Atambayev Minskdagi qotillik yuzasidan Lukashenkoga murojaat qildi

Image copyright president.kg
Image caption Almazbek Atambayev

Qirg‘iziston Prezidenti Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoga murojaat qilib, poytaxt Minskda uyushgan jinoiy guruh rahbarlaridan biri sifatida ko‘rilgan Almanbet Anapiyayevning o‘ldirilishiga oid muayyan jihatlarga diqqat qaratishni so‘ragan.

Almazbek Atambayev o‘z bayonotida sobiq prezident Qurmonbek Bakiyevning oilasini "qonxo‘r Bakiyevlar" deya ta‘riflagan.

Prezident matbuot xizmati tarqatgan bayonot: "Belarus hukumati Bakiyevlarning qonxo‘r ekanini tushunishi uchun ular yana kimni o‘ldirishi lozim?" degan savol bilan boshlanadi.

"Bakiyevlar ishtirokida Minskda sodir etilgan so‘nggi jinoiy hodisa Belarus hukumatini ham tashvishga solishiga ishonaman", deyiladi Almazbek Atamboyevning bayonotida.

Ayni paytda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Bakiyevlar oilasi ayrim a‘zolari hamda gumondorlarni ekstraditsiya qilishni so‘rab Minskga maxsus maktub yo‘llagan.

Kecha kechqurun o‘zini "Almanbet Anapiyayevning qo‘riqchisi" deb tanishtirgan shaxsning Ichki ishlar vazirligi tergovchilari tergov qilayotgani aks etgan tasvirlar Qirg‘iziston Milliy telekanali orqali efirga uzatilgan.

Image copyright interpol
Image caption Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, Almanbet Anapiyayev sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevning ukasi Janish Bakiyev bilan yaqin aloqada bo‘lgan

Ismi sharfi Gүljigit Abilazizov ekani aytilgan shaxs Anapiyayev o‘ldirilishidan olgan u yashagan uyga qudratdan ag‘darilgan prezident Qurmanbek Bakiyevning ukasi Janibek Bakiyev va uning atrofidagi kishilar kelganligini aytgan.

Ammo, jamoatchilik televizion orqali namoyish etilgan tergov jarayoni qanchalar haqiqiy ekani savol ostiga olinmoqda.

Odatda Ichki ishlar organlari og‘ir jinoyatlarga aloqador tafsilotlarni tergov jarayoni nihoyasiga yetib, ishonchli va naiq xulosa qilinmagunga qadar e‘lon qilmasligi lozim.

Bir hafta muqaddam Belarus poytaxti Minskda Qirg‘iziston uyushgan jinoiy guruh rahbarlaridan biri sifatida ko‘rilgan Almanbet Anapiyayevning jasadi "Mersedes-Bents" avtomobilidan topilgan.

Belarus Tergov qo‘mitasi marhum o‘ldirilishidan oldin qiynoqqa solingani haqida aytgan.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, Almanbet Anapiyayev sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevning ukasi Janish Bakiyev bilan yaqin aloqada bo‘lgan.

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida Almanbet Anapiyayev 2010 yil iyunida Qirg‘iziston janubida yuz bergan qonli nizolar ortida turganlardan biri ekani ham aytilgandi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02