Janubiy qozog‘istonliklar Rossiya bilan chegaradosh shimolga ko‘chiriladi

Image copyright BBC World Service

Qozog‘iston hukumati janubda yashovchi aholini shimolga ko‘chirish borasida bosh qotirmoqda. Ushbu amal janubiy mintaqalardagi aholi zichligini kamaytirish va shimolda yildan yilga kamayib borayotgan odamlarning o‘rnini to‘ldirish maqsadida qilinayotgani aytilmoqda.

Kuzatuvchilar Ukraina hodisalaridan so‘ng Qozog‘iston shimolidagi millati rus bo‘lganlarning soni ko‘pligiga e‘tibor qaratishgan.

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirligi aholini ko‘chirish borasida qonun loyihasi tayyorlaganini ma‘lum qilgan.

Mutaxassislarning hisob kitobiga ko‘ra, Qozog‘istonda har yili 300 ming odam u mintaqadan bu mintaqaga ko‘chib o‘tadi. Hukumat ushbu jarayonga aralashib uni tartibga solmoqchi.

Hukumatdagilarning ta‘kidlashicha, hozir biror chora ko‘rilmasa, yaqin yillar ichida shimoldagi aholi soni deyarli bir million qisqarib ketadi. Janubda esa 5 millionga ko‘tarilib ketadi.

Bu kabi nomutanosiblikning oldini olish uchun Vazirlar mahkamasi zarur choralar ko‘rishga qaror qildi.

Rasmiylar ushbu choralar hech kimni majburan ko‘chirishni nazarda tutmaganligini aytmoqda.

Biroq yangi qonun ko‘chib o‘tuvchilarga mo‘maygina pul, transport harajatlarini qoplash, kafolatgan ishchi o‘rinlari va arzon ijara boshpana taklif qilishi mumkin.

Bundan tashqari hukumat yotoqxonalar va shimoldagi oliy o‘quv yurtlariga grantlar sonini oshirishni reja qilmoqda.

Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vaziri Tamara Duysenova jurnalistlar bilan uchrashuvda ko‘chirish ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishini aytgan.

"Ko‘chirish ixtiyoriydir. Agar odam ko‘chishni istasa ko‘chishi mumkin. Qani ko‘chib o‘tinglarchi, degan bosim bo‘lmaydi. Fuqarolarimizga aniq mutaxassislik bo‘yicha aniq bo‘sh ish o‘rni bor ish beruvchilar mavjud aholi punktini taklif qilamiz", - deydi Tamara Duysenova.

Ukrainadagi hodisalar va Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishi ortidan Qozog‘istondagi jamoatchilik vakillari Rossiya bilan chegaradosh shimolga mahalliy aholini ko‘chirish lozimligini uqtirib keladi.

2014 yilgi aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra Qozog‘istonda 3,5 milliondan ortiq rus istiqomat qiladi. Ular umumiy aholining 21 foizini tashkil qilib mamlakatda qozoqlardan so‘ng eng ko‘p millat bo‘lib turibdi.

E‘tiborli tomoni ruslarning ko‘pchilik qismi Rossiya bilan chegaradosh viloyatlarda yashaydi.

Shimolda ruslarning soni o‘rtacha 40 foizni tashkil qiladi. Shimoliy Qozog‘iston viloyatining qariyb 50 foizini ruslar tashkil qiladi.

Rasmiylar rejalanayotgan ko‘chishlar geosiyosiy vaziyat bilan qanchalik bog‘liq ekanligi borasida biror izoh bermagan.

Biroq Qozog‘istonning demografik xaritasiga nazar solish bilan buyuk ko‘chish Rossiyadan kelishi mumkin bo‘lgan xavfning oldini olish maqsadida qilinayotganini payqash qiyin emas.

2014 yil o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, aholi eng keng joylashgan mintaqa to‘rtligini g‘arbiy, markaziy va janubiy g‘arbiy viloyatlar tashkil qiladi.

Aqto‘ba, Qarag‘anda, Qizilo‘rda va Mang‘istau viloyatlarida hukumat tomonidan tahlikali deb baholanayotgan shimoliy viloyatlarga qaraganda aholi zichligi kamroq.

Biroq hukumat aholi zichligi umum mamlakat ko‘rsatgichlari bo‘yicha o‘rtachani tashkil qilayotgan aynan shimoldagi mintaqalarga ko‘chishni qo‘llab quvvatlamoqchi.

Ukraina hodisalaridan so‘ng Qozog‘iston hukumati mamlakatga keluvchi etnik qozoqlarning joylashuvi va fuqarolik olishiga yengilliklar kiritgan edi.

Endiliklar ko‘chib kelayotgan o‘ralmonlar o‘zlari istagan mintaqada yashashi va bir yilning ichida fuqarolik olishlari mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002