Ukraina inqirozi: "Putin yutib, G‘arb yutqizdimi?"

Image copyright AFP

Otashkesimga oid Minskda erishilgan yangi bitim ortidan, G‘arbning qator nashrlari xuddi shunday savol bilan chiqishgan va alal-oqibat, hamma qolib, Rossiya prezidenti, baribir, o‘zining niyatiga erishdi, degan xulosaga kelishgan. Debaltsevoda esa, janglar hanuz tinmagan.

Jumladan, Britaniyada chop etiluvchi nufuzli "The Independent" nashridagi tahliliy maqola ohangining anchayin keskinligi bilan o‘quvchining e‘tiborini o‘ziga tortadi.

"Agar, so‘nggi otashkesim bir oydan uzoqqa cho‘zilsa, bu - haqiqiy mo‘‘jiza bo‘ladi. Hatto, shunday bo‘lgan taqdirda ham, bu - faqat bir kishiga, u ham bo‘lsa, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga qo‘l keladi", - deb yozadi nashr.

Ushbu tahliliy maqola muallifi Ien Birrel nazdida, prezident Putin na-da hukumatlari va na-da aholisi yangi urush va yangitdan qurollanish istagida bo‘lgan G‘arbning zaif mavqeidan foydalanib qoldi: Amalda barcha tomonlarning Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishiga rozi bo‘lishlariga erishdi.

Muallifning yozishicha, agar, otashkesim ish bersa, "Rossiya prezidenti xuddi Gurjiston va Moldova misolida bo‘lgani kabi, o‘zining "xalq respublikalari"ni bufer hududlarga aylantirish rejasining uddasidan chiqadi".

"Putin Rossiyasi rahmsiz va shafqatsizligicha qolaveradi, xayolparastlikka hojat yo‘q", - deb davom etadi Ien Birrel.

Uning yozishicha, "Rossiya o‘z mavqe‘larini mustahkamlash maqsadida xalq orasida millatchilik va shovinizm tuyg‘ularini alangalatayotgan bir guruh korruptsioner sobiq KGBchilarning qo‘lida".

Bu odamlar Kremlni o‘z qo‘llarida tutib qolish uchun hech narsadan tap tortmasliklarini yaqqol namoyish etishdi. Bu - bizni hushyor torttirishi kerak", - deydi muallif o‘z maqolasida.

Uning yozishicha, buning o‘rniga G‘arbdagi so‘llar ham, o‘nglar ham Rossiyaning tarixni qayta o‘zgartirish g‘oyasi tashviqiga uchib o‘tirishibdi.

Buning esa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ham siyosiy va ham strategik oqibatlari bo‘ladi, deya davom etadi muallif.

Ukrainaning o‘zida esa...

Image copyright AFP

Birlashgan Millatlar Xavfsizlik Kengashi otashkesimga oid bitimni bir ovozdan ma‘qullagan bir manzarada, AQSh Rossiyani ayblab chiqqan.

AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden janoblariga ko‘ra, Rossiya otashkesimga oid Minsk bitimini buzmoqda.

"Agar, shu qabilida davom etaversa, bu - Rossiyaga yanada qimmatroqqa tushaveradi", - deb bayon qilgan janob Bayden.

Ukrainaning strategik jihatdan muhim sharqiy Debaltsevo shahrida esa, janglar hanuz davom etmoqda.

Rossiyaparast bo‘lginchilarning da‘vo qilishlaricha, shaharning aksariyat qismini allaqachon zabt etib bo‘lishgan.

Mahalliy ommaviy-axborot vositalarining so‘nggi xabarlariga tayanilsa, Ukraina hukumat qo‘shinlari asta-sekinlik bilan shaharni tark etishni boshlashgan.

Bu kabi xabarlar Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Debaltsevodagi ukrain harbiylarini taslim bo‘lishga undashi ortidan kuzatilmoqda.

Otashkesim ijrosini rioya etishga mas‘ul xalqaro kuzatuvchilar esa, hanuz shaharga kirolmay, boshlari halak.

Debaltsevo 25.000 kishilik aholisining aksariyati xavfsiz yerga ko‘chirilgan, ammo yetti mingga yaqin odamning hanuz shaharda qamalib qolishgani aytiladi.

Otashkesimga oid yangi bitim o‘tgan yakshanba kuni kuchga kirgan, uning deyarli to‘liq amal qilayotgani ham da‘vo qilinadi.

Ammo, bo‘lginchilarga ko‘ra, Debaltseveni qamal qilib turishgani uchun ham, bitim bu shaharchaga taalluqli emas.

Ustiga ustak, har ikki raqib tomon ham og‘ir qurollarini jang jabhasidan olib chiqishganicha yo‘q.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, qurolli nizolar boshlangan o‘tgan aprel oyidan buyon Ukraina sharqida 5600 dan ortiq inson nobud bo‘lgan.

Ammo haqiqiy raqamlar, bundan-da, ko‘p, degan xavotirlar ham yo‘q emas.

Image copyright BBC World Service

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02