'Suiqasd ijrochilari jazolansin!'

Shvetsiyadan boshpana topgan o'zbekistonlik imom Obidxon qori Nazarovga uyushtirilgan suiqasd sanasi munosabati bilan o'zbekistonlik muhojirlar Shvetsiya va Turkiyada norozilik namoyishlari uyushtirganlar.

Namoyishchilar Shvetsiya hukumatidan jinoyatni sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortishga chaqirishgan.

Shuningdek, O'zbekistonda diniy va siyosiy ayblovlar bilan qamalgan mahkumlarga ozodlik berilishi talab qilingan.

Stokholmdagi Shvetsiya parlamenti binosi oldiga yig'ilgan o'zbek diasporasi vakillari Obidxon qoriga suiqasd uyushtirgan jinoyatchilar hali ham jazoga tortilmaganiga e'tibor qaratishgan.

Stokholmdagi namoyish ishtirokchilaridan Abdulaziz BBC bilan suhbatda parlament binosi qarshisiga chiqib tergov jarayoni qoniqarsizligi va Obid qorining xavfsizligini ta'minlashga etarli e'tibor berilmagani kabi masalalar ko'tarilishini bildirdi.

“Tergov jarayonlarida, sudda qotillik uyushtirgan shaxslarning aybini isbotlashda etarli dalillarni taqdim qila olmadi. Bundan tashqari xavfsizlik xizmatlarida qori akaning butun ma'lumotlari bor edi. Bundan oldin ham bo'layotgan xavflar haqida xabar qilingan bo'lsa-da, lekin shu narsaga etarlicha e'tibor berilmagan”, - deydi Abdulaziz.

Namoyish tashkilotchilarining qo'shimcha qilishicha, ular Shvetsiya hukumatidan o'zbekistonlik hamkasblari bilan rasmiy uchrashuvlarda diniy va siyosiy mahbuslarni ozod etishni so'rab bosim o'tkazishga chaqirmoqda.

Qochqinlar Shvetsiyada yangi hukumat saylanganini va ularning muammosi hali ham davom etayotganini ularga bildirishni istayotganini aytishdi.

“Shvetsiyada yangi hukumat va bu hukumatning tarkibidagi odamlar ham muammolarning o'tmishda emas, balki hozirgi kunimizda ham davom etayotganini his qilishlarini bildirmoqchimiz”, - deydi Abdulaziz.

Yig'ilganlar jinoyatni sodir etgan shaxs rossiyalik bo'lgani uchun Rossiya hukumati va ushbu jinoyatni etarlicha tekshirmagani uchun Shvetsiya hukumatini tanqid qilgan.

Shu kabi namoyish Turkiyaning Istanbul shahrida ham bo'lib o'tgan.

Namoyishchilar Turkiyada o'zbekistonlik imom Abdulla Buxoriyning otib o'ldirilganiga e'tibor qaratishgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq