Islom Karimovning dasturi “vafo qilinmagan va‘dalar takrori”mi?

O‘zbekiston rasmiy matbotida prezidentlikka Islom Karimovning saylovoldi dasturi e‘lon qilingan.

Islom Karimov o‘z dasturida rivojlanishning o‘zbek modeli naqadar to‘g‘ri ekanligi o‘tgan yillar ichida tasdiqlanganini bildirgan.

Uning ta‘kidlashicha, O‘zbekiston qisqa muddatda sobiq ittifoqning mintaqada paxta yakkahokimligiga qaram bo‘lgan, qashshoqlik yoqasiga kelib qolgan hududdan xalqaro maydonda munosib o‘ringa ega bo‘lgan bir tekis va barqaror rivojlanib borayotgan mamlakatga aylangan.

Mamlakatni qariyb 26 yildan beri boshqarib kelayotgan va bir necha bor O‘zbekiston konstitutsiyasiga qudratda qolish uchun o‘zgartirishlar kiritgan Karimovning qayd etishicha, o‘tgan yillarda mamlakat qiyofasi, shahar va qishloqlar butunlay o‘zgargan.

Odamlarning daromadi oshgan, ular “o‘z yeri va o‘z taqdirining egasiga” aylangan.

Karimovning so‘zlariga qaraganda, mamlakat yalpi ishlab chiqarish darajasi oxirgi o‘n yilda 8 foizga ortgan, mamlakat iqtisodi besh barobar oshgan, aholi jon boshiga daromad 8,7 foizga ko‘paygan.

Prezidentlikka nomzodning ta‘kidlashicha, aholi oldida davlat qarzi yo‘q, eksport darajasi barqaror sur‘atlarda oshib borayapti.

Karimov shuningdek, ushbu yutuqlardan havolanib ketmaslik va o‘z-o‘ziga hisob berib, bosib o‘tilgan yo‘l oldindagi murakkab yo‘lning bir qismi ekanini unutmaslik kerakligini eslatib o‘tgan.

“Vafo qilinmagan va‘dalar takrori” Karimov o‘z o‘rnida yana va‘dalar berishni unutmagan.

BBCUZBEK ning Facebook dagi sahifasida Karimovning dasturiga ishonasizmi qabilida qo‘yilgan savolga ko‘pchilik “yo‘q” deb javob bergan.

O‘z sharhini qoldirgan o‘quvchilardan biri Islom Karimov dasturini “vafo qilinmagan va‘dalar takrori” deb atagan.

Islom Karimovga binoan, iqtisodda raqobatbardoshlikni ta‘minlash, xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikka to‘liq erkinlik berish, xususiy mulkdorlarning huquq va manfaatlarini himoyasi uchun sud idoralarining ahamiyatini oshirish, iqtisodda davlatning hissasini kamaytirish, qishloq xo‘jaligini yaqin besh yilda rivojlantirish choralarini ishlab chiqish, mamlakatga investitsiyani jalb qilish, aholi bandligini ta‘minlash, aholining turmush darajasini ko‘tarish, barcha mamlakatlar, eng avvalo qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro foydali hamkorlikni va birdamlikni mustahkamlash asosiy vazifalari bo‘lishini ta‘kidlab o‘tgan.

O‘zbekistonni 1989 yildan beri boshqarib kelayotgan Islom Karimovning saylovoldi dasturi avvalgilaridan deyarli o‘zgarmagan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, aynan ana shu sanab o‘tilgan vazifalar o‘tgan yillar davomida dolzarbligicha, hal qilinmay qolayotgani ham bor gap.

Birgina aholi bandligi olinadigan bo‘lsa, aholining ishga yaroqli katta qismi chetda, asosan Rossiyada mehnat muhojirligida band bo‘lib kelgan.

Mamlakatdagi malakali mutaxassislarning chetga ish izlab ketishga majbur bo‘lishi natijasida, maktab va oliy o‘quv yurtlarida ta‘lim sifati pasaygan.

Xususiy mulkdorlar va chet ellik investorlar mamlakatda ildiz otgan korruptsiya, qator qonunbuzarliklar tufayli mulklaridan ayrilganlari, ko‘p hollarda mamlakatni tark etishlariga to‘g‘ri kelgani kuzatilgan.

Aholining daromadi ko‘p hollarda chetga tirikchilikka ketgan mehnat muhojirlarining yuboradigan pullariga bog‘liq bo‘lib qolayotgani aytiladi.

O‘zbekiston ayni paytda aholisidan chiqish uchun viza talab qiladigan sanoqli mamlakatlardan bittasi.

Xususan, qo‘shni Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham viza tartibi joriy etilgan.

Islom Karimovdan tashqari prezidentlikka uch nomzodning dasturlari ham davlat matbuotida e‘lon qilingan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02