"Rossiya Boltiqbo‘yi mamlakatlariga tahdid solmoqda"

Image copyright AFP

Britaniya Mudofaa vaziri Maykl Fallon aytishicha, Rossiya Boltiqbo‘yi davlatlari - Latviya, Litva va Estoniyadagi vaziyatni beqarorlashtirishga harakat qilishining real tahdidi mavjud.

Ushbu uch sobiq Sho‘ro respublikasi bugun NATO a‘zolari hisoblanadi va bu mamlakatlarga nisbatan yuzaga keladigan tahdid NATO tashkilotini Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvga olib kelishi mumkin, deb ishonadi janob Fallon.

Britaniya Mudofaa vaziri Maykl Fallonning jurnalistlarga aytishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainada Qrimni anneksiya qilib olishdek qo‘llagan usulini Boltiqbo‘yi mamlakatlarida qo‘llashga harakat qilishi mumkin.

"Men uning(Prezident Putinning) Boltiqbo‘yiga ko‘rsatayotgan bosimidan xavotirdaman, bu NATOni sinab ko‘rish yo‘li", deb aytgan janob Fallon, NATO Rossiya tomonidan bosqinchilikka tayyor bo‘lishi kerak, deb qo‘shib qo‘ygan.

Jurnalistlarning, bu Rossiya bilan yangi sovuq urush boshlanganimi, degan savolga Maykl Fallon "bu yangi sovuq urush emas, bu ancha qaynoq", deya javob qaytargan.

Image copyright Getty

"Biz Ukraina hududiga bostirib kirayotgan tanklar va harbiy texnikani ko‘rib turibmiz, shuningdek, biz Estoniya chegarachilarining patruli asirga olinganining guvohi bo‘layapmiz. Bunga siz La-Mansh osmonida paydo bo‘lgan Rossiya uchoqlarini, Shimoliy dengizga kirgan Rossiya suvosti kemalarini qo‘shing! Nazarimda, gap vaziyatni qizitish haqida ketayapti", degan Britaniya mudofaa vaziri.

"U hammaga tahdid solayapti. Agar biz, bu tahdid ayrim davlatlarga, Ukrainaga, Moldovaga yoki yana boshqa mamlakatga bo‘layapti, deb o‘ylasak xato qilgan bo‘lamiz. Biz bu tahdid butun qit‘aga, Ovro‘poga bo‘layotgan tahdid ekanini tushunib yetishimiz kerak", deb aytgan janob Falllon

"Biz jazo choralari siyosatini davom ettirishimiz kerak va Vladimir Putinga "siz qilayotgan narsalar bizga ma‘qul emas va agar siz o‘zingizni tutishingizni o‘zgartirmasangiz, bu iqtisodiy va moliyaviy oqibatlarga olib keladi" deb aytishimiz kerak", degan Maykl Fallon.

NATO nizomiga ko‘ra, shimoliy ittifoqqa a‘zo 26 Ovro‘po mamlakati, AQSh va Kanadadan birortasiga hujum butun NATOga hujum, deb ko‘riladi.

Yaqinda NATOning Britaniyadagi vakilligi Rossiya Ukraina sharqida eng zamonaviy artilleriya tizimini qo‘llagani haqida bayonot tarqatdi.

19 fevral kuni Angliya janubiy sohillarida Rossiyaning ikkita Tu-95 bombardimonchi uchog‘i paydo bo‘ldi.

Image copyright AFP

Zudlik bilan Britaniya harbiy-havo kuchlarining qiruvchi uchoqlari havga ko‘tarilgan.

Britaniya Mudofaa vazirligi tarqatgan bayonotga ko‘ra, Rossiya uchoqlari Britaniya havo hududini buzmaganlar.

Bundan oldin ham Britaniya sohillarida Rossiya bombardimonchi uchoqlari paydo bo‘lgan, BBC muxbiri Ross Xokins yozishicha, ushbu parvozlar bilan Rossiya o‘z kuchini ko‘rsatib qo‘yishni maqsad qilgan.

Britaniya Mudofaa vaziri Maykl Fallon bayonoti Kremlni g‘azablantirdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, bunday bayonot diplomatik odob doirasidan tashqaridagi bayonot, deb chiqdi.

Rossiyaga ko‘ra, Ovro‘poda vaziyatni Rossiya emas, aksincha NATO taranglashtirayapti.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Your contact details
Disclaimer