Muhammad Solih: Karimov xastamasligini isbotlash uchun o‘rtaga chiqib gapirsin

Islom Karimov 18 fevral kuni televizorda ko‘rsatilgan
Image caption Islom Karimov 18 fevral kuni televizorda ko‘rsatilgan

Islom Karimov O‘zbekiston televideniyasida ko‘rinish berganidan so‘ng, uning xastaligi borasidagi xabarlar shubha ostiga olingan. Bungacha O‘zbekiston Xalq Harakati sayti Islom Karimovni komada deb xabar tarqatdi. Xabar chiqqanidan so‘ng Karimov 21 kun xalqqa ko‘rinish bermagan. "O‘zbekiston" kanali 18 fevral kuni 6 fevralda Karimov ishtirok etgan qurultoyni ko‘rsatdi. Biz O‘XH rahbari Muhammad Solih bilan bog‘lanib izoh so‘radik.

Muhammad Solih: Birinchidan agar Karimov komaga tushmaganida edi, ba‘zilar da‘vo qilyotgandek, uning sihati haqidagi xabar dezinformatsiya bo‘lganida edi, O‘zbekiston televideniyasi 6 fevral emas, 16 fevraldagi chiqishini ko‘rsatgan bo‘lar edi. Ammo bunday ko‘rsatuv yo‘q. Bo‘lmaydi ham. Chunki Karimov o‘sha biz e‘lon qilgan kundan boshlab kasal yotibdi, kasalligi hali ham davom etyapti. Komada bo‘lmasa ham ahvoli yomon. Biz buni har kuni u yoqdan kelayotgan xabarlarga tayanib aytayapmiz, uydirayotganimiz yo‘q. Aslida bir davlat rahbarining kasalligi bu shaxsiy oilaviy ish emas, balki butun davlatning ishi. Shuning uchun ham uning xastaligi yoki tuzalganligi haqidagi gaplar xabar qiymatiga ega.

BBC: Boshqa partiyalarning ham qurultoyi o‘sha kuni emas keyinchalik efirga uzatildi. Bu Markaziy Saylov komissiyasi barcha nomzodlarni ro‘yxatga olganidan so‘ng qurultoylar tashviqot kampaniyasi sifatida ko‘rsatilayotgani bilan izohlanmoqda. Bu yerda qanday notabiiylik bor?

Muhammad Solih: Bunda notabiiylik bor. Boshqa partiyalarning qurultoyi o‘tgan asrda, ya‘ni texnologiya u qadar rivojlanmagan vaqtda ham o‘sha onning o‘zida e‘lon qilingan va televizorda ko‘rsatilgan. Men bugungi sharoitlarda 10 kun keyin ko‘rsatish degan narsani tushunmayman. Bu yerda shaxsiy emas, davlat ishlari haqida gap ketayapti. Agar Karimov sog‘lig‘ini isbot qilmoqchi bo‘lsa chiqib gapirsin. Biz haqimizda muxolifat yolg‘on gapiryapti, biz tirikmiz deb o‘rtaga chiqib gapirsin. Biz e‘lon qilgan kundan boshlab Karimov omma oldiga chiqib gapirgani yo‘q.

BBC: Biroq sizlar chiqargan xabarda Karimovning 6 fevraldagi O‘zLiDeP qurultoyiga kela olmagani yozildi?

Muhammad Solih: Kela olmagan. Hozir ham men o‘sha qurultoyda qatnashganiga shubha qilaman. Buni ta‘kidlayotganim yo‘q. 6 fevralda chiqqan bo‘lsa ham bugun ham kasal bo‘lmagan deb ko‘rsatishi kerak. Buning isboti yo‘q. Siz nimada ko‘ryapsiz? 6 fevralda olingan deb taqdim qilingan video parchada ko‘ryapsizmi? Bu isbot emas. Karimov haqiqatdan sog‘lom bo‘lsa va ishga chiqib yura olayotgan bo‘lsa har kuni ko‘rsatishi mumkin, aslida ko‘rsatishi ham kerak. O‘shandan beri birorta ham uchrashuv ko‘rdingizmi? Majlis yoki qabul o‘tkazgani haqida xabar bo‘lgani yo‘q.

BBC: Biroq Islom Karimovning mana shunday "yo‘qolib qolishi" oldin ham bo‘lgan. Xastalanganligi haqida xabarlar chiqqan?

Muhammad Solih: O‘lmasa biz yolg‘on gapirgan bo‘lamizmi? Albatta komaga kirish va chiqish mumkin. Yo o‘lishi mumkin. Tuzalib ketishi bizning yolg‘on gapirganimizni anglatmaydi.

BBC: Lekin sizlar tarqatgan xabarda Karimovning 6 fevraldagi qurultoyga kelolmagani yozildi. Ammo ko‘rsatuvda uning ishtirok etgani va dadil gapirganini ko‘rish mumkin?

Muhammad Solih: Dadil-dadil gapirayotgan bo‘lsa, bu gapni bugun ham chiqib gapirishi kerak. Biroq 6 fevraldan keyin biror yerda chiqish qilmagan.

BBC: Islom Karimov salomatligi borasidagi mish-mishlarni nima uchun chiqib, inkor inkor qilishi shart deb hisoblaysiz?

Muhammad Solih: Modomiki, 6 fevraldagini 10 kunda e‘lon qilayotgan bo‘lsa, buni yaxshilab isbot qilsin. Bunaqa yarim-yorti qilib emas. Shunday gaplar chiqqani uchun eski videoni chiqarib qo‘yishga majbur bo‘lyapti. Demak, yolg‘on bu. Haqiqatdan ham kasal bo‘lmagan bo‘lsa, o‘tiribdi deb ko‘rsatardi.

BBC: Oqsaroydan olayotgan manbalaringiz qanchalik ishonchli?

Muhammad Solih: To‘la ishonaman. Ishonmaganimizda bosmagan bo‘lardik.

BBC: Karimovning televideniyada ko‘rinish berishi ortidan ijtimoiy tarmoqlardagi foydalanuvchilar sizlar bergan xabarni yolg‘onga chiqara boshlashgan. Siz boshchilik qilayotgan harakat kimlarningdir qo‘lida vosita bo‘lib qolmayaptimi?

Muhammad Solih: Shunaqa deb gapirayotgan odamlar kimlarningdir qo‘lida vosita bo‘lib qolyapti. Bizga qarshi ig‘vo tarqatayotganlar o‘zlari bilmagan holda yoki bilgan holda qo‘g‘irchoq vazifasini bajaryapti. Biz to‘g‘ri deb bilgan xabarlarni yoyinlayapmiz. Bizning ob‘ektiv xabarchilikdan boshqa maqsadimiz yo‘q. Agar biror viloyatga borganda ham kasal emas, degan gapga isbot bo‘lmaydi. Chunki xabar paydo bo‘lganidan keyin 20 kun o‘tdi. Haligacha bir narsa ko‘rsatgani yo‘q. Ertaga tuzalib yuradigan bo‘lib ko‘chaga chiqsa, boraveradi. Bu bizning xabarimizni yolg‘on ekanligini isbot qilishga yetarli emas. Mana shu 15 kun ichida hech qayerga chiqqani yo‘q. Kasalligiga bizda ko‘proq isbot bor.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02