"Moskvada Vladimir Putin nomidagi masjid quraylik"

Xabarlarga ko‘ra, bunday murojaat bilan Moskva shahar hokimi Sergey Sobyaninga Rossiya musulmonlar jamoasi vakillari chiqishgan.

Ayon bo‘lishicha, Rossiya musulmonlarining "vatanparvar kayfiyatda bo‘lgan bu qismi prezident Vladimir Putin ismini ko‘pmillatli xalq yodida asrlarosha saqlab qolishmoqchi".

Bu haqda Rossiyaning "IslamNews" axborot agentligi xabar bermoqda.

Agentlikning bildirishicha, "Rossiya Birlashgan Islomiy Kongressi" raisi Shavkat-hoji Avyasovning bu xususdagi rasmiy murojaati nusxasiga ham egalar.

Ayni shu murojaat nusxasiga tayanib, agentlik tomonidan tarqatilgan xabarda aytilishicha, kongress raisi eng avvalo e‘tiqodidan qat‘inazar, Rossiyadagi barcha diniy tashkilotlar va fuqarolarni mamlakat rahbari tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga da‘vat etgan.

Avyasovning ushbu xabarda keltirib o‘tgan so‘zlariga ko‘ra, AQSh va boshqa G‘arb davlatlari Ikkinchi Jahon urushi natijalarini o‘zgartirish va sobiq Sho‘rolar Ittifoqining xizmatlarini bir tiyinga chiqarish maqsadida axborot urushiga qo‘l urishgan.

Uning ta‘kidlashicha, bu davlatlar, "Butun dunyoga tartibsizliklar urug‘ini sochib, qurol va iqtisodiy sanktsiyalar kuchi bilan boshqa mamlakatlarga axloqsiz, g‘arbona demokratiyasini tiqishtirishmoqda..."

Image copyright

"Bizning yuraklarimizdan Yaratganga bo‘lgan muhabbat va e‘tiqod, yaxshilik va adolatga bo‘lgan ishonchni sug‘urib olishmoqchi, bizning bir necha asrlik buyuk madaniyatimiz va xalqlarimiz tarixini o‘chirib tashlashmoqchi", - degan so‘zlaridan iqtibos keltirarkan, agentlik janob Avsyanovning bunga misol o‘laroq Muhammad payg‘ambar(s.a.v)ning ayrim G‘arb nashrlarida hajv etilishi hodisasini misol tariqasida keltirib o‘tganini ham bayon qiladi.

Buning ortidan esa, janob Avsyanov, "Rossiya uchun qiyin bo‘lgan ana shu pallada barchaning prezident Vladimir Putin atrofida birlashib, uni va Qrimni Rossiyaga qo‘shib olish qarorini qo‘llash lozim"ligini o‘qtiradi.

"Mamlakatdagi barcha din vakillarini oralaridagi ziddiyatni bir chetga yig‘ishtirib, shu kabi xavotirli bir paytda o‘z takliflarini dastaklash"ga da‘vat etadi.

Uning xabarda keltirib o‘tilgan so‘zlari mazmunidan ayon bo‘lishicha, "Rossiya musulmonlari birgina Vladimir Putinning sodiq tarafdorlari emas, balki uning "jangchilari" hamdir".

"Biz – Rossiya musulmonlarining vatanparvarlik ruhida bo‘lgan qismi ismi ko‘pmillatli xalqimiz yodida asrlarosha saqlanib qolishi uchun davlatimiz rahbariga murojaat qilib, Moskvada Vladimir Putin nomidagi masjid qurishimizga izn berishini so‘radik. Buning uchun yer uchastkasi ajratishini iltimos qilib, Moskva shahar hokimi Sergey Sobyaninga ham murojaat qildik", - deya bayon qilgan janob Avsyanov.

Ayni shu agentlik tomonidan tarqatilgan so‘nggi xabarlardan ma‘lum bo‘lishicha, kongress raisi bu xususdagi murojaatini Rossiya bo‘ylab yigirmata mintaqa rahbarlariga ham yuborgan.

Image copyright Getty

Bungacha Rossiyada prezident nomi bilan atalgan masjid faqat Chechenistonda qurilgan.

Bu masjid Checheniston sobiq prezidenti, marhum Ahmat Qodirov sharafiga uning nomi bilan atalgan.

2008 yilda uning o‘g‘li, Chechenistonning amaldagi prezidenti Ramzan Qodirovning shaxsan o‘zi tomonidan ochilgan.

Ushbu masjid ikki chechen urushidan vayron bo‘lgan poytaxt Grozniyning qayta tiklanishi ramzi sifatida barpo etilgan "Checheniston yuragi" kompleksining ichiga kiradi.

Masjid Ovro‘podagi eng yiriklaridan biri, deb ham ko‘riladi va unda bir vaqtning o‘zida 10 ming kishi namoz o‘qiy oladi.

Ushbu majmuadan, masjiddan tashqari, Islom universiteti, Diniy ishlar bo‘yicha qo‘mitasi, madrasa, Islomiy kutubxona va talabalar uchun yotoqxona ham o‘rin olgan.

Masjidni foydalanishga topshirilishidan sal avval borib ko‘rgan prezident Vladimir Putin, "u bilan nafaqat chechen xalqi va musulmonlari, balki butun Rossiya musulmonlari g‘ururlanishsa, arzishi"ni aytgandi.

Image copyright Reuters

Bungacha Vladimir Putin nomi qirg‘iz parlamentining qarori bilan Qirg‘izistondagi Tyanshan tog‘i cho‘qqilaridan biriga berilgan.

2002 yilda esa, bu tog‘ cho‘qqilaridan biri Rossiya marhum prezidenti Boris Yeltsin nomi bilan ham atalgan.

Bu - o‘z o‘rnida, Ukraina inqirozi va rasmiy Kremlning unda tutgan o‘rni bois, G‘arb tomonidan ustma-ust kiritilgan jazo choralari manzarasida Rossiyada prezident Putinni qo‘llab ilk bor o‘tkazilayotgan vatanparvarlik amaliyoti emas.

O‘tgan yil Rossiya rahbari aksi tushirilgan futbolkalar poytaxt Moskvadagi qimmatbaho do‘konlarda sotuvga chiqarilgan va turnaqator navbatlarga sabab bo‘lgan.

Buning ortidan, ayrim dizaynerlar xuddi shunday minglab futbolkalarni G‘arbda ishlab chiqarilganiga tekinga alishtirib berishga ham rozi bo‘lishgandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02