"Islomiy Davlat" yana 45 kishini tiriklayin yoqib o‘ldirdi"

Image copyright BBC World Service

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, bu mash‘um hodisa Iroqning guruh kuni-kecha bosib olgan al-Bag‘dodiy shahrida yuz bergan.

Qurbonlarning shaxsi va nima uchun bu kuyga solinganliklari sababi ma‘lum emas.

Ammo oralarida xavfsizlik kuchlari xodimlari ham borligi aytilmoqda.

Bu haqda al-Bag‘dodiy shahri politsiya boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Qosim al-Ubaydiy bildirgan.

"Islomiy Davlat" Iroqning g‘arbiy Anbar viloyatidagi bu shaharchani o‘tgan hafta bosib olgandi.

Ta‘kidlab o‘tish joiz, al-Bag‘dodiyning shundoqqina biqinida AQSh harbiy bazasi ham joylashgan.

Polkovnik janoblariga ko‘ra, hozir Iroq xavfsizlik kuchlarining oilalari va mahalliy mulozimlar jangarilarning nishoniga aylanishgan.

Xuddi shu bois ham, bizga Iroq hukumati va xalqaro hamjamiyatning ko‘magi zarur, deb aytgan politsiya boshqarmasi boshlig‘i.

Ammo al-Bag‘dodiyda hanuz janglar kechmoqda. Shaharcha bilan aloqa ham yaxshi emas.

Shu bois ham, guruhning yangi qilmishlari haqidagi xabarlarni tasdiqlash oson emas.

Joriy oy boshida tutqundagi iordaniyalik uchuvchining jangarilarning qo‘lidan xuddi shunday o‘lim topgani aks etgan videolavha butun dunyoni larzaga solgandi.

Al-Bag‘dodiy...

Image copyright Reuters

Shaharcha bir necha oylik qurshov ortidan, o‘tgan payshanba kuni "Islomiy Davlat" guruhining qo‘liga o‘tgandi.

Bungacha al-Bag‘dodiy g‘arbiy Anbar viloyatidagi Iroq hukumati nazorati ostida bo‘lgan sanoqli shaharlardan biri edi.

"Islomiy Davlat" guruhi va ularning ittifoqchisi bo‘lgan mahalliy sunniy arab qavmlari o‘tgan yil boshida Anbarni ishg‘ol etishni boshlashgandi.

Guruhning so‘nggi yutug‘i AQSh tomonini ham bee‘tibor qoldirmagan, Pentagon voizi o‘tgan juma kuni shaharchani qaytarib olish zaruriyati xususida so‘z yuritgandi.

Jon Kirbi janoblari bu - o‘tgan bir necha oyning ichida "Islomiy Davlat" erishgan birinchi yutuq ekaniga diqqat qaratgandi.

Uch yuzdan ortiq AQSh harbiylari joylashgan "Ayn al-Asad" bazasi esa, shaharchadan bor-yo‘g‘i 8 chaqirim uzoqlikda joylashgan.

Al-Bag‘dodiy "Islomiy Davlat" qo‘liga o‘tmasidan sal avval harbiy bazaning o‘zi ham jangarilar tomonidan hujumga tutilgan, bazaga qarshi xudkush hujumchilar ham tashlangandi.

Ammo AQSh boshchiligidagi ittifoq tomonidan havodan turib dastaklangan Iroq kuchlari ularning hujumlarini daf etishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Voqealarning boshqa bir rivojida esa, iroqlik taniqli shia ulamosi Muqtado as-Sadr o‘ziga xos bayonot bilan chiqqan.

Shia ulamosi "Islomiy Davlat"ga qarshi kurash olib borayotgan jangchilarini Iroq hukumat kuchlari safidan chiqarib olishini aytgan.

Muqtado as-Sadrning da‘vo qilishicha, bunga Uyushgan Xalq Kuchlari tarkibida bo‘lgan boshqa jangarilarning nomaqbul xatti-harakatlari sabab bo‘lgan.

Taniqli shia ulamosiga ko‘ra, bu kabi jangchilar "qatllar, odam o‘g‘irlash va muqaddas qadamjoylarni oyoq-osti qilish bilan hamma narsani ostin-ustun qilishmoqda".

"Islomiy Davlat" Iroq shimolida o‘z amaliyotlarini boshlagan o‘tgan iyun oyidan buyon shia jangarilari o‘nlab sunniy musulmonlarni olib qochish va o‘ldirishda ayblanishadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02