Al-Jazira jurnalistlari ustidan qayta mahkama boshlandi

Image copyright none
Image caption Muhammad Fahmiy Misr fuqaroligidan voz kechgan. U Kanadaga deportatsiya qilinishi mumkin, ammo Bahir Muhammadda xorij pasporti yo‘q

Misr mahkamasi Al-Jazira 2 nafar jurnalisti ustidan mahkama ishini qayta ko‘rib chiqmoqda.

Jurnalistlar o‘tgan yil yolg‘on xabarlar tarqatish va terrorchi guruhga yordam berishda ayblanib jazoga tortilgandi.

Muhammad Fahmiy va Bahir Muhammad avstraliyalik hamkasblari Piter Greste bilan birga qamoqqa tashlangandi.

O‘tgan oy Qohiradagi appelyatsiya mahkamasi jurnalistlarga chiqarilgan hukmda jiddiy muammolar borligi va dalillar bilan dastaklanmaganini aytgan va ishni qayta ko‘rib chiqishga buyruq bergandi.

Image copyright AFP
Image caption Piter Greste

Avstraliyalik Piter Greste o‘tgan hafta ozod etilgan va xorijiy fuqarolarni deportatsiya qilishga oid qonun asosida mamlakatdan chiqarib yuborilgandi.

Muhammad Fahmiy Kanadaga deportatsiya bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritish uchun Misr fuqaroligidan voz kechgan, ammo Bahir Muhammad xorij pasportiga ega emas.

Al-Jazira muxbirlari 2013 yilda Misr harbiylari Prezident Muhammad Mursiyni hokimiyatdan ag‘darganidan so‘ng "Musulmon birodarlar" bilan hamkorlik qilishda ham ayblanganlar.

Jurnalistlarning o‘zlari faqatgina Misrda yuz bergan hodisalarni yoritganlarini aytib, ushbu ayblovlarni qat‘yan rad qilishgan.

Ular bir yildan buyon Misr turmasida saqlanayotgan edilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02