BBCga aytaman: "Televizormi yoki dilbuzarmi?!"

"Aqlli" televizorlarda ovozlarni yozib olish funktsiyasi mavjudligi tasdiqlandi, deb xabar kiladi kun.uz . Bunday televizorlar foydalanuvchilar haqidagi shaxsiy ma‘lumotlarni turli tashkilotlarga yuborar emish.

Mana shu xabarni o‘qigach, 3 kundan beri o‘zimga kela olmayapman, dilim xira. Og‘zi kuygan kishi, qatiqni ham puflab ichadi deganlaridek, kamina ham o‘z soyasidan qo‘rqadigan bo‘lib qolganiga ancha zamonlar bo‘lgan. Demoqchi bo‘lganim, kamina choyxona-poyxonaga borganda, ulfatlar u-bu narsa haqida kuyinib gapirsa, darrov "immunitet" ishga tushib, sheriklarni "kelinglar, shu siyosatdan gapirmaylik..," deb xushyorlikka chaqirib turishga shartli refleks ottirgan. Nima gapim bo‘lsa uyda TVni yuziga baralla ovozda aytishga o‘rganib qolganman. Aslida, shunaqa "shartaki" insonman o‘zi, ishonavering! Ko‘cha-kuyda, ishxonada, hattoki xotinga ham aytib bo‘lmaydigan "dardlarimni", shu televizor bilan bemalol bo‘lishardim. Ichim bo‘shagandan keyin, onadan yangi tug‘ilgandek, o‘zimni yengil tortib yana kundalik mayda-chuyda ishimda davom etardim, shu xabarni o‘qishga qadar, albatta.

Odatda, nimalar deyishimni tasavvur qilish o‘zingizga havola, chunki menda kabel TV yo‘q, faqat mahalliy kanallarni tomosha qilaman.

Asosiy kirish so‘zlarim "olaaa, yo‘g‘eeee, eeee…q-o-yiiil…". U yog‘i bolaxonador bo‘lib o‘zidan-o‘zi beto‘xtov quyilib kelaveradi.

Har hil "uzun quloq gaplarga" qaraganda, "Malibu" rusmli mashinaga eshitish chiplari o‘rnatilgan degan so‘zlar avvallari ham quloqqa chalingandek bo‘lgandi. Lekin ularga e‘tibor bermasdim. Sababi bunday qimmat mashinani kamina hattoki tushida ham sotib ololmaydi.

Endi-chi, televizorning ovozingni yozib olib jo‘natishi... bunisi oshib tushdi lekin. Chidab bo‘lmaydigan xabar...

Demak, endilikda shu yagona quvonchim bo‘lmish "so‘z erkinligimni" ham ko‘ra olishmayaptimi?!

Nima qilishni bilmay odam garang, bu yog‘iga qanday qilib ichni bo‘shatishga... Undan tashqari, xavotir ham bosmoqda, hali yillab aytib kelgan "erkin fikrlarimni" yozib olib kerakli joyga jo‘natgan bo‘lmasin tag‘in, bu dilbuzar qurg‘ur. "Aqlli" bo‘lgan oynayi-jahoningga ham o‘t tushsin! Peshona tering bilan topgan pulingga o‘zingga qarshi ayg‘oqchi "quloq" sotib olsang-a kishi?! Eng ishongan "sirdoshing" orkadan pichoq urib tursa-ya! Bunaqada o‘zingga bo‘lgan ozgina ishonchni ham yo‘qotasan kishi. Qanaqa zamonlarga qoldik-a o‘zi?!

Xullas, bu raqobatchi kompaniyalarning bir uydirmasi deb umid qilib qolishdan boshka choramiz yo‘qdek ko‘rinadi. Yoki bo‘lmasa uydagi bor apparaturani qaynab turgan qozonga tashlashdan boshqa iloji qolmayapti, shekili?! Siz nima deysiz?

Ashaddiy telemuxlis

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002