"Huquqim qayta tiklanmaguncha saylovda ovoz berishdan bosh tortaman"

O‘zbekistondagi deyarli barcha oliy mutasaddi idoralardan muammosiga yechim topa olmagan Faxriddin Hoshimov saylovda qatnashish huquqini rad etishga qaror qilgan.

O‘zbekistondek mamlakatda huquq-tartibot organlarining qora niqoblilari bir tashkilotni "bosib", u yerda bo‘lgan har bir kishini do‘pposlab, qo‘lidagiyu-yonidagi hamma narsani tortib olsa, bu joyga mehmonga kelganning gaplariga quloq solmasdan, yerto‘laga solib ikki kun do‘pposlasa, kimga shikoyat qilish kerak?

Xatolik yuz berganini tushuntirish uchun O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga murojaat qilsayu, hatto Bosh prokuratura ham ismi-sharifi yoki tortib olingan mulki biror joyda qayd etilganini ko‘rsatadigan hujjatni topib bera olmasa, qanday yo‘l tutmoq lozim?

Mana shunday vaziyatga tushgan toshkentlik Faxriddin Hoshimovning O‘zbekiston Markaziy Saylov Komissiyasi raisi Mirzoulug‘bek Abdusalomovga murojaat qilishdan o‘zga chorasi qolmadi.

O‘g‘il farzandi tug‘ilgani munosabati bilan aqiqa tadbiriga do‘stini chaqirish uchun Faxriddin Hoshimov 2014 yil 10 aprel kuni Toshkentdagi "Madina Trans Logistik" shirkatining idorasiga keladi.

Shu payt idoraga 20-25 tacha organlarning qora niqoblilari bostirib kiradilar.

Ofisda kimki bo‘lsa, hammani yerga yotqizib, qo‘llariga kishanlar soladilar.

Idora ichidagi va tashqarisidagi hamma narsa musodara qilinadi.

Keyin huquq-tartibot idorasiga olib borilib, hammadan "Madina Trans Logistik" shirkati haqida ma‘lumot berish talab qilinadi.

Faxriddin Hoshimov bu yerga nima maqsadda kelganini aytsa ham, ikki kun kaltaklanadi.

Va nihoyat uni xato qilib qo‘lga olishganini anglashadi va qo‘yib yuborishadi.

Lekin Faxriddin Hoshimov tintuv paytida o‘zining Iphone mobil telefonini, do‘st-birodarlari o‘g‘il bilan tabriklab suyunchi sifatida bergan 1500 dollarcha pulini va "Madina Trans Logistik" tashqarisida turgan SPARK avtomobilini tortib olib qo‘yishganini aytadi.

Tergovchilar, "o‘zimiz chaqiramiz", deb chiqarib yuborishadi.

Oradan bir oy o‘tadi, ikki oy o‘tadi hamki, hech kim chaqirmaydi.

Nihoyat o‘zi borib so‘rasa, militsiya Xavfsizlik xizmatiga murojaat qilishi lozimligini aytishadi.

Ulardan esa umuman hech qanday ma‘lumot olib bo‘lmaydi.

So‘rab-surishtirib, "Madina Trans Logistik" MChJ rahbarlari ustidan jinoyat ishini Toshkent shahar prokuraturasi tergov qilayotgani ma‘lum bo‘ladi.

Yana biror o‘zgarish bo‘lmaydi.

Keyin esa umuman jinoyat ishi qaytarib olinganini ma‘lum qilishadi.

Jinoyat ishi respublika Bosh prokuraturasiga, undan keyin esa Surxondaryo viloyat prokuratasiga oshirilganini aytishadi.

Ammo bu jinoyat ishida Faxriddin Hoshimovning nomi ham, unga tegishli buyumlar ham qayd etilmagan.

Ko‘plab yuqori idora-tashkilotlarga yo‘llangan murojaatlarga "ko‘rib chiqish uchun yuborildi"dan boshqa ma‘nili javob bo‘lmaydi.

Nihoyat Faxriddin Hoshimov Markaziy Saylov Komissiyasi raisi Mirzoulug‘bek Abdusalomovga shikoyat maktubini yozishga qaror qiladi.

Bu maktubda u o‘zining O‘zbekiston fuqarosi sifatidagi huquqlarini davlatning mas‘ul idora-tashkilotlari poymol etayotgani boisidan 21 dekabrdagi parlament saylovida ovoz berishdan bosh tortishini ma‘lum qiladi.

Ushbu shikoyatdan so‘ng respublika Milliy Xavfsizlik xizmatidan chaqirib savol-javob qilishadiyu, shu bilan yana jimib ketishadi.

29 mart kuni mamlakatda prezidentlik saylovi mo‘ljallangan.

Demokratik jamiyatda davlat o‘z fuqarosidan saylash, saylanish huquqidan foydalanishni talab qilar ekan, fuqaroning ham davlatni tamsil qiladigan idora-tashkilotlaridan o‘z zimmalaridagi vazifani mamlakat konstitutsiyasi, qonunlari doirasida ado etishlarini talab qilishga haqqi bor.

Ana shu mantiqdan kelib chiqib Markaziy Saylov Komissiyasiga maktub yo‘llagan Faxriddin Hoshimov 6 fevral kuni Markaziy Saylov Komissiyasidan javob xati oldi.

Bu javobda, "sizning murojaatingizda ko‘tarilgan masalalar Markaziy Saylov Komissiyasining vakolatiga kirmaydi", deyiladi.

"Bu masalani ko‘rib chiqish vakolatiga kiradigan tashkilotlarning xodimlari o‘z ishlarini qonun asosida bajarmayotgan bo‘lsa, men esa qariyb bir yildan buyon na mashinamni, na pulim, na telefonimni qaytarib ololayotgan bo‘lsam, nima qilishim kerak?", degan savolni qo‘yadi Faxriddin Hoshimov.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer