O‘zbekiston: "Taksi Nyus" - "ishonchli manba"

O‘zbekka haydovchisiz taksi qanchalar kerak?

Toshkent ko‘chalarida odam boshini qashishga ham xijolat. Sababi, bir zumda oldingda kamida 5-6 ta avto-ulov durdek tizilib ketadi.

Bu borada Toshkent dunyodagi kamdan-kam shaharlardan bo‘lsa kerak, ya‘ni odamlar taksini orqasidan emas, balki taksi odamlarning ketidan quvib yuradi.

Ba‘zida, haydovchilar mijoz talashib, urushib ketganiga ham guvoh bo‘lasiz.

Shu baraka topgur taksichilar uzoqni yaqin qilishadi, keyin yo‘li bo‘lsa, arzonroqqa manzilingizga yetib olish imkoni ham bor.

"Taksi Nyus" - "ishonchli manba"

Eng asosiysi, odatda, hech qayerda berilmagan so‘nggi yangiliklarni taksichilardan eshitasan, kishi.

El orasida yurishgani sababli, ular ancha narsadan xabardor bo‘ladi.

Shungami, u-bu shubhali shum xabar chiqsa, odamlar uning nechog‘li to‘g‘ri ekanligini bilish uchun "bu haqda ko‘chadagi taksichilar nima deyishyapti?", deb qiziqishadi.

Xullas el orasida "Taksi Nyus (Xabarlari)" degan bir atama xam paydo bo‘lgan.

Shu sababli, shinavanda haydovchi mashinasiga o‘tirib qolsang, "Chorsuga" borishing kerak bo‘lsa ham, unutib, qanday qilib "Otchopar" bozoriga borib qolganingni bilmay qolasan kishi.

Gohida, qaysi soha bo‘lmasin, hamma savolingga shu taksichilarda javob bordek tuyuladi…

Chunki kirakashlarlarning orasida professorlari ham yo‘q emas-da.

Ba‘zida yo‘lkiraga qo‘shimcha ustama ham berging keladi, chunki ulardan noyob hikoyalarni eshitasan.

Yuqorida aytganimdek, taksichilar mijoz "ovlasa", o‘z o‘rnida, ularni "ovlaydigan kushandalar" ham bor - soliqchilar.

2012 yilning 1 yanvaridan boshlab joriy qilingan taksichilik faoliyatiga doir yangi tartibga ko‘ra, fuqarolarning maxsus litsenziyaga ega bo‘lmasdan kirakashlik qilishi taqiqlanadi. Ushbu tartibni ilk bor buzgan taksi haydovchilariga ma‘muriy jazo, ikkinchi bor buzgan jismoniy shaxsga jinoiy jazo qo‘llaniladi.

Ba‘zida taksiga o‘tirsang, haydovchi "ukam, u-bu kim mabodo yo‘lda to‘xtatib qolsa, tanishimsan, tushundingmi?.." deydi. "Iye, akajon, a bu litsenziya olib, bemalol tirikchilik qilmaysizmi?", - deb so‘rasang, "ukam, ko‘tarmaydi… mashina bo‘yatish, soliq va arenda to‘lash… a bu bola-chaqaga nima qoladi?", - degan javobni eshitasan. "A, Xudo ko‘rsatmasin, qo‘lga tushib qolsangiz-chi?", - deb so‘raganimda, bitta haydovchi aka, bir rivoyatni aytib berdi:

"Xullas, qadim zamonlarda, bir podshohlikda, chopar yugurib kelib shohga qarata: "Olampanoh, bir qoshiq qonimdan keching, tog‘dan bir dev kelyapti", degan ekan. Shunda shohning beg‘am va bexavotir o‘tirganini ko‘rgan chopar hayron bo‘lib so‘rabdi: "Olampanoh, nega jimsiz, pinagingizni ham buzmadingiz?!", deb. Shunda shoh choparga "qara-chi, og‘zi bor ekanmi devni?!" debdi.

Avvaliga men ham tushunmadim, keyin haydovchi aka "agar "og‘zi" bo‘lsa, kelishib ketamiz", degan ma‘no yotadi bu yerda, deb talqin qilib berdilar. "O‘sha solig‘ching ham kichkina summaga rozi bo‘lmasa, katta summaga baribir rozi bo‘ladi. Axir, uning ham "og‘zi" bor-ku" deb tushuntirib berdilar.

Haydovchisiz taksi

"Aka, lekin Angliyada haydovchisiz taksi yo‘lga qo‘yilish arafasida ekan. Shu tajribani bizda ham qo‘llash maqsadga muvofiq emasmi, apparatga plastikda ham bemalol to‘lab ketsa bo‘larmidi?", - deb suradim.

Image copyright AP

Shunda haligi kirakash aka menga qarata "ukam, shuni bilib qo‘y, bunga birinchi o‘rinda bizdaqa taksichilar emas, balki o‘sha "og‘zi borlar" qarshi bo‘lishadi. Kim o‘z tirikchiligini "kesish"ni xohlaydi, bir o‘ylab ko‘rgin", - dedi.

Qolaversa, odam odam bilan tirik deganlari shu bo‘lsa kerak, ya‘ni taksichilar binoyidek psixolog ham. Shu dardingni tanimagan, bilmagan bir kishiga bemalol tekinga dasturxon qilasan. G‘arbda bu uchun mo‘maygina pul to‘lashingiz kerak. Lekin buning aksi ham bo‘lib turadi - "vampir" taksichi o‘z dardini senga to‘kib soladi. Shunday bulsa-da, kimsasiz bo‘m-bo‘sh temir aravaga o‘tirgandan ko‘ra, shunaqa haydovchi bilan ketgan ma‘qulroqmikin?.. Xullas, inson qadri o‘lmasin!

Shunday dunyoqarash mavjud ekan, hukumatning litsenziyasiz kirakashlarning faoliyatini tartibga solishi anchayin qiyin va uzoq bo‘ladi, deb baralla aytsa ham bo‘laveradi.

Toshkentlik yulovchi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02