Anna Duritskaya Nemtsov o‘limiga oid ma‘lumotlarni eslolmaydi

Image copyright AP

Borits Nemtsov o‘ldirilishidan oldin Moskvoretsk ko‘prigida uning yonida bo‘lgan yagona guvoh ukrainalik fotomodel Anna Duritskaya hodisa tafsilotlarini gapirgan. Biroq u ko‘p narsalarni eslay olmasligini aytgan Rossiya ommaviy axborot vositalariga.

U o‘zining og‘ir ruhiy holatdaligini va kim bu qotillikni sodir etishi mumkinligi haqida taxmin qilolmasligini qayd etgan "Dojdь" telekanaliga bergan intervьyusida.

Duritskaya xonimga ko‘ra, Rossiya tergov qo‘mitasi xodimlari uning harakatini to‘liq nazorat ostiga olgan va Ukrainaga, kasal yotgan onasi yoniga ketishiga ruxsat berishmayapti. Shuningdek, u Ukraina konsuli bilan ko‘rishishga ruxsat berilmaganidan shikoyat qilgan.

"Rasman meni qo‘yib yuborishlari kerak. Chunki men gumonlanuvchi emas, guvohman. Ular sababini tushuntirishmayapti, mening orqamdan qo‘riqchi qo‘yilgan, Ukrainaga ketish imkonim yo‘q", deb aytgan Duritskaya.

Duritskaya Nemtsovning motam marosimiga bormasligini, bu qarorni o‘zi qabul qilganini bildirgan.

Duritskaya Nemtsov bilan uch yildan buyon tanish bo‘lgani, GUMdagi Bosco kafesida o‘tirganlari va taxminan 23:15 larda Maloy Ordыnkadagi Nemtsov uyiga qarab piyoda yo‘lga tushganlarini gapiradi. Nemtsovga o‘q uzgan odam uning orqasida bo‘lgani uchun ko‘ra olmagan.

"Men voqea joyidan ketgan mashinani ko‘rdim, lekin nomeri, markasi, rangi haqida hech narsa deya olmayman", deydi Duritskaya "Exo Moskvы" radiostantsiyasi muxbiriga.

Duritskaya "Tez yordam" va politsiya nomerini so‘rash uchun o‘tib ketayotgan mashinaga qarab yugurgan. Haydovchi unga yordam bergan, biroq o‘zi shok holatida bo‘lgani sababli uni ham eslay olmasligini aytadi Duritskaya.

Qotillik ro‘y berganda videokamera muhrlagan tasvirdagi odamlar haqida ham hech narsa eslay olmaydi. Duritskayaning aytishicha, politsiya juda tez yetib kelgan va o‘zi politsiya mashinasida o‘tirgani uchun "tez yordam" qachon kelganini ko‘rmagan.

"Nimani bilsam hammasini gapirdim"

Ukrainalik modelning so‘zlariga qaraganda, qotillikdan keyin uni yetti soat so‘roq qilishgan.

Ukrainalik modelga ko‘ra, uni yetti soat so‘roq qilishgan. Hozir ham surishtiruv ishlari davom etyapti. U o‘zi nimani bilsa, hammasi haqida gapirib bergan.

Duritskaya ayni paytda Nemtsovning do‘stlari kvartirasida yashayotgani, lekin tashqarida politsiya qo‘riqlayotgani, o‘zini shaharga mustaqil chiqishga qo‘yilmayotganidan norozi bo‘lgan.

"Men tushunmayapman, nima uchun meni onamni oldiga ketishimga qo‘yishmayapti. Ular men mamlakatdan chiqib ketishga haqqim borligini aytishyapti, lekin aslida meni ushlab o‘tirishibdi".

"Onam og‘ir ahvolda, men politsiyaga nimani bilsam aytdim, lekin nega qo‘yvorishmayotganini tushunmayapman".

"Duritskayaning taxminicha, uni poligraf so‘rog‘idan ham o‘tkazishlari mumkin. Biroq himoyachisiga ko‘ra, bunday jarayonni ular rad qilishadi.

"Agar so‘roqda yangi ko‘rsatmalar bo‘lmasa va aytilganlarning rostligini tasdiqlash kerak bo‘lsa, biz bu jarayondan o‘tishni rad qilamiz. Annaning rost gapirayotganiga shubha yo‘q. Keyin u hozir shok holatda va poligraf yana ham bu holatni kuchaytiradi", deydi advokat Proxorov.

Ayni paytda 27 fevralda Moskva markazida o‘ldirib ketilgan Boris Nemtsovning o‘limida bir necha taxminlar ilgari surilgan.

Nemtsovning siyosiy faoliyati, Ukrainadagi voqealar va Sharli Hebdo jurnali karikaturalariga nisbatan bildirgan mavqei bunday taxminlar sifatida keltirilmoqda.

Shuningdek, Moskva shahar hokimiyati Nemtsov o‘limi payti ko‘prikdagi videokamera remont ishlari bois o‘chirib qo‘yilgani haqida tarqalgan xabarlarni rad qilgan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02