ko‘rsatilgan, deb menga O‘zbekistonda yirik lavozimlarda ishlagan 10—15 energetiklar qayta qayta ta‘kidlashgan edi.

Juda katta jinoyatlarga yo‘l qo‘ygan amaldorlarni hibsga olib, jazolash ham kun tartibida turadi.

Shunday bo‘lishini e‘tiborga olib, har qanday yirik amaldor, siyosiy arbob qo‘lidan kelgancha hokimiyat uchun kurashishga harakat qilishiga ishonaman. Bu asta-sekin janjallar qon to‘kilishiga olib kolib fuqoraviy urushga aylanib ketish ehtimoli kuchli deganidir.

Men biznesini tortib olib, o‘zini qamagan tadbirkorlar, nohaq siyosiy va diniy ayblar bo‘yniga qo‘yilib qamalib, ko‘p qiynoqlarga solingan mahbuslar ozodlikka chiqib, haqqini talab qilishi, bosh ko‘tarishini hisobga olmayapman, chunki uning miqyosi nisbatan chegaralangan bo‘lishi mumkin.

Karimov qudratdan ketgandan so‘ng, uning o‘rindoshi kim bo‘lishidan tashqari, yarim bir yil mobaynida O‘zbekistonda hokimiyat uchun kurash qonli janglarga aylanib ketishi muqarrar.

Toshpo‘lat Yo‘ldoshev.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002