Minskdagi muzokaralar oldi Ukrainada o‘q otishlar to‘xtamayapti

Image copyright Reuters

Ukraina, Rossiya, Olmoniya va Frantsiya rahbarlari Ukraina sharqidagi inqirozga barham berishni muhokamasi uchun Minskda uchrashishlari kutilmoqda.

Biroq to‘rt davlat rahbarlari tinchlik rejasi bo‘yicha bir qarorga kelishlari hozircha noma‘lum.

Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi vakili Moskva optimistik ruhda ekanini aytgan.

Image copyright AFP

Mahalliy vaqt bilan 14.00 gacha rahbarlar Minskka yetib borishadi. Soat 15.00gacha jurnalistlar yig‘ilishadi. Uchrashuv 15-18.00 da bo‘lib o‘tadi.

Ukraina sharqida esa bo‘lginchilar va hukumat kuchlari o‘rtasida janglar davom etayapti.

Image copyright AP

Prezident Pyotr Poroshenko Minskka jo‘nash oldidan seshanba kuni o‘qqa tutilgan Kramatorskka borgan. Ukraina rahbari bo‘lginchilarni kasseta bombalari ishlatganlikda ayblagan va buni sammitda muhokamaga qo‘yishini bildirgan.

Ayirmachilar bu iddaoni rad qilganlar va hukumat kuchlari tinch aholi yashaydigan hududlarni artilleriya hujumiga tutganini aytganlar.

Xabarlarga ko‘ra, artilleriya hujumlari natijasida kamida 8 kishi halok bo‘lgan.

Bundan oldin Ukraina armiyasi 19 harbiysini yo‘qotgani, 70 dan ortig‘i jarohatlangani ma‘lum qilgan.

AQSh Prezidenti Barak Obama seshanba kuni Putin bilan telefon muloqotida Ukraina masalasida Rossiya o‘z siyosatini o‘zgartirmas ekan, buning oqibatlari jiddiy bo‘lishidan ogohlantirgan.

Obama Ukraina o‘zini Rossiya tajovuzidan himoya qilishga haqqi borligi va buning uchun AQSh zarur bo‘lganda mudofaa qurollari yetkazib berishga tayyor ekanligini ham ta‘kidlagandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002