Rashod qori jihodga da‘vat qilganlikda ayblanmoqda

Qorasuv shahridagi As-Sarahsiy masjidi imomi, taniqli diniy arbob Rashod Kamolov "Qirg‘iziston fuqarosini Suriyaga borishga da‘vat etdi" degan ayb bilan ushlangan.

Qirg‘iziston Ichki Ishlar Vazirligi O‘sh va Jalol-Obod viloyatlarida diniy ekstremizmga qarshi kurash amaliyotlarini olib borishini e‘lon qilgan.

Vazirlikning bildirishicha uning o‘ninchi bo‘limi tarafidan imom Rashod-qori Kamolov qo‘lga olinib, ikki sutkaga ushlangan.

Rasmiy bildirishga qaraganda, imom mahalliy jamoani xalifat qurishga undab, Suriyadagi urushga otlanishga da‘vat etgani aytilmoqda.

Ichki Ishlar Vazirligining Bi-bi-siga bildirishicha u internet hamda uyali telefon orqali ham bu ishlarni yuritgan.

Rashod-qori Kamolovning uyi tintuv qilingan, va vazirlikning aytishicha, uydan ekstremistik ruhdagi kitoblar va boshqa ashyolar topilgan.

Bu hol bo‘yicha jinoiy ish ochilib, surishturuv ishlari boshlangan.

Imom Rashod-qori Kamolov taniqli diniy arbob Muhammadrafiq-qori Kamolovning o‘g‘lidir. Uning akasi Sodiqjon Kamolov Qirg‘izistonning birinchi muftiysi, hamda ilk Parlament a‘zosi bo‘lgan.

Ma‘lumki, Muhammadrafiq-qori 2006 yili O‘shda huquq-tartibot organlari tomonidan mashinada ketayotganida otib o‘ldirilgan edi.

Rashod-qori Kamolovning qo‘lga olinishi uchinchi marotaba yuz bermoqda.

Rashod-qori Kamolovning oila a‘zolari, himoyachisi yo yaqinlari bilan aloqa qilib ularning hodisaga munosabatini bilishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002